Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2019, Тошкент вақти: 01:35

Prezident oilasi tushgan suratdagiday mashinaning halokati jiddiy iddaolarni urchitdi (VIDEO)


YTH joyidan olingan videoning skrinshoti

O‘zbekiston prezidenti oilasi tushgan suratda aks etgan avtomobil bilan bir xil markadagi sportkarning avariyasi bilan bog‘liq jiddiy iddaolar urchimoqda

Xalq orasida “Prezident trassasi” nomini olgan Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida 6 avgust, kech soat 21:15 da yuz bergan avtoavariya rasman qurbonlarsiz yakun topdi.

Uchta avtomobil to‘qnashgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, Internet foydalanuvchilarining e’tiborini bir mashina – Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkar o‘ziga tortdi.

Ayni rusumdagi avtomobil prezident Mirziyoyevning oilaviy fotosida ham aks etgan.

Ko‘plab guvohlarning aytishicha, avtohalokat yuz bergan joy zudlik bilan o‘rab olingan va tezda tozalangan.

Avtohalokat yuz bergan joyda qora rangli Mercedes SUV avtomobili ham ko‘ringan.

Avtomobil narxlari arzon bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarda narxi 115 ming dollardan boshlanuvchi Nissan GT-R R35 sportkari Toshkent ko‘chalarida kamdan kam uchraydi.

(AQShdagi Nissan kompaniyasining veb-saytidan olingan skrinshot)
(AQShdagi Nissan kompaniyasining veb-saytidan olingan skrinshot)

Fotoda oq rangli Nissan GT-R R35 yonida Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, prezidentning kuyovi Otabek Umarov, yosh bolalar orasida Otabek Umarovning o‘g‘li va prezident Mirziyoyevning o‘g‘lini ko‘rish mumkin.

Otabekning o‘ng tomonida turgan shaxs esa uning do‘sti, Londonda istiqomat qiluvchi asli buxorolik tadbirkor, 36 yashar Umid Mavlonovdir.

Fotodagi avtomobil avtohalokatga uchragan avtomobilmi-yo‘qligini mustaqil ravishda tasdiqlatishning imkoni yo‘q.

Avtohalokatning rasmiy izohi

Toshkent shahar IIBB o‘xshash avtohalokatlar haqida kamdan-kam holatlarda izoh beradi.

Ammo bu gal aksi bo‘lganday. Ba’zi mahalliy nashrlarning xabar qilishicha, IIBB matbuot xizmati avtoavariyadan bir soat o‘tiboq haydovchi Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil bilan to‘qnashgani to‘g‘risida bayonot bergan.

Xabarga ko‘ra, jiddiy yo‘l-transport hodisasida "inomarkada" ketayotgan Sh. J. boshqaruvni yo‘qotib, ikkita yengil avtomobil - Spark va Matiz bilan to‘qnashgan.

Mahalliy matbuot uch kishi, jumladan huquqni muhofaza qilish organlarining ikki xodimi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Xabarlarda avtohalokat tafsilotiga to‘xtalmaganlar, faqat Matiz haydovchisining ahvoli og‘ir ekani va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganini aytish bilan cheklangan.

Ozodlik Nissan sport avtomobilini boshqargan sirli haydovchi haqida keng tarqalgan da’volarni o‘rganishga harakat qildi.

O‘zbekistonda bloklangan, xorijdan turib faoliyat yurituvchi mustaqil El-Tuz.com nashri avtomobil egasi prezident Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov ekanini iddao qilib chiqdi.

Otabek Umarov o‘tgan oy Tesla avtomobilini yuqori tezlikda haydagani uchun jamoatchilikdan uzr so‘ragan edi.

Ammo, Ozodlik avtohalokat yuz bergan paytda Otabek Umarov o‘zining Instagram sahifasi orqali Befit fitnes klubida mashq qilayotganini jonli yoyinga qo‘yganini aniqladi.

Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar xavfsizlik xodimiga ko‘ra, avtohalokat boshqa bir “nufuzli xavfsizlik xodimi” tufayli yuz bergan.

Ularning avtohalokat qurbonlari haqidagi iddaolari ham rasmiy xabarlardan tubdan farq qiladi.

“Hamma narsa zudlik bilan tozalab tashlandi va bu odamlarga eltuvchi izlar yo‘qoldi” dedi Ozodlik manbalardan biri.

Biroq uning bu iddaolarini mustaqil ravishda tasdiqlatish imkonsiz.

Yo‘l transport halokati joyi
Yo‘l transport halokati joyi


Xavfsizlik xizmatidagi Ozodlik manbasi avtohalokat yuz bergan joyga yaqindan e’tibor qaratishni taklif qildi.

Hodisa yuz bergan joyda bo‘lganini iddao qilgan manbaning Ozodlikka aytishicha, avtomobil Befit fitnes klubidan chiqib, katta tezlikda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Salom” choyxonasi tomon yo‘l olgan.

Uning bu iddaosini xavfsizlik xizmatidagi ikkinchi manba ham tasdiqladi.

Ammo Ozodlik mazkur da’volarni mustaqil ravishda tasdiqlata olgani yo‘q.

Prezident Mirziyoyrv 5 avgustdan buyon o‘zining Zomin tumanidagi qarorgohida mehnat ta’tilini o‘tkazmoqda.

Bu uning xavfsizlik xodimlariga kamroq ehtiyoji borligini anglatadi.

XS
SM
MD
LG