Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 08:09

Payariqda 13 yashar bola 4 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda


Payariq tibbiyot kolleji

Samarqand viloyat, Payariq tumanidagi kam ta’minlangan oilalar yashaydigan yotoqxonada "13 yashar bola 1 avgust kuni tushdan keyin 4 yashar qizchaning nomusiga tajovuz qilgani" to‘g‘risida Ozodlikka shu "voqea guvohlaridan biri" xabar berdi.

Guvohning aytishicha, "qizchani muzqaymoq bilan aldagan bola uni yotoqxona hovlisidagi xilvat joyga olib borib tajovuz qilgan".

Qizcha uyga yig‘lab borib, bu haqda onasiga aytganidan so‘ng, ona "Tez yordam" chaqirgan.

Tumandagi kasalxona shifokori Ozodlikka qiz sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilganini aytdi.

Qizcha qo‘shnilarining aytishicha, prokuratura xodimlari o‘sha kuni kechqurun voqea joyini suratga tushirib, guvohlardan ko‘rsatma olgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bunday voqea bo‘lganini eshitmaganini aytdi.

Payariq tuman tibbiyot birlashmasining o‘zini tanishtirmagan shifokori 1 avgust kuni zo‘rlanganlik gumoni bilan 4 yashar qizcha kasalxonaga olib kelinganini tasdiqladi:

“To‘g‘ri, 1 avgust kuni “Tez yordam” mashinasida u qizcha olib kelingan. Navbatchi vrach uni ko‘rikdan o‘tkazgan. Lekin bokiralikni tekshirish xulosasini ekspertiza beradi. Qiz bolani vrachlar ko‘rishga haqqi yo‘q. Qizcha ekstrenniy yordam ko‘rsatadigan holatda bo‘lmagan. Navbatchi vrachimiz ichki ishlarga telefon qilgan. Ular bizlarga jo‘natinglar, biz ekspertiza tayinlaymiz deganidan so‘ng, qizcha ekspertizaga jo‘natilgan”.

Payariq tuman sud-tibbiy ekspertizasi vrachi Vohid Abdurahmonov, 4 yashar qizning ekspertiza xulosasi haqida ma’lumot berish vakolati yo‘qligini aytdi.

4 yashar qizning zo‘rlanganini iddao qilib, uni yaxshi tanigan, ismi sir qolishini so‘ragan qo‘shnilaridan biri Ozodlikka bunday dedi:

“Biz tibbiyot kollejining sobiq yotoqxonasida yashaymiz. Ikki qavatli bu yotoqxonaning xonalari, kollej boshqa joyga ko‘chirilishi sababli, uysiz, yetim, boquvchisi yo‘q, kam ta’minlangan oilalarga tuman hokimligining qarori bilan uy qilib berilgan. Bir singlisi va onasi bilan yotoqxonada yashaydigan 13 yashar o‘smir onasi va buvisi bilan yashaydigan to‘rt yashar qizchani muzqaymoq bilan aldab, nomusiga tekkan”.

Qo‘shnining aytishicha, qizchaning ahvoli yomon bo‘lgani bois, "Tez yordam" chaqirtirilgan:

“Onasi bilan qizchani “Tez yordam” olib ketdi. Keyin militsiya, prokuratura xodimlari kelib, voqea joyini suratga olishdi. Kollejning hovlisida hovuz bor, o‘sha hovuzning orqasi tashlandiq, xilvat joy. O‘sha joyga olib borib, zo‘rlaganmi yoki zo‘rlamoqchi bo‘lganmi, bunisini bilmadim. Qizcha yig‘lab kelib onasiga aytib bergan, onasi keyin tez yordam chaqirgan”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir qo‘shnining aytishicha, rasmiylar bu ishni bosti-bosti qilib yuborishmoqchi:

“Bolani qochirib yuborishgan. Qizchaning onasi ishni bosti-bosti qilishgani uchun hamma yerga yozib yuribdi. Qo‘shnilar u bolaning oilasini ko‘chib ketishini talab qilmoqda. Hokim kelib, Narimonni (Narimonovka - Payariq tumani markazining eski nomi – tahr.) nomini bulg‘aydigan kerakmas, yana shunaqa holat takrorlansa hammangni ko‘chaga chiqarib yuboraman, dedi”.

Qo‘shnining aytishicha, ular yashayotgan yotoqxona hind kinolaridagi "trushchobalarni" eslatadi:

"Hokimlik boshpanasi yo‘q, eri yo‘q, kam ta’minlangan, nogiron oilalarga tibbiyot kollejining yotoqxonasi xonalarini o‘ttiztacha oilaga uy qilib bergan. Ko‘pchilik oilaning boquvchisi yo‘q. Bu yerda yashashning o‘zi dahshat. Tualet ko‘chada, bir xonali uy ham yotar joy, ham oshxona. Qiy-chuv, to‘polon, qo‘lansa hid. Bolalar janjallashgan, urishgan. Zo‘rlangan qizcha ham onasi va buvisi bilan yashaydi. Zo‘rlashda gumonlangan bolaning ham otasi yo‘q, onasi va bir singlisi bor".

Ozodlikda qizchaning zo‘rlanganini tasdiqlovchi hujjat yo‘q.

Zo‘rlagani va zo‘rlangani iddao qilinayotgan bolalarning onalari yoki boshqa yaqinlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Payariq tumani hokimligi Xotin-qizlar bo‘limi raisi Dilfuza Mamasoliyeva Ozodlikka bu voqeadan xabari yo‘qligini aytdi.

Tuman hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Farrux Olimov ham bunday voqea bo‘lganini inkor qilar ekan, 9 avgust kuni kechga qadar yana o‘rganib Ozodlikka o‘zi ma’lum qilishini aytdi.

Ammo hokim o‘rinbosaridan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Payariq tuman hokimligining matbuot xizmati mutaxassisi Dilshod Nazarov, ish boshlaganiga endi to‘rt kun bo‘lganini aytib, mutlaqo bu voqeani eshitmaganini ta’kidladi.

Payariq tumani IIB va prokuraturasidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG