Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:58

Fermerlarga majburan sotilgan dala hovlilarni qurish ham ularning o‘ziga yuklandi


Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar
Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar

Andijon viloyati Xonobod shahridagi “dala hovli”larni qurish bu uylarni olishga majburlangan fermerlarning o‘ziga yuklandi.

O‘tgan oy fermerlar qurilishi boshlanmagan bu "dala hovli"larni 45 million so‘mdan sotib olishga majburlangan va ularga bitgan uyning kalitini topshirish va’da qilingan edi.

Ammo viloyat hokimligi 19 avgustga kelib¸ bu qurilishga mablag‘ yo‘qligi iddaosi bilan¸ uni qurishni fermerlarning o‘ziga topshirgan.

20 avgust kuni Andijon viloyati va tumani hokimligi mulozimlari Ozodlikning bu xabar bilan bog‘liq savollariga javob berishni istamadi.

Xonobodda qurilayotgan Andijon tumani "dala hovli"lari
Xonobodda qurilayotgan Andijon tumani "dala hovli"lari

Hokimiyat tazyiqidan qo‘rqib 20 avgust kuni Ozodlik bilan ismi sir qolishini so‘rab gaplashgan andijonlik fermer, o‘tgan oy o‘zlariga majburan sotilgan dala hovlini qurish ham endi o‘zlariga buyurilganini xabar qildi.

“Tuman hokimi bug‘doydan yaxshi daromad ko‘rgan fermerlarni Xonoboddan uy olishga majburlagan edi. Xonobod havoli, yaxshi joy, dacha bo‘ladi, borib dam olib kelasizlar, 45 million so‘m o‘tkazsalaring bo‘ldi, quruvchilar o‘zi “ot i do” qurib, kalitini sizlarga topshiradi, deb hokim aytgan edi. Uydan 50-60 kilometr uzoqda bo‘lsa ham, majburlikdan olgan edik. Endi esa, bug‘doy puli hali tushmayapti, qurilish kech qolayapti, o‘zlaring borib qurilishga yordam beringlar, deb majburlayapti”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermerning aytishicha, Andijon tumanidan qariyb o‘ttiz nafar fermer ayni kunlarda o‘z ishini tashlab, qurilish materiallariga pul berish ustiga Xonobodga qatnab ustalarga tushlik va kechki ovqat berishga ham majbur qolgan.

“Biz hozirgacha o‘z yonimizdan 20-25 milliondan pul sarflab bo‘ldik. Ikki million topamizmi, uch millionmi, o‘sha yerdagi prorabga olib borib berayapmiz. U bu pulga shag‘al, g‘isht, qum, sement olib qurilishni bir amallab qilayapti. Hokim 15 sentabrgacha, bitkazishasan¸ deb majbur qilayapti. Ustalarga ovqat ham qilib berayapmiz. Hamma fermerlar har kuni Xonobodda”, deydi bu fermer.

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov Ozodlik muxbirining savollariga javob bermadi - Ozodlik so‘zini eshitishi bilan mobil telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Mirzakarimov ham ayni shunday aloqani uzib qo‘ydi va Ozodlikning boshqa qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Uydan 50-70 kilometr uzoqlikdagi "dala hovli"lar

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qarori bilan 2019 yil “Obod qishloq” dasturi doirasida Qirg‘iziston bilan chegaradosh Xonobod shahrida 1400 ta uy qurish rejalangan.

Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar
Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar

Avvaliga “kam ta’minlangan oilalar uchun” deb taqdim etilgan ikki sotix yerda quriladigan ikki xonali bu uylar loyihasi¸ Ozodlik gaplashgan andijonliklarga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay “dala hovli” deb atala boshlangan. Hech qanday infratuzilma yo‘q qir-adirda quriladigan bu uylarga xaridor topilmagani ortidan¸ ularni sotib olish o‘zi shundoq ham asosiy vaqti dalada o‘tadigan fermerlar bo‘yniga qo‘yilgan.

Andijon viloyatining har bir tumaniga loyihaga kiritilgan 1400 ta shunday uyni qurish va olish ma’muriy reja bo‘yicha taqsimlab berilgan.

Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar
Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar

Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra, bu uylarni sotib olish fermerlar barobarida tadbirkorlarga ham yuklanmoqda.

“Bananza”, “Mo‘’jiza”, “Karamel” yemakxonalari, “Bog‘ishamol” mehmonxonasi va boshqa tadbirkorlar Xonoboddagi uylar qurilishida ishtirok etishga majburlangan va 45 million so‘mdan pul o‘tkazgan”, deb yozdi Ozodlikka andijonlik tadbirkorlardan biri.

Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"larda fermerlar ustalarga ovqat qilmoqda
Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"larda fermerlar ustalarga ovqat qilmoqda

Xonobodda qurilayotgan "dala hovli" deb atalayotgan ikki xonali uylar qurilishidan Ozodlikka yuborilgan suratlarda ularning tap-taqir adirlikda qurilayotgani ko‘riladi.

Qurilish jarayonida bevosita qatnashayotgan Ozodlik suhbatdoshlari uylar devorining¸ asosan, shlakoblok (sement, tosh va qum qorishmasidan tayyorlangan g‘isht)dan ko‘tarilayotgani¸ shifer ostidagi tomlarning esa loy bilan suvalayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG