Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:39

DXX raisi yakkabog‘lik tadbirkor do‘konini borib ko‘rdi, qolgan shikoyatchilarga ham 1,7 mlrd. tovon puli va’da qildi


Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida hokim o‘rinbosari buldozerga minib, tadbirkor do‘konini buzishga urinmoqda, 20 iyul, 2019 yil
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida hokim o‘rinbosari buldozerga minib, tadbirkor do‘konini buzishga urinmoqda, 20 iyul, 2019 yil

Davlat xavfsizlik xizmatining raisi Abdusalom Azizov shanba oqshomida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumaniga bordi.

Tuman matbuot xizmatiga tayanib, Daryo.uz nashrining xabar qilishicha, DXX rahbari tuman hokimi o‘rinbosari va tadbirkor o‘rtasida mojaro bo‘lib o‘tgan "Eski Yakkabog‘" qishlog‘iga borgan va tadbirkorning do‘konini buzishga uringanlarga tanbeh bergan.

Shu kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Xorazm viloyat, Urganch tumaniga borgan va buzilgan uyi uchun tovon puli berilmaganidan norozi bo‘lib, Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan aholi bilan uchrashgandi.

DXX raisi Yakkabog‘da

20 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tadbirkor o‘zi kreditga qurgan ikki qavatli yangi do‘koni va sexini buzishga borgan tuman hokimi o‘rinbosarining ustiga benzin sepib, yoqib yuborgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib Ozodlik xabar qilgan edi.

Yakkabog‘ tumani matbuot xizmati rahbari Bozor Azizovning nashrga bildirishicha, DXX raisi tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli beton g‘ishtdan qurilgan binoni buzishga uringan mahalliy rasmiylarni "qattiq koyigan".

"DXX raisi tadbirkor do‘koni buzilishi yuzasidan fikr bildirar ekan, "Odatda paxsa devordan bo‘lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga teginildi?" deb qattiq koyib gapirdi. Shuningdek, tadbirkorlarga xalal berish emas, aksincha, yordam berish zarurligini ta’kidladi", deb iqtibos keltiradi matbuot kotibidan Daryo.uz nashri.

Shuningdek, DXX raisi tumanni aylangan va hokimiyat vakillaridan shikoyat qilgan 34 kishi arzini tinglab, ularga 1 milliard 700 million so‘m tovon puli berilishini va’da qilgan.

Bosh vazir Urganchda

Shu kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Xorazm viloyat, Urganch tumaniga borgan va buzilgan uyi uchun tovon puli berilmaganidan norozi bo‘lib, Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan aholi bilan uchrashdi.

Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan yuzlab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, hokimlik uyi buzilgan oilalarga tovon pulini bermayotgani, qurilish materiallari narxi haddan ortiq qimmatlab ketganiga odamlar shu tariqa norozilik bildirgan.

Norozilar Ozodlikka uyi buzilganlar namoyishi va qoq issiqda ular yashayotgan palatkalar suratini ham yo‘lladi.

Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi
Uylari buzilgan urganchliklarning hozir yashab turgan joyi

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 27 iyul tushdan keyin voqea sodir bo‘lgan joyga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov borgan.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, Bosh vazir prezident Shavkat Mirziyoev topshirig‘iga binoan Angrendan Xorazmga yetib borgan.

Vazir Chandirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan odamlar bilan uchrashgan va o‘sha yerning o‘zida aholiga tovon pullari tarqatilgan.

Yakkabog‘ hokimi va zamhokimiga chora ko‘rildi

27 iyul kuni o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani uchun Yakkabog‘ tuman hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymaevga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Prezident devoni huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining xabar qilishicha, hodisa ortidan ​"tuman hokimi Donaev Shohmurod Xolboevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan".

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, Urganchda ham shahar hokimi Shuhrat Abdullaev va shahar prokurori Davlatovlarga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hayfsan e’lon qilindi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovlar esa yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun qattiq ogohlantirilgan.

XS
SM
MD
LG