Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:43

Hukumat majburiy formadan voz kechdi. Andijon maktabi¸ aksincha¸ bu talabni kuchaytirdi


Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabi direktorining ota-onalarga Telegram kanali orqali yo‘llagan audioxabarida 1 sentabr kuni hamma o‘quvchining yagona maktab formasida kelishi buyurilgan.

Direktor yagona forma sotib olishni istamagan ota-onalarga keskin ohangda farzandlarini boshqa maktabga ko‘chirishni "tavsiya qiladi".

Audioyozuvni Ozodlikka yuborgan ota-onalarning aytishlaricha, maktab direktori bunday formalarni qaysi tikuvchiga tiktirish haqida ham aniq ko‘rsatma bergan.

Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limi mulozimi har bir maktab direktori o‘z ichki Nizomi bo‘yicha ota-onalar bilan kelishgan holda forma joriy etishga haqli ekanini aytdi. Ayni paytda¸ bu formaning qanchalik majburiyligi haqida izoh bermadi.

Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida to‘rt farzandi o‘qiydigan onalardan biri maktab direktori Nargiza Abdurahmonovaning ota-onalarga Telegram kanali orqali yuborgan audioxabarini Ozodlikka taqdim qildi.

Bolalariga maktab rahbariyati bosim o‘tkazishidan xavotirlangan bu ona shaxsi sir qolishini so‘radi. Audioxabarda¸ maktab direktori deb ishonilayotgan shaxs, ota-onalarga sentyabrdan o‘z maktabida o‘qiydiganlarning bir xil formada kelishi majburiy ekanini aytadi.

“Mening maktabimda ichki tartib bergilangan, shunga ko‘ra hamma o‘quvchilar formada bo‘lishi shart. Vazirlar Mahkamasining 666-qarorini ta’minlash maqsadida, biz rahbarlarga majburan qildirdi. Majbur qilgani uchun men shu narsaga yondashdim. O‘quvchilar orasidagi tenglik bu formadan boshlanadi. Bolani tabaqaga bo‘lishliklar ana shu formasizlikdan boshlanadi. Shuning uchun forma¸ albatta, bo‘ladi. Troyka, ya’ni to‘q ko‘k shim, kostyum, kamzul. Qizlarga to‘q ko‘k kamzul, kostyum, yubka, bantik, oq kolgotka. Mening maktabimda u kimning farzandi bo‘lishidan qat’iy nazar¸ o‘quvchi bo‘lib qolishi shart. Agar mening formam sizga ma’qul kelmasa, marhamat bolangizni boshqa maktabda o‘qitishingiz mumkin”.

Telegram kanali orqali yuborilgan audioxabarda maktab direktori formani qaysi tikuvchidan olishni ham qayta-qayta maslahat beradi.

“Meni agitatsiya qilayapti ekan¸ deb o‘ylamanglar. Boshqa joylarnikini ham ko‘rdim, unchalik emas. 1-maktabning yonboshida Nilufar degani bor, o‘sha ysrga borib ko‘ringlar, 13-maktab deb olaveringlar. Mening u bilan tanish-bilishchiligim yo‘q, harqalay u qizning formalari sifatli”.

To‘rt farzandining har biriga eng arzoni 180 ming bo‘lgan formadan juft-juftlab olib berish¸ Ozodlik gaplashgan onalardan biriga ko‘ra¸ oila hamyoniga og‘irlik qilmoqda.

“Direktor “bu mening maktabim, hammang bir xil forma tiktirishga majbursan, xohlamasang, ana katta ko‘cha” deb aytayapti. Vaholanki, hukumat yagona maktab formasi bo‘lishni 2024 yilgacha kechiktirgan edi. Direktorimiz mana shu adresda chevar bor, o‘sha yerda tiktirasizlar, u bizning maktabimizni etiketkasi bilan tikib beradi, deyapti. Birinchi sinfga formani 180 ming so‘mga tikadi ekan. Katta bolalarga yanada qimmat. Bozordan olsak ancha arzonga tushadi. Ko‘p bolali oilalarga ancha og‘ir bo‘ladi. O‘tgan yili oq-qora qilib kiyintirgan edik. Keyin to‘q ko‘k ranglisidan olinglar deyishdi. Majbur yana bozordan borib shu rangdagisini oldik. Endi yana o‘sha chevarga borib tiktirishimiz kerak ekan”¸ deydi har yili o‘zgarayotgan forma olishdan bezib qolganini aytgan ona.

13-umumta’lim maktabi direktori Nargiza Abdurahmonovaning mobil telefoni o‘chirilgani bois¸ u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi har bir maktab o‘zining ichki Nizomi bo‘yicha¸ ota-onalar bilan kengashgan holda¸ bir xil maktab formasini joriy qilish huquqiga ega ekanini bildirdi.

“Yangi o‘quv yilidan O‘zbekistonda yagona maktab formasi savdosi haqidagi qaror to‘xtatilganidan keyin, hech narsa o‘zgarmadi. Har bir maktab 2024 yilgacha, o‘zining ichki Nizomidan kelib chiqib, bir xil formani qo‘llab turaveradi. Albatta, bunda ota-onalar Kengashi bilan maslahatlashiladi. 13-maktab esa o‘sha 666-qaror bo‘yicha formani 90 foiz tiktirib bo‘lgan edi, endi o‘sha qolgan 10 foizi ham qatordan qolmasin deb tashviqot qilayapti”.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan Andijon shahridagi maktablardan birining direktori, maktab ichki Nizomida hamma o‘quvchilar bir xil andazadagi forma bilan maktabga kelishi majburiyligi yozilmaganini aytadi.

“Hamma maktabning Nizomida bolalar maktabga formada kelsin deyilgan, to‘g‘ri. Lekin maktab etiketkasi tikilgan bir xil rangdagi formada kelsin¸ deyilmagan. Asosiysi¸ qora yoki ko‘k rangdagi kostyum, shim va oq ko‘ylak bo‘lsa, bo‘ldi. Ba’zi maktab direktorlari o‘zining maktabi zo‘rligini ko‘rsatish uchun ham shunaqa shartlar qo‘yadi”.

Ozodlik gaplashgan andijonliklar¸ shahardagi 13-maktabning Andijondagi¸ asosan¸ boylar bolalari o‘qiydigan oldi maktab ekani¸ maktab direktorining hokimiyat tizimlaridagi homiylari ko‘pligini iddao qildi.

2018 yilning15 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Bu qarorga ko‘ra, maktab formasi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab ixtiyoriy, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilangan edi.

Joriy yil 31 may kuni prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari¸ prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva Facebook sahifasida quyidagi mulozahalarni e’lon qildi:

"O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik. Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz. Qisqasini aytganda — oldin sharoit, keyin talab".

Prezident qizining bu gapidan so‘ng, 2019 yilning 18 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 15 avgustdagi 666-qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga muvofiq, yagona maktab formasi joriy qilish besh yilga kechiktirildi.

XS
SM
MD
LG