Линклар

Шошилинч хабар
18 август 2019, Тошкент вақти: 06:53

Samarqandda nogiron o‘g‘il otasini pichoqlab o‘ldirdi


Samarqand viloyati, Narpay tumanining O‘lmas qishlog‘ida 26 yashar yigit o‘zining 56 yashar otasini pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanmoqda.

Voqea guvohlariga ko‘ra, 1 avgust kuni kechqurun ota-bola o‘rtasida chiqqan janjal oqibatida, o‘g‘il otasining yuragiga bir necha bor pichoq sanchib olgan.

Narpay tumani ichki ishlar bo‘limi mulozimi qotillikda gumonlanayotgan o‘g‘il ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Narpay tumanining O‘lmas qishlog‘ida yashagan 56 yashar dehqon B.H. 1 avgust kuni kechqurun o‘z uyida pichoqlab o‘ldirildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan o‘lmasliklardan birining aytishicha, otani o‘ldirganlikda uning nogiron o‘g‘li gumonlanmoqda:

“Kecha soat to‘qqizlarda ko‘chadan o‘tayotsam, tez yordam, militsiya mashinalari marhumning uyi yonida turgan ekan. Kirib ko‘rsak, B.akaning T.ismli o‘g‘li otasini pichoqlab, o‘ldirib qo‘ygan ekan. Hamma yoq qiy-chuv, to‘polon. Keyin murdani ham, o‘g‘ilni ham, onasini ham, kelinni ham olib ketishdi”.

O‘lmas qishlog‘ining ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, nogiron bolaning otaga pichoq ko‘tarishiga, ular orasidagi ko‘p yillik ziddiyat sabab bo‘lgan:

“Qotillikda gumonlangan o‘g‘il bolaligidan nogiron, bitta qo‘li yaxshi rivojlanmay qolgan. U mardikorchilik qilib kun ko‘radi. Uylangan, ikki farzandi bor. Otasi bolalari bilan kelisholmasdi, juda ko‘p qiynardi, qishlarda ham uyidan haydab yuborib, u ikki bolasi bilan ijarada yashab yurgan. Keyin yana qaytib kelgan, lekin bir hovlida yashasa ham qozoni boshqa edi”.

Suhbatdoshning aytishicha, 1 avgust kuni ham T.ning bolalari ko‘chada qolgani janjalga sabab bo‘lgan:

“Otasining dalada yeri bor, dehqonchilik qiladi. O‘sha kuni T. g‘isht quyishga ketgan, xotini ham bolalari bilan qaergadir chiqqan. Otasi esa darvozani qulflab dalasiga ketvorgan. Kelin kelsa, darvoza qulf, kechgacha bolalari bilan issiqda ko‘chada o‘tirgan. T. ishdan kelsa, shu ahvol. Keyin qulfni buzib, ichkariga kirgan. Otasi kechqurun kelib, qulf buzilganini ko‘rib, janjal boshlagan. O‘sha janjal oqibatida bola otasining yuragiga jahl ustida pichoq sanchgan”, deydi mahalla faoli.

Narpay tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 26 yashar T.H. O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi(qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblanib, qamoqqa olinganini va bu holat yuzasidan tergov olib borilayotganini aytdi.

O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojialar to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

Joriy yilning 1 mart kuni Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida 21 yashar qiz va 24 yashar yigit bir-birini pichoqladi. Qiz olgan jarohatlaridan vafot etdi, yigit tirik qoldi.

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida Sh.M. ismli 26 yoshli ayol o‘z otasini pichoqladi.

2018 yilning 27 mart kuni Farg‘onada aka eski Neksiya ustida talashib o‘z ukasini pichoqlab o‘ldirgan edi.

O‘tgan yil sentabr oyida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynonasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati oldi.

2017 yilning avgustida esa Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgan edi.

XS
SM
MD
LG