Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:58

Rossiyada so‘nggi 8 yildagi eng yirik namoyishlarda yuzlab odam ushlandi (VIDEO)


Moskvada 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida ishtirok etgan 250 dan oshiq odam qo‘lga olindi.

O‘n minglab odam qatnashgan namoyish ishtirokchilarining asosiy talabi keyingi oyga belgilangan shahar dumasi saylovlarida mustaqil nomzodlar qatnashishiga izn berilishidir.

Avvalroq rasmiylar poytaxt turg‘unlarini Saxarov ko‘chasida ruxsat berilgan aksiya ortidan uyushtirilgan “tinch yurishlar” uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Namoyishchilar shahar markazida joylashgan yerda aksiya o‘tkazishni rejalashtirgan edi, ammo rasmiylar bunga ruxsat bermadi.

“OVD-Info” mustaqil nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 10 avgust kuni tunga qadar Sankt-Peterburg shahrida 81 namoyishchi, Rostov-Don shahrida esa 13 odam qo‘lga olingan.

Moskvada qo‘lga olishlar ruxsat berilgan muxolifat namoyishi ortidan avj oldi. Xabarlarga ko‘ra, namoyishlarda 50-60 ming odam qatnashgan.

10 avgust kungi namoyishlar 2011 yildan beri Rossiyada o‘tkazilgan eng yirik aksilhukumat aksiya, deb e’tirof etilmoqda.

Moskvada namoyishchilar yomg‘irga qaramasdan aktsiyada ishtirok etdi. Namoyish qatnashuvchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “o‘g‘ri” deb atab, “Chekist davlat tugatilsin!” deya hayqirishdi.

Yekaterinburg, Vladivostok va Krasnodar shaharlarida yuzlab odam “birdamlik aksiyalariga” chiqdi.

Bundan avval Rossiya politsiyasi 27 iyul hamda 3 avgust kunlari o‘tkazilgan namoyishlarda ishtirok etgan 2,300 dan oshiq odamni ayovsiz kaltaklab, qo‘lga olgani xabar qilingandi.

Politsiyaning bu harakatini G‘arb davlatlari hamda inson huquqlarini himoya qilish guruhlari keskin qoraladi.

Ammo Rossiya rasmiylari saylovda nomzodligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan muxolifat vakillariga tazyiqni kuchaytirmoqda.

Shanba kungi namoyish arafasida politsiya taniqli muxolifatchi Lyubov Sobol saylov shtabini tintuv qildi, natijada siyosatchi aksiyada ishtirok eta olmadi. Sobol niqobli politsiyachilar bostirib kirgani aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarda ulashdi.

Sobol qo‘lga olingan paytda imorat ichida bo‘lgan jurnalistlarning aytishicha, siyosatchi “ommaviy tartibsizliklar” keltirib chiqarish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan. Ammo Sobolning bu ish doirasida ayblanuvchi yoki guvoh ekani noma’lum qolmoqda.

Rasmiylar 11 nafar rossiyalikni ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblamoqda. 10 avgustda o‘tkazilgan namoyish qatnashchilari ayblanuvchilar qo‘yib yuborilishini ham talab qildi.

Bundan avval o‘tkazilgan ikki aksiyadan farqli o‘laroq, 10 avgust kungi namoyishga rasmiylar ruxsat berdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tashqi kuchlarni, jumladan, AQSh elchixonasi hamda Germaniya nashrini namoyishlarni qo‘llashda aybladi.

Norozilik namoyishlariga Rossiya rasmiylari Moskva shahar dumasi saylovi oldidan mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olishdan bosh tortayotgani sabab bo‘lmoqda.

45 o‘rinli Moskva shahri dumasi shahar byudjeti uchun mas’ul bo‘lib, unda eng ko‘p o‘rinni Kremlparast “Yedinaya Rossiya” partiyasi egallagan. Navbatdagi saylov 8 sentabrga belgilangan.

Saylov rasmiylari 7 avgust kuni Sobol va boshqa muxolifat nomzodlarini ro‘yxatga olishdan bosh tortdi.

Saylovda nomzodini ko‘rsata olmagan siyosatchilar orasida muxolifatchi Aleksey Navalniy asos solgan “Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma”ning besh a’zosi bor. Soboldan tashqari ularning barchasi hozir qamoqda.

Navalniyning o‘zi esa rossiyaliklarni norozilik namoyishlarida qatnashishga chorlagani uchun 30 kunlik qamoq jazosini o‘tamoqda.

3 avgust kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Navalniy jamg‘armasi noqonuniy tarzda mablag‘ olishda gumonlanayotganini, shu sabab jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Navalniy va uning sheriklari esa jamg‘arma xalq xayriyalari bilan ish olib borishini, hech qanday qonunbuzarlikka qo‘l urilmaganini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG