Линклар

Шошилинч хабар
22 август 2019, Тошкент вақти: 01:17

Xorazmning Yangibozori hokimi uchta mahallada “favqulodda vaziyat” e’lon qildi


Illyustrativ surat (Farg‘onaning Rishtonida olingan surat)

Xorazm viloyat, Yangibozor tuman hokimi - Fuqaro muhofazasi boshlig‘i O‘ktam Masharipov 24 iyun kuni obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan uchta mahallada “favqulodda vaziyat” rejimi e’lon qilgani haqidagi xabar Ozodlikka 1 avgust kuni keldi.

Hokimning buyrug‘iga ko‘ra, uch mahallaga hududida obodonlashtirish ishlari bo‘yicha “maxsus-taktik o‘quv mashqi” o‘tkazish topshirilgan.

Tuman hokimi “favqulodda vaziyat” rejimi obodonlashtirish ishlariga hammani jalb qilish uchun mashq sifatida uyushtirilganini aytdi.

Ozodlikka 1 avgust kuni nusxasi kelgan Yangibozor tuman hokimi va ayni paytda tuman Fuqaro muhofazasi boshlig‘i O‘ktam Masharipov imzolagan buyruqda “Navro‘z”, “Yangiyop”, “Do‘stlik” mahallalarida “favqulodda vaziyat” rejimi e’lon qilingani yozilgan.

Hokim buyrug‘idan nusxa
Hokim buyrug‘idan nusxa

Hujjatga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari aholisining turmush tarzini oshirish, obodonlashtirish ishlarini olib borish, epidemik vaziyatni yaxshilash, ko‘p yillar davomida ta’mirlanmagan ichki yo‘llarni qum-shag‘al aralashmasi bilan qoplash yo‘li bilan qisman ta’mirlash bo‘yicha Maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazish buyurilgan.

Yangibozor tumanining “Yangiyop” mahallasida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, hokimning bu buyrug‘idan so‘ng, hamma obodonlashtirish ishiga safarbar qilingan:

“O‘sha majlisda men ham qatnashgan edim. Hamma mahalla faollari, tadbirkorlar, do‘koni borlar, fermerlar, tashkilotlar obodonlashtirishga jalb qilindi. Kam ta’minlangan oilalarning uylarini ta’mirlash, shifer yopish tadbirkorlar, fermerlar zimmasiga yuklandi. Hozir hamma yoq chang, to‘polon, qurilish ishlari avjida. Lekin, to‘g‘risini aytishim kerak, aholi yashaydigan uylar buzilgani yo‘q. Faqat yangi binolar qurilib, ko‘chaning ikki tomoni obodonlashtirilyapti. Favqulodda vaziyati shu bo‘lsa kerak, ya’ni hamma Yangibozor Siti qilishda qatnashyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa tadbirkorning aytishicha, qurilishda qatnashayotgan ishchilarning oziq-ovqati tadbirkorlar zimmasiga qo‘yilgan:

“Ustalar va qurilishdagi odamlarning bir kunlik ovqati besh million so‘mga aylanyapti. Katta tadbirkorlar, o‘ziga to‘q fermerlarga kunma-kun bo‘lib berilgan, ular o‘z yonlaridan qilib berishyapti”.

Yangibozor tuman hokimi O‘ktam Masharipov Ozodlik savollariga javob berarkan, “favqulodda vaziyat” rejimi e’lon qilinganini keskin inkor qilar ekan, bu haqda hech qanaqa hujjat ham, buyruq ham bo‘lmaganini aytdi.

Ozodlik o‘z tasarrufida hokimning o‘zi imzolagan buyruq borligini aytib, bu buyruqdan uch-to‘rt jumla o‘qib berganidan so‘ng, hokim bu obodonlashtirish ishlari uchun o‘quv mashqi bo‘lganini aytdi:

- Bu bir haftalik ucheniya edi. Hamma idora va tashkilotlarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilish maqsadida qilingan edi. Buning nimasi yomon? Biz hamma joyni obod qilyapmiz. Bizda Jaloliddin Manguberdi nomli katta ko‘chamiz bor. Eni 90 metr, uzunligi 2 kilometr. O‘sha ko‘chani hozir xiyobonga aylantiryapmiz. Tadbirkorlarimiz o‘zlari yordam berib, qilishyapti. Mana 30 ta kam ta’minlangan oilaga qurilayotgan uylar kalitlarini Mustaqillik bayramiga topshiramiz. Bog‘cha, maktablar quryapmiz. Umumiy 27 milliard so‘mlik ish bajarilyapti.

Hokim quruvchi va ustalarning ovqatlanishi tadbirkorlar va fermerlar zimmasiga qo‘yilganini inkor qildi:

- Yo‘q, unaqa narsa yo‘q. Hech kimni ishlashga majburlaganimiz ham yo‘q, bir so‘m pul so‘raganimiz ham yo‘q. Ammo hashar bo‘layotgan joylarga tadbirkorlar o‘zlari kelib, yo bitta qo‘chqor, yo bir qop guruch tashlab ketyapti. Hech kim majburlangani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasining "Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida"gi Qonuniga binoan:

"Favqulodda vaziyat — odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holatda e’lon qiinadi".

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi "Obod qishloq" dasturiga ko‘ra, mamlakatda keng qamrovli buzish va qurish ishlari olib borilyapti.

Ozodlik bu qurilish ishlarida aholining shaxsiy mulki bo‘lgan daxlsizligi buzilayotgani, buzilgan ob’ektlarga etarli miqdorda tovon puli yoki joy berilmayotgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Jumladan, 20 iyul kuni Yakkabog‘lik tadbirkor do‘konini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi.

26 iyul kuni kechasi Urganchda uyi buzilib, tovon puli ololmagan minglab odam norozilik bildirib avtomobil yo‘lini to‘sgan edi

XS
SM
MD
LG