Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:24

Oiladagi zo‘ravonlikka qaramay¸ eri bilan yarashtirib kelingan ayol kaltaklanishdan o‘ldi


O‘zbekistonda oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollarning shikoyati ko‘p hollarda mahalladan nariga o‘tmaydi.
O‘zbekistonda oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollarning shikoyati ko‘p hollarda mahalladan nariga o‘tmaydi.

Surxondaryoda oilasidagi zo‘ravonliklarga qaramay mahalla oqsoqollari va Xotin-qizlar qo‘mitasi bosimi ostida eri bilan muntazam yarashtirib kelingan ayol kaltaklanish oqibatida olgan og‘ir jarohatlardan kasalxonada vafot etdi.

Qarindoshlarining Ozodlikka aytishicha, eri mast holatida ayolni temir bilan tanasi va boshiga vahshiylarcha urgan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish​ bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va tergov borayotganini bildirdi.

Xotinini urib o‘ldirganlikda gumonlanayotgan er hibsga olingan. Oilaning 5 va 9 yashar farzandlari marhumaning oilasi qaramog‘ida qolmoqda. Marhuma yaqinlari ayolni urib o‘ldirgan erkakka qo‘yilgan aybdan norozi ekanini aytmoqda.

Shu yilning 9 iyun kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani Botosh mahallasida ikki farzandning onasi bo‘lgan 32 yashar Maqsuda Alimardonova bosh suyagining bir necha joyidan sinishi va tanasidagi boshqa bir qancha gematomalar bilan tuman kasalxonasining shoshilinch tibbiy bo‘limiga yotqizildi.

Bir kun o‘tib ayol olgan jarohatidan hayotdan ko‘z yumdi.

Bu haqda ayolning qarindoshlari 11 iyul kuni Ozodlikka ma’lum qildi.

Ular ayolning a’zoyi-badani momataloq bo‘lib kasalxonada yotgan suratini ham tahririyatga taqdim etishdi.

Eri kaltaklagan ayol kasalxonada o‘ldi.
Eri kaltaklagan ayol kasalxonada o‘ldi.

Marhumaning onasi Ziyoda Meliqulovaning iddao qilishicha, kuyovi R.J ( aybsizlik prezumpsiyasi tufayli ism oshkor qilinmayotir-tahr.) mast holatda qizi Maqsudani o‘lasi qilib kaltaklab, armatura bilan bosh suyagini sindirib tashlagan.

- Kasalxonaga yotqizilganida ko‘rgani borsak tanib bo‘lmaydigan holatda yotibdi. 10 iyunga o‘tib hushiga kelmasidan qizim jon berdi. Mana bir oydan oshdi, militsiya yoki prokuraturadan boshqa hech kim so‘rab ham kelgani ham yo‘q, - deydi Meliqulova.

Surxondaryo viloyati prokuraturasining Ozodlik bog‘langan mulozimi voqea yuzasidan Jinoyat Kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov qilinayotgan, xotinini kaltaklaganlikda gumonlanayotgan 37 yoshli R.J qamoqqa olinganini bildirdi.

Ziyoda Meliqulova qizining eri tomonidan muttasil kaltaklab¸ xo‘rlab kelinganini aytadi.

– O‘n yillik turmushi davomida eri bilan 38 marta janjal bo‘ldi. Har safar eridan kaltak yeb kelganida yarashtirish komissiyasi, sektor, ayollar qo‘mitasi va mahalla o‘rtaga tushib yarashtirishdi. Oxiri mana bunday bo‘ldi, - deydi Meliqulova.

Ozodlikka gapirgan marhumaning qo‘shnilari ham ayolning 37 yoshli eri ichkilikka mukkasidan ketgani, har gal ichib kelsa oilada janjal chiqarib xotinini kaltaklab, muttasil ruhiy va jismoniy azob berib kelganini aytdi.

- O‘limidan uch kun oldin ham mast bo‘lib kelib urgan, bo‘g‘ib, qo‘lini sindirgan, - deydi yaqin qo‘shnilaridan biri.

Mahalla raisi Shuhrat Xurramov esa 2017 yil noyabr oyida er-xotin janjallashganda o'zi va boshqa mulozimlar oraga tushib ularni yarashtirgani va o‘shandan buyon ayol eri kaltaklashi haqida shikoyat qilmaganini aytdi.

- Oxirgi marta urishib kelganida ikki farzandining bittasi otasining yoniga kelgan. Shunday bo‘lganidan¸ keyin kelinimiz farzandini o‘yladimi, bular qo‘shilishdi. Xotin -qizlar qo‘mitasi ham aralashib bularni yarashtirib qo‘ydi. O‘shandan buyon ayol eridan shikoyat qilmagan edi. Bularning men qo‘shnisi ham bo‘laman-da, telefon nomerimni ham berib qo‘yganman ularga, xabar berib turasiz deb, lekin shikoyat qilmagan. Ko‘z-ko‘zga tushganida ham “rais buva erimning munosabati yana o‘zgardi”, deb aytmagan. Agar xabar bersa¸ bunaqa bo‘lmas edi, - deydi Xurramov.

Oltinko‘l tumani kasalxonasida hamshira bo‘lib ishlagan Maqsuda Alimardonovaning o‘n yillik turmushidan 9 va 5 yoshli ikki farzandi qoldi.

Ziyoda Meliqulova qizidan qolgan nabiralarini qaramog‘iga olgan.

Bolalarning otasiga qo‘yilayotgan ayblov isbotini topsa u 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga qamalishi mumkin.

Maqsuda Alimardonovaning akasi Zafar Alimardonov o‘z singlisining o‘limiga sababchi bo‘lgan kuyoviga Jinoyat kodeksining 104-moddasi qo‘yilayotganidan norozi ekanini aytadi.

- 104 modda - Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish. Bu yerda vahshiy qotillik bo‘layapti, qasddan qilingan qotillik va bu ish Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha tergov qilinishi kerak, - deydi Zafar Alimardonov.

O‘zbekistonda oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar shikoyati ko‘p hollarda mahalla qo‘mitasidan nariga o‘tmaydi.

Er-xotinlarga ajralish uchun sudga ariza topshirishdan avval mahalla qo‘mitasidan ruxsat olish shart qilib qo‘yilgan.

Zo‘ravonlikdan to‘yib¸ ajrashishga qaror qilgan ayollar esa mahalla oqsoqollari va Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlarining “sabrli bo‘lish¸ er va qaynonaga itoat qilib yashash kerak”, "er-xotinning urushi, doka ro‘molning qurishi", degan nasihatlari bilan ahdidan qaytariladi.

Ichki ishlar bo‘limlari ham eridan kaltak yegan ayollarning shikoyatlarini kamdan-kam holatda registratsiya qiladi yoki ko‘rib chiqadi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoyalovchi qonuniy mexanizmlar yo‘qligini tanqid qilib keladi.

Jahon bankining "Ayollar, biznes va qonunlar - 2016" deb nomlangan hisobotida O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni taqiqlovchi qonunlar yo‘q bo‘lgan 46 davlatning biri ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG