Линклар

Шошилинч хабар
16 сентябр 2019, Тошкент вақти: 17:34

Urganchdagi maktabda mebel va parda olish uchun o‘qituvchilarga soliq solindi


Xorazm viloyati Urganch shahridagi rus tilida ta’lim berishga ixtisoslashgan 30-son maktab viloyatdagi yetakchi bilim maskanlaridan biri hisoblanadi.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi rus tilida ta’lim berishga ixtisoslashgan 30 - maktabning o‘qituvchilari sinfxonalarga jalyuzi pardalari va mebel sotib olish uchun avgust oyligining qariyb 30 foizi ushlab qolinishi haqida ogohlantirilgani yuzasidan Ozodlikka arz qildi.

O‘qituvchilar sinfxonalarga jalyuzi va mebel sotib olish masalasi muhokama qilingan majlis audiosini Ozodlikka yubordi.

Maktab direktori Po‘lat O‘rozovning ovozi deb iddao qilinayotgan audioyozuvda ovoz egasi o‘qituvchilarga jalyuzi va stendlar uchun 20 million so‘m zarurligi va bu pul o‘qituvchilarning avgust oyligi hisobidan yig‘ilishi lozimligini aytadi.

Урганчдаги 30-сон мактабда ўтказилган мажлис аудиоси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:52 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka sizdirilgan yana bir hujjatda esa o‘ttizdan ortiq o‘qituvchining ismi, ularning avgust oylik maoshi va shundan qancha pulni maktabga berishi ko‘rsatilgan.

Ozodlikka sizdirilgan hujjatda muallimlarning avgust oyligi va shundan qancha pulni maktabga berishi ko‘rsatilgan.
Ozodlikka sizdirilgan hujjatda muallimlarning avgust oyligi va shundan qancha pulni maktabga berishi ko‘rsatilgan.

​Oylik maoshlari urib qolinishiga e’tiroz bildirgan o‘qituvchilar ishdan bo‘shatilish yoki dars soatlari qisqartirilishi bilan qo‘rqitilganliklarini aytishadi.

30-maktabning ishdan haydalishi xavfi bois ismini ochiqlamagan muallimlaridan biri Ozodlikka maktabda o‘qituvchilar oyliklari urib qolinishi doimiy muammo ekanini aytadi:

- Doim biror narsaga deb oyligimizdan urib qolinadi, pullarni esa direktorimizni o‘zi rasporyadit qiladi. O‘z ixtiyorimiz bilan beryapmiz, deb tilxat ham yozdirib olishadi. Aslida bu chistoy vodi korrupsiya. Maktab uchun pulimizni ayamaymiz, lekin bu pul direktorni yoki boshqaning cho‘ntagiga ketmayapti, deb kim ayta oladi?, - deydi muallim.

30-son maktab direktori Po‘lat O‘rozov.
30-son maktab direktori Po‘lat O‘rozov.

30-maktabning boshqa bir o‘qituvchisi ham oyligidan urib qolinishini Ozodlikka tasdiqladi.

Uning aytishicha, shu yilning may oyi oxirida Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Urganch shahriga tashrifi arafasida rossiyalik martabali mehmon maktabni ham ziyorat qiladi, deb, shahar hokimligi mablag‘lari evaziga maktabning birinchi qavatiga yangi jalyuzilar o‘rnatilib, interyerlar yangilangan. Ammo, Medvedev kelmagan.

- Medvedev keladi, deb dod-voy solishgandi. O‘shanda eski jalyuzi pardalarni olib o‘rniga yangilarini o‘rnatishgan edi. Hozir endi sinfxonalarga o‘sha eskilarini bizning o‘zimizga yuvdirib qo‘yishyapti. Yana oyligimizdan jalyuziga, deb pul urib qolishyapti. Yig‘ilgan bu pul qaerga ketyapti? Kim bu haqda otchyot beradi? , - deydi muallim.

30-son maktab o‘qituvchilari eski jalyuzilarni tozalamoqda.
30-son maktab o‘qituvchilari eski jalyuzilarni tozalamoqda.

Ozodlik ushbu iddaolar yuzasidan izoh olish uchun 30- maktabning direktori Po‘lat O‘rozovning o‘ziga bog‘landi.

O‘rozov suhbatni boshidayoq o‘qtuvchilar oyiligidan urib qolinishini qat’iyan rad etdi.

- Bo‘lmagan gap, o‘qituvchilar oyligidan urib qolinmaydi, men sizga kafolat beraman. Dushanba kuni o‘qituvchilarni yig‘ib, bu haqda ularga aytaman, ular oyliklarini to‘liq olishadi, - dedi O‘rozov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:26 0:00
Бевосита линк

Lekin, Ozodlikka sizdirilgan majlis audiosi va o‘qituvchilarning oyligidan ushlab qolinishi haqida hujjat yuzasidan O‘rozov aniq izoh bermadi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda byudjet xodimlarining maoshlari talon-toroj qilinishi avjiga chiqqan muammo ekanini aytishadi. ​

Xorazmlik sobiq o‘qituvchi Sharofat Sobirova Ozodlik bilan suhbatda muallimlarning oyliklaridan urib qolinishi butun viloyat bo‘yicha tarqalganini aytadi:

- Butun viloyat bo‘yicha qaralsa milliardlab so‘m haqida gap ketadi. Lekin, bu pullar qaerga ketishini hech kim bilmaydi, - deydi Sobirova.

Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilar oyligidan urib qolish taqiqlangani, bunday ishga qo‘l urganlar jazolanishini aytdi.

- Bunday xolatlarga bizda chek qo‘yilgan, maktablarga anjomlar to‘laligicha davlat hisobidan ta’minlanadi, o‘qituvchilar hisobidan emas, - dedi boshqarma mulozimi.

2017 yilda Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi maktab direktori ishchi-xizmatchilari nomiga yozilgan mukofot pullari va oylik maoshlarini o‘z foydasiga o‘zlashtirganlik va 12 nafar xodim nomiga yozilgan 3 million 133 ming so‘m pulni talon-toroj qilganlikda gumonlanib hibsga olingani haqda “Huquq” gazetasi xabar bergan edi.

Shuningdek, maktab direktori ish haqi tarqatish ro‘yxatidagi yana to‘rt nafar xodimning 1 million 622 ming so‘m mukofot pulini qalbaki imzolar bilan olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlikda ham ayblangan. “Huquq” gazetasi xabarida maktab direktoriga qanday jazo tayinlangani ma’lum qilinmagan.

XS
SM
MD
LG