Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:55

OzodBlog: Dohiylar va dohiychalar yoki 33 million prezident


Islom Karimov, Shavkat Mirziyoev va Shuhrat G‘anievlarning hikmatli so‘zlari yozilgan devor.
Islom Karimov, Shavkat Mirziyoev va Shuhrat G‘anievlarning hikmatli so‘zlari yozilgan devor.

Farg‘onadan kecha kelgan suratni ko‘rdimu (sarlavha ostiga qarang) kulgim keldi, uyi buzilganning kapasi yonidagi eplama o‘choqda so‘ppayib turgan qop-qora qumg‘ondagi qaynoq suvday zavqim jo‘shdi.

Karimov-Mirziyoev-G‘anievning bunday yonma-yon joylashuvi Marksizm-Leninizm ta’limotining ikki paxmoqsoqol (Marks va Engels) va bir cho‘qqisoqol (Lenin) otalarining klassik barelyefini esga soldi.

Shu kunda bu ikki surat yoniga nabira Kimning ham surati qo‘shilgan.
Shu kunda bu ikki surat yoniga nabira Kimning ham surati qo‘shilgan.

Karimov-Mirziyoev-G‘anievning bunday yonma-yon joylashuvi yaramasligini tarix isbotlagan Marksizm-Leninizmning mutant mahsuli - Chuchxe ta’limotining otalari (Kim bobo, Kim ota va Kim nabira) suratlarini yodga soldi.

Kulgim keldi, kulmadim. O‘ylay boshladim: qanchalik yaramas bo‘lmasin, Marksizm-Leninizmda ham, hatto Chuchxeizmda ham mantiqiy uzviylik bor.

Lekin Karimov-Mirziyoev-G‘anievda ko‘rmayapman bunday uzviylikni.

“Yangisini qurmay, eskisini buzma”, der edi Karimov.

“Buzib turaverchi, qurib olishar”, deyayotganday Mirziyoev.

“Yana qaerni buzaylik, Shavkat aka?” deb qo‘l qovushtirib turganday G‘aniev.

Demak, masalaning zohiridayoq ko‘rinayotgan bu ziddiyat yaxlit ta’limotning borligidan emas, yo‘qligidan darakdir.

Balki bu prezidentning yana bir yangi qaroridir? Ki dohiy bitta bo‘lmasin, dohiychalar ham bo‘lsin! “Hokim mening odamimmi, demak, u o‘z viloyatida dohiycha”, deb o‘ylayotgandir?

Agar shunday bo‘lsa, tez kunda dohiychalar mamlakat tanasida suvchechakday potrab ko‘payib ketishini kutish mumkin.

Har tumanning markazida shu tuman hokimining “Odam o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan TUMANNI yaxshi ko‘rishi kerak. E. Toshmatov.”, degan yozuvni;

har mahalla guzarida shu MFY raisining “Odam o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan MAHALLANI yaxshi ko‘rishi kerak. T. Eshmatov.”, degan yozuvni;

har ko‘cha boshida shu ko‘cha oqsoqolining “Odam o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan KO‘ChANI yaxshi ko‘rishi kerak. Eshmat oqsoqol.”, degan yozuvni;

har uy darvozasi ustida shu uy egasining “Odam o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan UYNI yaxshi ko‘rishi kerak. Toshmat qo‘rs.”, degan yozuvni o‘qish mumkin bo‘ladi bu ketishda.

Bas, shunday ekan, hammayoqqa shior ilavermay, “mamlakatda hamma dohiy, ya’ni hamma prezident”, deb e’lon qivorsa bo‘lmaydimi Ukrainaning Zelenskiyiga o‘xshab?

O‘shanda bironta dovdir hokim buldozer minib kelolmay qoladi birovning mulkini buzishga. Axir, mulkning egasi PREZIDENTku?! Siz, masalan, Mirziyoevning mulkini buzish uchun birov buldozer minib kelishini tasavvur qila olasizmi? Men – yo‘q.

Agar, shunday qilinmasa, ya’ni “har bir vatandosh – prezident!” degan shior o‘rtaga tashlanmasa, hozirgina aytganimday bo‘ladi: dohiychiklarning shiorlari mamlakat tanasini suvchechakday qoplaydi.

O‘shanda bironta qoni qaynagan yigitcha chiqadida: “Ho‘v, akalar, bo‘ldida endi! Yig‘ishtirlaring shior-piorlaringni, qon qildilaringku! Undan ko‘ra, Internetni tezlashtirlaring, har kim o‘z statusini Feysbukidami, Odnoklassnikidami yozaversin. O‘shanda ko‘ramiz kimning qancha folloveri borligini”, deyishi tayin.

Yana bir gap: Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘anievning dono gapi viloyatning qaerida yozilganini aniqlay olmadim. Har holda Toshloqda bo‘lmasa kerak. Toshloqliklarni haromi deb haqorat qilganidan beri bu tumanda G‘anievning folloveri borligiga gumonim bor.

XS
SM
MD
LG