Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:18

Moskvadagi namoyishlar paytida o‘zbekistonlik huquq faoli qo‘lga olindi (VIDEO)


B.Hamroyev qolgan ushlangan mitingchilar bilan "avtozak"da.
B.Hamroyev qolgan ushlangan mitingchilar bilan "avtozak"da.

Shanba kuni Moskvada erkin saylov o‘tkazilishini talab qilib chiqqan va politsiya tomonidan hibsga olinganlar orasida asli o‘zbekistonlik taniqli huquq faoli Bahrom Hamroyev ham bor.

5 avgust kuni Kunsevo tuman sudiga olib kelingan Bahrom Hamroyev “miting va namoyishlarda qatnashish tartibini qayta buzganlikda” ayblanmoqda.

Shanba, 3 avgust kuni Moskvaning markaziy qismida mingdan ziyod odam hibsga olindi.

Moskvada erkin saylov o‘tkazilishi talab qilgan moskvaliklarni tarqatish paytida poytaxt politsiyasi tomonidan taniqli huquq faoli, “Memorial”huquq himoyasi harakati a’zosi va “Yordam” Inson huquqlari himoyasi markazi rahbari Bahrom Hamroyev hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan huquq faolining rafiqasi Zuhra Hamroyevaga ko‘ra, 5 avgust kuni kechga Hamroyev Kunsevo tuman sudiga olib kelingan.

- U 3 avgust kuni Moskvaning Svetnoy bulvar mavzesida edi. U yerda miting bo‘layotgan ekan – kuzatuvchi sifatida borgan ekan. Ammo bevosita norozilik namoyishida ishtirok etmagan -u bir odam bilan uchrashishi kerak bo‘lgan. Uni boshqa shu atrofda turgan odamlar bilan birga olib ketishibdi. Mening akam u bilan Kunsevo IIBsida uchrashdi. Ahvoli durust, unga kerakli dori-darmonni bervoribdi. U telefonini berishmayotgani va uy kalitlarini olib qo‘yishganidan advokatiga arz qilibdi. Kvartiramizda biror narsa tashlab qo‘yishlaridan xavotirda, dedi hozirda o‘zi ham Moskvada emasligini ta’kidlagan Zuhro Hamroyeva.

Kunsevo tuman sudida olingan ma’lumotga binoan, huquq faoli Bahrom Hamroyev “miting o‘tkazish tartiblarini qayta buzgani uchun” Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 20.2 moddasi 8 qismi asosida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shu yilning may oyida Moskvaning Tverskoy tuman sudi Bahrom Hamroyevni ayni modda bilan 15 ming rublga jarimaga tortgan edi. Huquq himoyachisi 2019 yilning 17 aprelida Kreml maydonida Moskvaga tashrif buyurgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga qarshi “Rahmon! Siyosiy mahkumlarni ozod qil!” plakatini ko‘tarib chiqqani uchun javobgarlikka tortilgandi.

O‘sha norozilik chiqishida u Tojikistonda siyosiy repressiyalarni to‘xtatish talabi bilan chiqqanini gapirgan edi.

"Memorial" tashkiloti a’zosi bo‘lgan 54 yoshli Bahrom Hamroyev 1992 yildan buyon Rossiyada inson huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanib keladi.

U so‘ngi yillarda Rossiyada islomiy aqidaparastlik va diniy ayblovlar bilan hibsga olingan insonlarni himoya etish bilan tanilgan.

Bundan tashqari Bahrom Hamroyev Markaziy Osiyo, xususan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining muammolarini yechishda faoliyat ko‘rsatib keladi.

2016 yil sentabrda Hamroyevning kvartirasida FSB xodimlari tintuv o‘tkazgandi.

2018 yilda unga nisbatan ikki o‘zbekistonlik muhojirni o‘z kvartirasida qaydga qo‘ygani uchun jinoyat ishi ochilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgandi.

2019 yilning mart oyida Butirskiy tuman sudi Bahrom Hamroyevga nisbatan ochilgan jinoyat ishini bekor qilib, qayta ko‘rib chiqish uchun quyi instansiyaga qaytarib yubordi.

Sentabr oyida Moskva shahar Dumasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda qatnashish uchun bir qancha muxolifat nomzodi ro‘yxatga olinmagandan so‘ng iyul oyida poytaxtda bir necha norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan edi.

Moskva shahar dumasiga saylovda qatnashish uchun ro‘yxatga olinmagan muxolif va mustaqil nomzodlar 3 avgustda Moskva bulvari bo‘ylab norozilik yurishini rejalashtirgandi.

Moskva shahar dumasiga saylanadigan 45 deputatning ancha vakolati bo‘lib, ular qonun loyihalarini taklif etishi, 43 milliard dollarlik byudjet qanday sarflanayotganini tekshirib turishi mumkin.

XS
SM
MD
LG