Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2019, Тошкент вақти: 01:12

AQSh Rossiyadagi portlashni qanotli raketalar dasturiga aloqador deb hisoblamoqda


Portlash sodir bo‘lgan Nyonoksa yaqinidagi Sevmash verfida turgan atom suvosti kemasi. 2017 yilda olingan surat.

Oq Uyning yuqori lavozimli rasmiysi prezident Donald Trampning Tvitterdagi oldingi izohlarini takrorladi: Vashington Rossiyaning tovushdan tez uchuvchi qanotli raketalar dasturi 8 avgustda kamida besh kishining boshiga yetgan portlashga aloqador deb hisoblaydi.

Ismini oshkor qilishni istamagan rasmiyga ko‘ra, Vashington buni yadro portlashi deb hisoblashga tayyor emas, lekin o‘sha portlashda radioaktiv unsurlar bor edi, deb biladi.

Arxangelskdagi harbiy-dengiz poligoni yaqinidagi Nyonoksa shaharchasida ro‘y bergan portlashdan so‘ng aholini 14 avgustda ko‘chirish rejalashtirilgan edi, lekin keyinchalik bu qaror bekor bo‘ldi.

Ammo Rosgidromet ob-havo agentligi 13 avgustda tarqatilgan xabarlarga qo‘shimcha ravishda yana bir dalilni keltirdi. Unga asosan, Oq dengiz bo‘yidagi Nyonoksa poligonida sinov vaqtida nafaqat zaharli raketa yonilg‘isi, qolaversa, nima ekani aniqlanmagan radioaktiv modda ham ajralib chiqqan.

The New York Times gazetasi 12 avgustda Amerika razvedkasining ismini oshkor qilmagan rasmiylaridan iqtibos keltirib ma’lum qilishicha, aftidan, Rossiya, “yangi turdagi yadro dvigateli bor qanotli raketa”ni sinovdan o‘tkazmoqda, o‘sha portlash “mintaqadagi Chernobil AESi fojasidan keyingi eng qo‘rqinchli yadro falokati” bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 avgustda Tvitterda NATO ekspertlari Skyfall deb atayotgan raketa prototipi sinovi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini yozdi, ammo hech qanday isbot keltirmadi.

O‘tgan haftada ro‘y bergan fojia mahalliy va federal amaldorlarning halok bo‘lganlarning aniq soni va sinovdan aynan nima o‘tkazilayotganiga oid chalkash va noto‘g‘ri axborot berishi sabab taxminlar urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov portlash haqida qisqacha bunday dedi:

‒ Afsuski, noxush voqealar ro‘y berib turadi. Bular – fojia. Biz ushbu holatda fojialar sabab halok bo‘lgan qahramonlarni yodga olishimiz muhimdir, ‒ deya undan iqtibos keltirdi axborot agentliklari.

Nyonoksa shaharchasidan 30 km sharqda joylashgan Severodvinsk shahrida portlash haqida ilk xabarlar paydo bo‘lishi bilanoq dorixonalardagi barcha yod tomchilari tala-tala bo‘lib ketdi; yod qalqonsimon bezni radiatsiyaning ayrim turlaridan himoyalash uchun qabul qilinadi.

Rosgidromet tarqatgan xabarda aytilishicha, 8 avgustda Severodvinskdagi gamma- nurlanish me’yordagidan 4 – 16 barobar baland bo‘lgan. Ammo TASS “Rosatom” agentligiga asoslanib, radiatsiya darajasi odamlar hayoti uchun xavfsiz ekanligi to‘g‘risida.yozdi.

8 avgustda Arxangelsk viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi amaldorlari radiatsiya me’yordagidan 20 barobar baland bo‘lganini aytgan, atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi Greenpeace tashkiloti buni xabar qilib tarqatgan edi.

Severodvinsk shahri ma’muriyati 8 avgustda radiatsiya darajasi oshgani haqida bayonot berdi, ammo keyinchalik o‘sha xabar ma’muriyat vebsaytidan olib tashlandi.

Fojia vaqtida qancha kishi halok bo‘lgani ma’lum qilinmadi.

Norvegiyaning radiatsiyani monitoring qilish agentligi 12 avgustda qurilmalari radiatsiya darajasi ko‘tarilganini aniqlamaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG