Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:59

Urganchliklar tovon puli olganidan keyin g‘isht va ohak keskin qimmatlab ketdi


Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov uyi buzilgan odamlar bilan muzokara olib bormoqda, 27 iyul 2019y.
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov uyi buzilgan odamlar bilan muzokara olib bormoqda, 27 iyul 2019y.

Urganch shahri, Ashxobod mahallasidagi uylari buzilgan aholiga tovon puli naqd to‘langani ortidan, xabarlarga qaraganda, qurilish materiallari qimmatlab ketmoqda.

Urganchdagi qurilish mollari bozori sotuvchisining Ozodlikka aytishicha¸ bir kunning o‘zida ohak va g‘isht ikki baravarga qimmatlagan. Sotuvchining fikricha, ohak va g‘isht qimmatlab ketganining yana bir muhim sababi bu materiallar ishlab chiqariladigan sexlarga gaz ta’minotidan uzib qo‘yilganidir.

Buzilgan uyi uchun tovon puli olgan urganchlikning Ozodlika aytishicha, usta haqi ham oshib ketgan.

Xorazm viloyat hokimligi mulozimi bu holatni bozorda talab ko‘payishi bilan izohladi. Shu bilan birga mulozim uyi buzilganlarga tekin qum berilayotganligini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan qurilish shirkati egasi esa, “hokimiyat bizni tekin qum tarqatishga majburlamoqda”, deya shikoyat qildi.

Bir kunda oshgan narx

48 yashar Muzaffar va uning ukasi Erkin Ashxobod mahallasidagi uyi buzilganlardan. Ular ikki oydan beri Urganch shaxri chekkasidagi Chandirqiyot qishlog‘ida palatkada yashamoqda. Aka-ukalarning har biriga ikki sotixdan yer uchastkasi berilgan. Muzaffar aka Ozodlika taqdim qilgan hujjatda uning buzilgan uyi uchun tovon miqdori bir yuz sakson million bir yuz oltmish ming so‘m deb ko‘rsatilgan. Ammo ular bu pulni ikki oydan beri ololmayotgan edi.

Muzaffar va ukasi Erkin 27 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri bilan uchrashuvdan keyin nihoyat tovon pulini olishdi. Tovon pulini shanba kuni olgan Muzaffar aka yakshanba kuni qurilish mollari bozoriga borib narxlar bir kunda oshganidan "shok bo‘lganini" aytdi:

- Bir kun oldin bir dona pishgan g‘isht narxi uyga olib kelib berishi 650 so‘m edi. Hozir 850 so‘m bo‘ldi. Yana transport haqi ham bor ustiga. Xorazmda suvoq rastvori ohakdan qilinadi, sement yoki alebastrdan emas. Bir kun oldin kilosi 650 so‘m bo‘lgan ohak bugun 1500 so‘m bo‘ldi. Donasi 150 so‘m bo‘lgan xom g‘isht narxi bir kunda 280 so‘mga chiqdi. Bu narxlar bilan men qishgacha uyimning tomini yopa olmayman.

Usta haqi ikki marta oshdi

Ashxobod mahallasidagi 12 sotixli uyi buzilib, o‘rniga 3 sotix yer olgan va Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Xushnud og‘a deya tanishtirgan 52 yashar urganchlik esa, usta haqi qimmatligidan nolidi:

- Men o‘tgan oyda qurilish materiallarini hozirgidan ancha arzon narxda olib qo‘ygan edim. Lekin usta ishlatishga pulim yo‘q edi. Kecha tovon pulini olib, ustalar bilan narx gaplashdim. Narx - potolok. Fundamentga beton quyishning bir kub metri bir kun oldin 35000 so‘m edi. Bugun (29 iyul-tahr) gaplashsam 55000 so‘m deb turibdi. G‘isht terish o‘tgan haftada ming donasi 100 ming so‘m edi. Bugun gaplashsam? 200 ming, deydi. Shu qimmat usta ham defitsit bo‘lib qoldi.

Talab va taklif nizosi?

Ozodlik viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga telefon qildi. O‘rinbosarning telefonini ko‘targan, o‘zini yetakchi mutaxassisman deb tanishtirgan mulozim bu holatni talab ko‘payishi bilan izohladi. Shu bilan birga mulozim uyi buzilganlarga tekin qum berilayotganligini aytdi. Mulozim Ozodlikning boshqa savollariga javob berishni istamadi.

Shirkatlarga “qum solig‘i” solindi

Qurilish mollari ishlab chiqaradigan shirkatning 46 yashar egasi Feruzbek Matyoqubov Ozodlik bilan suhbatda “uyi buzilganlarga tekin qum tarqatishga majburlanganidan” shikoyat qildi:

- Hokimiyatdan telefon qilib soliq solishdi. 10 Kamaz qum olib borib tashla deyishdi. Mayli, qum konida qumni ekskavator tekin yuklab berdi ham, deylik. Lekin mashinalarning yonilg‘isi va haydovchilarning oyligi mening zimmamdaku?!

Feruzbek Matyoqubovning yana aytishicha¸ Xonqa tumanida qum yuklaydigan shirkatlarga ham “tekin yuklang” degan buyruq bo‘lgan:

- Faqat bitta tushunarsiz holat bor. Qachongacha tekin yuklanadi? Aniq chislo yo‘q. Hukumat qo‘lidan kelsa uylarni buzsin, biz zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan tadbirkorlarga o‘ligini tashlamasdan.

Tovon puli bois qimmatlagani yo‘q

Urganchdagi qurilish mollari bozori sotuvchisining Ozodlikka aytishicha qurilish mollarining qimmatlagani faqat tovon puli to‘langani bilan bog‘liq emas:

- To‘g‘ri, bir kunda 21 milliard so‘m tovon to‘landi. Hamma shu pulni ko‘tarib bozorga keldi. Bozor oshdi. Lekin qarang, og‘a: men ohak sotaman. Odamlar aytgan 600 so‘mlik ohak Xorazmda chiqadigan ohak edi. O‘tgan xafta gaz idorasi gazni o‘chirdi. Ohak chiqmay qoldi. Men borib Samarqanddan kilosi 1300 dan ohak keltirdim. 100 so‘m transport puli qo‘shsangiz 1400 bo‘ldimi? Men faqat ustiga 100 so‘m qo‘ydim. Pishiq g‘isht ham gaz o‘chgani uchun to‘xtadi. Agar hokimiyat xalqni o‘ylasa gazni bersin. Ohak va pishgan g‘ishtni o‘zimiz ishlab chiqarib aholiga arzon sotaylik.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27 iyul kuni Urganch tumanida buzilgan uylari uchun tovon puli ololmaganidan norozilik bildirib, 27 iyulga o‘tar kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini ikki soatga to‘sib qo‘ygan aholi bilan uchrashdi.

27 iyulga o‘tar tunda bo‘lgan voqea to‘g‘risida Ozodlik "Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sdi" maqolasida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG