Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2019, Тошкент вақти: 20:49

Fermerlar: 70 km uzoqda uy qurishni istamaganimiz uchun Paxtaobod hokimi bizni jazolamoqda


Paxtaobod tumani hokimligi

Andijon viloyat, Paxtaobod tumanidagi fermerlarning aytishicha, tuman hokimi ularni Paxtaoboddan 70 kilometr uzoqlikdagi Xonobod shahrida “dala hovli” qurishdan bosh tortgani uchun jazolamoqda.

Fermerlarning iddao qilishicha, tuman hokimi ularni bug‘doy va paxtadan urug‘lik yetishtiruvchilar tanlab olinadigan tenderdan o‘tkazmaslik haqida qishloq xo‘jalik boshqarmasiga og‘zaki topshiriq bergan.

Tuman hokimi Ozodlik bilan suhbatda, urug‘lik yetishtiruvchi fermerlarning bu iddaosini inkor qilmadi, "holatni o‘rganib xabar berishini" aytdi.

Paxtaobod tumani
Paxtaobod tumani

Ma’lum bo‘lishicha, har yili tender o‘tkazilib, unda kelasi yili bug‘doy va paxtadan urug‘lik yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari tanlab olinadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, bu yilgi tenderga Paxtaobod tumanidagi uch fermer xo‘jaligi tuman hokimining buyrug‘i bilan qo‘yilmasligi mumkin:

“Xonobod” shahridagi “dala hovli”lardan 54 tasini qurish Paxtaobod tumani chekiga tushgan. Tuman bo‘yicha olti nafar fermer bu qurilishni bo‘yniga olishdan bosh tortdi. Shulardan bittasi menman. Buning ikkita sababi bor. Birinchidan, bu “dala hovli”ning qurilishiga qariyb yuz million so‘m pul ketarkan. Mening ortiqcha buncha pulim yo‘q. Ikkinchidan, uyimizdan 70 kilometr masofadagi “dala hovli” menga kerak emas. O‘zi qishloqda yashasak, hamma tomonimiz dala bo‘lsa, hovlimiz bo‘lsa, boshimga uramanmi men uni. “Dala hovli” odatda qishloqda uyi bo‘lmagan shaharliklar uchun qurilmasmidi?”

Fermerning aytishicha, bu qurilishdan u bosh tortgani uchun tuman hokimi uni urug‘chilik bilan shug‘ullanish tenderidan o‘tkazmaslik haqida qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga og‘zaki topshiriq bergan:

“Biz paxta va bug‘doy urug‘chiligi bilan shug‘llanamiz. Tumandagi rentabelli fermerlarmiz, rejalar doim 120-130 foiz. Har yili urug‘lik yetishtiradigan fermerlarni aniqlash bo‘yicha tender bo‘ladi. Biz tajribamiz va ko‘rsatkichlarimiz bo‘yicha har yili yutib kelamiz. Kecha hokimiyatga borsam, tanish xodimlar “hokimdan kechirim so‘rab qo‘ying, Xonobodda uy qurmaganlaring uchun sizlarni tenderdan o‘tkazmaslik haqida boshqarma boshlig‘iga topshiriq berdi”, dedi. Boshqarma boshlig‘iga kirib so‘rasam, shunday topshiriq bo‘lganini tan oldi”.

Hokimiyat tazyig‘idan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermer ham hokim Xonoboddan “dala hovli” qurmagan fermerlarni tenderdan o‘tkazmaslik haqida topshiriq berganini isbotlovchi audioyozuv borligini aytdi:

“Men hokimlik mulozimlaridan biri bilan telefonda gaplashib uning ovozini yozib oldim. Mulozim hokim uy qurmaganlarni o‘tkazmaysan deb topshiriq berganini aytadi. Hokimga borgan edim, qabul qilmadi. Juda qiziq ishlar bo‘lyapti. Masalan, tuman hokimligida ishlaydigan o‘rinbosar va qishloq xo‘jaligiga taalluqli barcha rahbarlarning yaqin odamlarida fermer xo‘jaligi bor. Ajablanarlisi shundaki, ularning birortasiga Xonoboddan dacha qurasan, deb aytilmagan. Odam ajratish bo‘lyapti”.

Paxtaobod tuman hokimi Mahmudjon Bozorov Ozodlik savoliga javob berarkan, urug‘chilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarning tanlovdan o‘tkazilmasligi haqida topshiriq berganini inkor qilmadi:

“Xabarim yo‘q, bundan. Hozir aniqlab turib bir soatdan keyin sizga axborotini beramiz. Bir soatdan keyin qo‘ng‘iroq qiling”.

Ammo, Ozodlikning bir soatdan keyin qilgan qo‘ng‘iroqlariga hokim javob bermadi.

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qarori bilan 2019 yil “Obod qishloq” dasturi doirasida Qirg‘iziston bilan chegaradosh Xonobod shahrida 1400 ta uy qurish rejalangan.

Avvaliga “kam ta’minlangan oilalar uchun” deb taqdim etilgan ikki sotix yerda quriladigan ikki xonali bu uylar loyihasi¸ Ozodlik gaplashgan andijonliklarga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay “dala hovli” deb atala boshlangan. Hech qanday infratuzilma yo‘q qir-adirda quriladigan bu uylarga xaridor topilmagani ortidan¸ ularni sotib olish o‘zi shundoq ham asosiy vaqti dalada o‘tadigan fermerlar bo‘yniga qo‘yilgan.

Andijon viloyat hokimligi 1400 ta yer uchastkasini tumanlarga taqsimlab bergan. Tuman hokimliklari esa, o‘z navbatida fermerlar va tadbirkorlarni o‘z hisobidan uy qurishga majburlayapti.

Bu yil iyulda boshlangan qurilishlarga avval fermerlarning hisobidan 45 million so‘mdan majburlab pul o‘tkazish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ozodlikka 18 iyul kuni murojaat qilgan fermerlar, bu yilgi bug‘doydan tushgan daromad hisobiga Xonobod shahrida qurilayotgan 2 xonali uylardan sotib olishga majburlangani haqida shikoyat qilgan edi.

Ammo, oradan qariyb ikki oy o‘tayotgan bo‘lsa-da, fermerlarning bankdagi hisobiga bug‘doy puli tushmadi va qurilishga mablag‘ o‘tkazilmadi.

Endi, hokimlar fermerlarni "dala hovli"larni o‘z hisobidan qurishga majburlay boshladi.

Bu haqda Ozodlik 20 avgust kuni "Fermerlarga majburan sotilgan dala hovlilarni qurish ham ularning o‘ziga yuklandi" sarlavhali maqolasida xabar qildi.

Ayni paytda Xonobodda tadbirkorlar o‘tkazgan pul hisobiga quruvchilar "dala hovli"larni qurmoqda, pul o‘tkazolmagan fermerlar esa o‘zlari borib, qurilish materiallari olib bermoqda.

Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar
Xonobodda qurilayotgan "dala hovli"lar

Xonoboddagi "dala hovli" deb atalayotgan ikki xonali uylar, Ozodlikka yuborilgan suratlarda, tap-taqir adirlikda qurilayotgani ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG