Линклар

Шошилинч хабар
21 август 2019, Тошкент вақти: 10:16

Chechenistonda hukumat ruxsat bermagan qo‘shiqni kuylash taqiqlandi (VIDEO)


Checheniston madaniyat vaziri Xoj-Baudi Daaev ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlari tomonidan mashhur bo‘lib ketgan chechen pop-xonandalariga hukumatning ruxsatisiz qo‘shiq kuylash va konsert berishni taqiqladi. Daaevning musiqachilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqidagi lavha Chechenistonning davlatga tegishli "Grozniy" teleradiokopaniyasida namoyish qilindi.

Amaldorning so‘zlariga qaraganda, chechen xonandalari duch kelgan joyda va har qanday qo‘shiqni kuylashlari kerak emas, chunki "respublikada ota, hukumat va qonun bor".

Lavhada ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda YouTube «chechen urf-odatlari va an’analarini chetlab o‘tib» keng omma oldida chiqish qilayotgan o‘zini artist deb hisoblovchilar uchun maydonga aylanib qoldi. Shu bilan birga an’anaviy chechen ansambllari va ijrochilari "jahonning turli burchaklarida chechen madaniyati go‘zalligini namoyon qilayotgani – bu respublika madaniyat vazirligining ko‘p yillik mehnati samarasidir". "Grozniy" jurnalistining so‘zlariga qaraganda, aynan vazirlik tomonidan tashkil etilgan mexanizm tufayli chechen usuli saqlab qolingan, unda ortiqcha biror bir narsa yo‘q.

"Bugungi kunda Checheniston artistlari – bu qat’iy libos va kamtarona ijrodir, o‘zini havaskor artistlar deb atovchilar esa Checheniston respublikasida o‘rnatilgan me’yorlar doirasidan chiqib ketishgan", – deydi kadr ortidan telekanal muxbiri.

Shundan so‘ng madaniyat vaziri Daaev o‘zining xonasida pop-ijrochilardan birining ishtirokidagi klipni tomosha qiladi va bu klipda «birorta ham so‘z yo‘qligini», «birorta ham naqorat yo‘qligini» ta’kidlaydi. Amaldorning aytishicha, agar kimdir artist bo‘lmoqchi bo‘lsa, unda albatta Madaniyat vazirligi qoshidagi maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan repertuar bo‘lishi kerak. Bu komissiya Checheniston rahbari Ramzan Qodirov topshirig‘iga ko‘ra tashkil etilgan va qo‘shiq «musiqasi va so‘zlari chechen madaniyatiga mos kelishi»ni tekshiradi. Shundan keyingina, ya’ni bu komissiya tomonidan rasman ma’qullaganidan keyingina, qo‘shiq "xalq hukmiga havola qilinishi mumkin".

Checheniston madaniyat vazirining e’tiroziga sabab bo‘lgan Ayub Vaxaragovning qo‘shig‘i

Va nihoyat Daaevning xonasida qo‘shiqlari madaniyat vaziriga yoqmagan ijrochilar– Ayub Vaxaragov, Iman Temirbulatova, Xava Elmurzaeva, Makka Damaeva, Xava Ustarxanova va Zareta Magomedovalar paydo bo‘ladi. Ular o‘rtasidagi suhbat chechen tilida bo‘lib o‘tdi, "Kavkaz.Realii" saytining tarjimasiga ko‘ra, Daaevning aytishicha, xonandalar o‘z qo‘shiqlarini munosib ijro etmayaptilar, chunki ularda «musiqa haqida tassavur yo‘q». Ularning Checheniston tashqarisida va to‘ylardagi chiqishlarini Daaev "sharmandalik" deya atadi. Shuningdek madaniyat vaziri duch kelgan joyda va og‘ziga kelgan qo‘shiq kuylanmasligini ta’kidlaydi, chunki "respublikaning otasi, xukumati va qonunlari bor". "Bu masalada hazillashishga hech kimga yo‘l qo‘ymaymiz", – deydi amaldor.

Lavha yakunida taklif qilingan artistlar kameralar qarshisida ko‘rinish beradilar va «o‘z bilganlaricha» ijod bilan shug‘ullanmaslikka so‘z berdilar. O‘z navbatida telekanal muxbiri "internet-artistlarini fosh qilish ishlari davom etishi"ni ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG