Линклар

Шошилинч хабар
18 август 2019, Тошкент вақти: 06:57

Samarqandda firibgarlar jinoyatini fosh etishga uringan bloger hujumga uchradi


Otabek Jo‘rayev 6 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda hujumni o‘zining blogerlik faoliyati bilan bog‘lab, qasd olish urinishi bo‘lganini aytdi.

Toshkentlik 33 yoshli bloger Otabek Jo‘rayev 5 avgust kuni Samarqand shahriga borgan payti noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklandi.

U Samarqandga firibgarlar 250 million so‘mga chuv tushirgani haqida shikoyat qilgan ayolning murojaatini o‘rganishga borgan payti hujumga uchraganini aytadi.

Blogerga ko‘ra, ayolning uyi o‘ngida turgan payti "to‘satdan" paydo bo‘lgan shaxs, armatura bilan uning boshiga urgan.

Hujum natijasida hushidan ketgan Otabek Jo‘rayevning boshi yorilgan.

6 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Otabek Jo‘rayev hujumni o‘zining blogerlik faoliyati bilan bog‘ladi va unga suiqasd urinishi bo‘lganini iddao qildi:

- Maqsad meni og‘zimni yopish bo‘lgan bo‘lsa kerak-da. Lekin, meni kelganimni qaerdan bildi, shunga hayronman. Bu ayol moshenniklar uni 250 million so‘mga chuv tushirgani haqida militsiyaga, prokuraturaga arz qilgan, lekin ular ishni yopti-yopti qilgan. Shu ish bo‘yicha shug‘ullanayotganim ularga yoqmagan bo‘lsa kerak. Ular jinoyat fosh bo‘lishidan qo‘rqishgan, chunki ular militsiyani ham jinoyat ishini yoptirishga ko‘ndirishgan ekan-da, - dedi Otabek Jo‘rayev.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi navbatchisi mazkur "holat yuzasidan bezorilik moddasi bo‘yicha jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan"ini Ozodlikka ma’lum qildi.

Lekin, tergov siri vajidan IIB xodimi qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligini aytdi.

O‘zbekistonda turli mavzudagi internet bloglar paydo bo‘layotgani odamlarning erkin fikrlashga, atrof-muhitdagi hodisalarga munosabatini bildirishga ishtiyoqi kuchliligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov Alter Ego loyihasi doirasida videobloger Kirill Altmanga bergan intervyusida blogerlar chiqishlarini yaqindan kuzatib borishini aytgan va ular dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqayotganliklaridan mamnun ekanini ta’kidlagan.

Otabek Jo‘rayrv ham O‘zbekistonda huquqlari poy-mol bo‘layotganlar muammolarini ko‘tarib chiqayotgan o‘nlab blogerlarning biridir.

U o‘tgan oy Surxondaryoda uylari asossiz buzilgan xonadon egalari bilan video suhbatlarni o‘zining Yutube portalidagi Otabek Jo’rayev kanalida e’lon qilgandi.

- Yaqinda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hukumat majlisida uylari asossiz buzilgani yuzasidan hokimlarga tanbeh berganida meni videomni namoish qilishgandi. Blogerlarga e’tibor katta bo‘lyapti, lekin bizni xavfsizligimiz haqida hech kim o‘ylamayapti, - deydi Jo‘rayev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishda uylarni buzish ishlari bilan norozilik keltirib chiqargan hokimlarni uning siyosatiga hiyonat qilishda keskin ayblagan va blogerlar oldida javob berishni tayinlagan edi.

O‘zbekistonda blogerning kaltaklanishi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

Ozodlik o‘tgan yili taniqli bloger Lochinbek Tilaboldiyev Samarqand-Jizzax trassasida kaltaklangani haqida xabar bergan edi.

Bloger Ozodlikka YPX xodimlari uni videoga olishga uringan payti kaltaklashganini aytgandi.

- Bizni shunaqangi urishdiki, hattoki, ularning chiroqlari (migalka) sinib ketdi. Qulog‘imdagi qonni ko‘ryapsizmi? Meni GAI xodimlari shunaqangi urishdi, telefon va hujjatlarimni olib qo‘yishdi, - degan edi Tilaboldiyev.

O‘shanda Jizzax IIB rasmiylari o‘z xodimlari blogerni urgani haqidagi xabarlari rad etgandilar.

XS
SM
MD
LG