Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:23

Prezidentlar chegaradosh aholini yaxshi qo‘shnichilik an’analarini hurmat qilishga chaqirdi


So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov va Emomali Rahmon.
So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov va Emomali Rahmon.

Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari 26 iyul kuni ertalab Vorux-Ak-Say chegaradosh hududida mahalliy aholi bilan uchrashib, ularni tinchlik va ahillikda yashashga chorlab, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini hurmat qilishga chaqirishdi.

Ikki qo‘shni davlat rahbarlari uchrashuvi arafasida - 22 iyul kuni Qirg‘izistonning Aq-Say qishlog‘i va Tojikistonning Vorux eksklavi chegarasidagi vaziyat keskinlashib ketgan edi.​

26 iyul kungi uchrashuvda qatnashgan Vorux jamoati bosh imom xatibi Xoji Domullo Mukomiddinning Ozodlik radiosi tojik xizmatiga aytishicha, ikki mamlakat yetakchilari chegaradosh aholi bilan suhbatlashgan, ularni yaxshi qo‘shnchilik va o‘zaro hamjihatlik muhitida yashashga va mojaro keltirib chiqaradigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdilar.

«Prezidentlarning suhbatidan keyin Ak-Say (Qirg‘izistonga qarashli qishloq) va Vorux (Tojikistonning eksklavi) aholisidan ikki nafardan kishi so‘zga chiqib, o‘z qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatlar afzalliklari haqida gapirishdi. Har ikkala qishloq aholisi mojaroga qayta yo‘l qo‘ymaslikka va’da berishdi», - deydi suhbatdosh.

Tojikiston prezidenti matuot kotibi Abdulfattoh Sharifzodaga ko‘ra, Emomali Rahmon va So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovlar o‘z chiqishlarida Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlari do‘stligi va yaxshi qo‘shnichiligini mustahkamlashga qaratilgan chegaradosh viloyatlar hamkorligini rivojlantirish lozimligiga urg‘u berishgan.

Sharifzodaga ko‘ra, hozirgi paytda ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari Isfarada bo‘lib o‘tmoqda. Keyin muzokaralar Cho‘lponotada davom etadi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning tashrifi (26-28 iyul) munosabati bilan Issiqko‘l viloyatining Tomchi va Bosteri qishloqlari o‘rtasidagi yo‘lda harakat cheklanadi.

Prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Aq-Say qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi, Botken viloyati chegarasidagi vaziyat uning shaxsiy nazorati ostida qolayotganini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatidan ma’lum qilishdi. Qayd etilishicha, Jeenbekov «aksayliklar bilan Tojikistonning Isfara shahriga ketayotib uchrashgan».

Uning qayd etishicha, chegara ortida joylashgan qishloqlar hududida harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari soni ko‘paytirilgan, hukumat a’zolari bilan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “yaqin vaqtlarda ijtimoiy va infratuzilmaviy ob’ektlarda qurilish boshlash haqida qaror qabul qilindi”.

«Ijtimoiy masalalar yechiladi. Eng asosiysi— hammani ig‘vogarlar ortidan ergashmaslikka chaqiraman. Huquqni muhofaza etuvchi organlar bilan birgalikda hamjihat ishlang. Qirg‘izlar azaldan o‘zining bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi bilan dovruq qozongan. Biz qo‘shni mamlakat bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish va mustahkamlashga intilishimiz kerak. Har qanday ziddiyatlar faqat zarar keltiradi. Sabrli va toqatli bo‘lamiz. Barcha masalalarni yechamiz, faqat vaqt kerak. Bolalarimiz kelajagi, mamlakatimiz kelajagi yo‘lida biz tinchlik va osoyishtalikni saqlab qolishimiz kerak», - dedi prezident.

Qirg‘izistonning Aq-Say qishlog‘i va Tojikistonning Vorux eksklavi chegarasidagi vaziyat 22 iyul kechqurun keskinlashdi. QR Davlat chegara xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Vorux qishlog‘i aholisining qishloqqa kiraverishda bayroq osib qo‘yishi mojaro sababchisi bo‘ldi. Natijada tomonlardan biri qurol qo‘lladi. Otishma fuqaro shaxslar tomonidan ov miltig‘i yordamida olib borilgan.

Tojikiston Respublikasi MXDQ Chegara qo‘shinlari matbuot markazining “Xovar” agentligi chop etgan bayonotida aytilishicha, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari bayroq o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilishgan, “o‘zboshimchalik” bilan yerni kavlab, «Ak-Say» yozuvini va o‘z mamlakati bayrog‘ini o‘rnatgan. «Qirg‘iziston fuqarolari bu harakatni Tojikiston hududida bajarishgani uchun voruxliklar qarshilik ko‘rsatishgan. Natijada ikki mamlakat aholisi o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan», - deyiladi bayonotda.

23 iyul kuni vaziyat yana keskinlashdi. Soat 16.00 atrofida tojiklar tomonidan o‘q uzilgan, qirg‘izistonlik chegarachi yaralangan.

Mojaro davomida Qirg‘izistonning 17 nafar fuqarosi jabr ko‘rdi, 14 kishi o‘q otar quroldan yaralandi, yana uch kishi tosh tegishidan jarohat olgan. Jarohatlanganlardan 4 nafari fuqaro shaxslar, 13 nafari DChX va militsiya xodimlari hisoblanadi. Aq-Say qishlog‘idan 600 kishi, asosan, ayollar va bolalar ko‘chirildi.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining mahalliy rasmiylarga tayanib xabar berishicha, tojiklar tomonidan 1 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi yarador bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG