Линклар

Шошилинч хабар
08 декабр 2019, Тошкент вақти: 21:20

Samarada zaharlangan 69 o‘zbekistonlikdan 3 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda


Illyustrativ surat

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Samara viloyatida zaharlangan va shifoxonada qolayotgan 69 o‘zbekistonlik, shu jumladan 1 bola tibbiy hamda huquqiy yordam bilan ta’minlanganini ma’lum qildi.

21 iyul kuni tarqatilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 3 muhojir jonlantirish bo‘limida barqaror-og‘ir ahvolda qolmoqda.

Muhojirlarning yoppasiga zaharlanishi sabablari esa hanuz noma’lum.​

Ozodlik Samarada qishloq xo‘jaligidagi ishlarni bajarib, pul ishlayotgan muhojirlar zaharlangani haqida 18 iyul kuni xabar qilgan edi.​

Tashqi ishlar vazirligi saytida berilgan xabarga ko‘ra, 19 iyul kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Fariddin Nasriev va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘mon Mansurov Samaraga borgan.

Natijada, bu viloyatdagi “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlagan fuqarolar soni avvaliga aytilgani kabi 68 emas, 69 kishi ekani va bulardan birining voyaga yetmagan bola ekani aniqlangan.

Aytilishicha, zaharlangan muhojirlar hanuz V.D.Seredavina nomidagi Samara viloyati klinik kasalxonasi va 1-sonli Tolьyatti shahar klinik kasalxonasida qolmoqda.

Avvalroq Samara viloyati Tergov qo‘mitasi Tergov boshqarmasi matbuot xizmati Sizran tumanining Koshelevka qishlog‘ida ishlayotgan o‘zbekistonliklar “noma’lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganini bildirgan edi.

Aytilishicha, qishloq xo‘jalik ishlarini qilib yurgan o‘zbekistonliklar o‘zlariga ajratilgan uyda yashagan va ovqatni ham o‘zlari pishirgan. Hanuzgacha har ikki davlat rasmiylari bu muhojirlar ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin, degan ehtimolni tilga olmadi.

Rossiya tergov boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv borayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari mazkur hudud, viloyat sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari, tibbiyot muassasalari boshliqlari va “Koshelevskiy posad” korxonasi direktori bilan uchrashganini ma’lum qildi.

Rasmiy xabardan ko‘rinishicha, bu o‘zbekistonliklar Rossiyada qonuniy yashagan va ishlagan, ammo ularning shaxsiga doir hujjatlari hamda ishlash uchun ruxsatnomalari mahalliy ish beruvchilar tomonidan olib qo‘yilgan.

Tashqi ishlar vazirligi uchrashuv va muzokaralar natijasida muhojirlarga hujjatlarini qaytarib berish va ularning oylik maoshini oshirishga kelishilgani, shuningdek, davolanish uchun ketgan harajatlar ham ish beruvchilar tomonidan qoplanishini ma’lum qildi.

Rossiya Migrantlar federatsiyasiga tayanib, rus nashrlari bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yil davomida bu davlatga 3 yarim millionga yaqin o‘zbekistonlik borgan va bulardan 1 yarim millionga yaqini mehnat shartnomasiga ega bo‘lgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2019 yil boshiga kelib bu davlatda qolayotgan noqonuniy muhojirlar soni 2 millionga yaqin ekanini bildirgandi.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar huquqlarini himoya qilayotgan faollarning ishonishicha, bularning ham kattagina qismini o‘zbekistonliklar tashkil qiladi va ularning aksari, mahalliy ish beruvchilar tomonidan harakati va haqlari cheklangan holda, o‘ta og‘ir sharoitda yashab-ishlaydi.

XS
SM
MD
LG