Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:43

Andijonda eksport rejasini bajarish uchun fermer va tadbirkorlardan pul yig‘ilyapti


Andijon viloyati Izboskan tumani fermerlariga har gektar yer uchun 30 ming so‘mdan naqd pul solig‘i solindi.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, bu pullar viloyat eksport majburiyatini "bajarish" uchun sarf qilinadi.

Andijon shahridagi sanoat zonalarining tadbirkorlari esa, eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasa ham, hokimlik belgilagan majburiy eksport summasining 0.1 foizida jarima to‘lashga majbur qilinayotganini aytdi.

Izboskan tumani va viloyat hokimligi mutasaddilari bu haqda Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Gektar boshiga 30 ming so‘mdan

Izboskan tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning yozishlaricha, fermerlardan eksport hajmini ko‘paytirish maqsadida pul yig‘ilmoqda:

“Izboskan tumanida fermerlardan majburan pul to‘planyapti, eksport uchun. Shunchaki 1,5 - 2 million so‘m pulni qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga topshirish kerak. Hech qanaqa hujjat kvitansiya yo‘q. Bu pulni nimaga, kimga, shunchaki berishimiz kerak?”

Ozodlik suhbatlashgan izboskanlik fermerlardan biri hokimlik ta’qibidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘radi. Fermerning aytishicha, tumandagi barcha fermerlarga eksport uchun pul to‘lash solig‘i solingan:

“Hudud rahbarlariga hokim og‘zaki buyurgan ekan. Eksportga har bir gektarga 30 ming so‘mdan pul yig‘asan, degan. Masalan, mening 100 gektar yerim bo‘lsa uch million so‘m pulni qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga olib borib topshirishim kerak. Biz eksportga shartnoma tuzmagan bo‘lsak, faqat paxta va g‘alla yetishtirsak, biz nega birov yegan somsaga pul to‘lashimiz kerak? Izboskan tumanida 16 ming gektar paxta va g‘alla ekiladigan yer bor. Tasavvur qiling, agar har bir gektar yer uchun 30 ming so‘mdan oladigan bo‘lishsa, 480 million so‘m pul bo‘ladi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, bu pul to‘langani haqida hech qanday hujjat berilmaydi:

“Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga naqd shaklda fermerlar olib borib topshiryapti. Men ham berib keldim. Lekin hech qanday kvitansiya ham berilmayapti. Shunchaki bir ro‘yxatga kim, qancha pul bergani yozib qo‘yilyapti”.

Izboskan tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Rahmatulla Ibragimov Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortib, aloqani uzib qo‘ydi.

Tadbirkorlardan ham naqd pul yig‘ilyapti

Ozodlikka Andijon shahridagi “Sanoat zonasi”da faoliyat olib borayotgan tadbirkorlardan ham eksport uchun majburan pul yig‘ilayotgani haqida yozdi:

“Bizda eksport shartnomalari mavjud emas. Agar eksport qilmasang majburiy eksport summasini 0,1 foizini naqd pulda to‘laysan deb, shu miqdordagi pul undirilmoqda. 500-1000 AQSh dollari miqdorida. Hayron qolarli joyi bu talabni Andijon shahar hokimi, prokurori va IIB boshliqlari qo‘ymoqda. Bu to‘lov har oyda yig‘ilmoqda. To‘plangan pullar biron joyda fiksatsiya bo‘lmaydi, qayd etilmaydi. Aytishlaricha, eksport hajmi ko‘p bo‘lgan boshqa viloyatdan eksport qilinganlik to‘grisidagi ma’lumot (limit) sotib olinarkan. Bu soxtakorlik kimga kerak. Bu yuk tadbirkor uchun og‘irlik qilmaydimi? Sanoat zonalarini "0" stavkada berilgani bilan Sanoat zonasining shirkatiga ijara pulini to‘layapmizku!!! Tadbirkor daromad qilib biznesini kengaytirsinmi , oilasi uchun sarflasinmi yoki mansabdorlarni "biz shuncha eksport qildik" deb maqtanishi uchun pul to‘lasinmi?”

Andijon viloyati hokimligining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq bo‘lganini eshitgani bilan aloqani uzib qo‘ydi.

"Eksportga pul yig‘ish - korrupsion sxema"

Andijon viloyatidagi eksport masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, eksport uchun fermer va tadbirkorlardan pul yig‘ish mexanizmini shunday tushuntirib berdi:

“Viloyatda eksport qilish majburiyatining eng katta summasi Asaka va Andijon tumaniga tushgan. Har oyda to‘rt million dollardan eksport qilish kerak. Fakticheskiy buncha pulga mahsulot eksport qilinmaydi. Endi nima qilinyapti, masalan hokim fermerga sen 40 ming dollarlik eksport qilishing kerak edi, shuni qilmading, endi shuni 0,1 foizini, 400 dollar olib kelib berasan, deydi. Vaholanki, aksariyat fermerlarning eksport qilish bo‘yicha hech qanday shartnomasi ham yo‘q. Bu pulning qanchasi eksport bilan shug‘ullanuvchi tashkilotga berilib, eksport qilindi degan tasdiq olinadi yoki qanchasi hokimning o‘zida qoladi, buni hech kim bilmaydi. Korrupsion sxema bu. Masalan, men olgan aniq ma’lumotga ko‘ra, bu yil Baliqchi tumanida bir million so‘mdan, Andijon tumanida 100-150 dollardan, Asakada 500 dollardan yig‘ishgan, har bir fermerdan”.

Mutaxassisning aytishicha, bu prezidentning eksport qilish haqidagi topshirig‘ini ko‘zbo‘yamachilik bilan yopishdir:

“Prezident eksport qilmasang, mening ko‘zimga ko‘rinma, deyapti. Chunki valyuta kirsa iqtisod mustahkam bo‘ladi. Bizda esa eksport qilish sistemasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Masalan, Andijon viloyati bo‘yicha eksport bitta odamning qo‘lida. Hamma hokimlar mening eksport majburiyatimni yopib ber deb, unga yolvorishadi. Bizda esa faqat qog‘ozda buncha eksport qilindi, deb prezidentni aldash bo‘lyapti. Bu korrupsion sxemaning bir uchi Toshkentgacha boradi”.

Ozodlik Andijon viloyatida fermerlardan "eksport uchun" pul yig‘ishlar haqida ilgari ham xabar bergan edi.

Andijon tumani fermerlari tuman hokimining og‘zaki buyrug‘iga ko‘ra “eksport uchun” 300 ming so‘mdan 150 AQSh dollarigacha pul topshirishga majburlangani haqida Ozodlik 8 mart kuni yozgan edi..

XS
SM
MD
LG