Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2019, Тошкент вақти: 03:36

Diniy idorada bezorilik qilganlikda ayblanganlar ustidan sud boshlandi (VIDEO)


Sudlanuvchilar Rustam Karimov (chapda) va To‘lqin Astanov.

Joriy yilning aprelidan beri "diniy" ayblovlar bilan DXX hibsxonasida ushlab turilgan ijtimoiy tarmoqlar faoli Rustambek Karimov va tilxat asosida qo‘yib yuborilgan To‘lqin Astanovlar ustidan Toshkent shahar sudida 23 avgust kuni boshlangan mahkama 6 sentabrga qoldirildi.

DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tuzilib, Toshkent shahar prokuraturasi tasdiqlagan ayblov xulosasiga ko‘ra, (Ozodlikda nusxasi bor) , ular diniy-ekstremistik materiallarni saqlaganlikda hamda tarqatganlikda ayblanmoqda.

Tergov materiallarida To‘lqin Astanov o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgani ko‘rsatilgan. Rustambek Karimov esa, yaqinlari bildirishicha, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni to‘liq rad etmoqda.

23 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 1975 yilda tug‘ilgan Karimov Rustambek Abdurashidovich va 1971 yilda tug‘ilgan Astanov To‘lqin Toshmurodovichga nisbatan sud mahkamasi boshlandi.

Sudlanuvchi sudga advokatsiz keldi

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Rustambekning ukasi Dilshod Karimovga ko‘ra, To‘lqin Astanov himoyachisiz sud zaliga kelgan va sudya Qilichev ushbu holat qonunchilikka zid ekani, unga davlat tomonidan himoyachi taklif etilishini yoki mustaqil advokat yollashi mumkinligini aytgan va sud majlisini boshqa kunga ko‘chirgan:

- 23 avgust kuni sud majlisi 6 sentabrga qoldirildi. Sababi Astanov To‘lqin “Advokat yollayman” degani uchun. Mening akam Rustam Karimov advokatdan voz kechgan. “Hech narsa o‘zgarmaydi”, deb o‘zini o‘zi himoya qilyapti. Tergovchi bilan gaplashganimda, 244-1- moddani qo‘llashibdi. O‘zbekistonda taqiqlangan diniy aqidaparastlik videolarni saqlagani, taqiqlangan saytlarga kirgani uchun. “Jamoat tartibini buzdi”, deb unga avval 15 sutka berishdi va shu kunlar ichida unga 244-1- moddani yopishtirib, mana 4 oydan beri qamoqxonada,- dedi Dilshodbek Karimov.

Sud mahkamasida o‘zini o‘zi himoya qilishini aytgan Rustam Karimov "qonun ishlamagan jamiyatda hamma qamalaveradi", deganini aytdi Ozodlikka sud jarayonini kuzatgan ayblanuvchining ukasi.

Ayblov xulosasi
Ayblov xulosasi

Dilshodbek tergovchilar akasi bilan 4 oydan bo‘yon uchrashishga ruxsat berilmayotganiga ham etibor qaratdi. U Davlat xavfsizlik xizmati tergovchilari ularning yaqinlarini tergov jarayoniga yaqinlashtirmaganini va sud mahkamasi adolatli olib borilishiga jiddiy shubha bildirdi.

Suhbatdosh akasi unga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat’iyan rad etib kelayotgani va uning telefonidagi materiallar boshqalar tomonidan messenjerlar va tarmoqlar orqali yuborilgan materiallar ekanini aytayotganini bildirdi.

- Bunday materiallar hammada topiladi. Bunday ayblovlar asosida hammani qamoqqa tiqib qo‘yadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda odam qolmasligi kerak, - dedi Dilshod Karimov.

Rustambek Karimov va To‘lqin Astanov joriy yilning 8 aprelida Musulmonlar idorasida mayda bezorilik va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabini bajarmaslikda ayblanib hibs etilgan va 15 sutkaga qamalgan edi.

Shundan so‘ng 20 aprel kuni DXX Tergov boshqarmasi Rustambek Karimov va To‘lqin Astanov ustidan JKning 244-1 - moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, tuzilgan ayblov xulosasini Toshkent shahar prokuraturasi 5 avgustda tasdiqlagan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ish qo‘zg‘atilishiga Karimov va Astanovning “telefonlarida mavjud bo‘lgan aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hamda aholi orasida vahima chiqarishga xizmat qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida saqlab kelganligi” holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.

Ayblov xulosasida Rustam Karimov haqida nima deyilgan?

Ayblov xulosasi mazmunidan sudlanayotgan Karimov va Astanovga bildirilgan ayblovlar asosan ularning telefonidagi yozuvlari, foto va videomateraillari hamda Feysbukdagi postlariga tayanib chiqarilgani anglashiladi.

DXX tergovchilari Rustam Karimovning “Huawei” telefonida, masalan, quyidagilarni topgan:

- Rashod Kamolovning (Qirg‘izistonlik imom) “do‘zax ahlining aksariyatini ayollar tashkil etishi”;

- “Iroq va Shom islom davlati” terrorchi tashkiloti tomonidan tayyorlangan qatl etish sahnalari” aks etgan videolar va boshqa materiallar;

- O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev masxara qilingan rasm;

- aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan hamda zo‘ravonlik, behayolik, besoqolbozlikni targ‘ib qiluvchi turli pornografik mazmundagi materiallar.

Ayblov xulosasida To‘lqin Astanov​ haqida nima deyilgan?

Ayblov xulosasidan To‘lqin Astanov uning qo‘l telefonida topilgan quyidagi mazmundagi materiallar asosida ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi:

- xotin-qizlar, Yangi yil bayrami bid’at ekanini tushuntirish kerakligi mazmunidagi fikrlar aks etgan surat;

- masjidlardagi Qur’on xatm marosimlari, arab tili grammatikasi va Qur’on o‘qitish qoidalari hamda islom tarixiga oid elektron kitoblar, diniy multfilmlar;

- "Hizb ut-Tahrir" tashkilotining atributi sanalmish bayroq fotosi;

- Abdullo Buxoriy, Qobil Toshpo‘latov ma’ruzalari va darsliklari, Nurulloh Muhammad Raufxonning “Bu kunlar” kitobi va boshqa diniy mazmundagi videomateriallar.

Shuningdek, ayblovchilar To‘lqin Astanov va Rustam Karimovning Facebookdagi sahifalaridagi matnlar, kommentariylar, fotosuratlar va ularga bildirilgan sharhlar birma-bir tahlil qilib chiqilgani va ayblov xulosasiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Sudlanayotganlar haqida nima deyishmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda To‘lqin Astanov va Rustam Karimov himoyasiga aksiya davom etmoqda. Tergovni kuzatib borayotgan ijtimoiy faol Dilobar Erkinzoda ayblov xulosasi bir kun oldin To‘lqin Astanovning Facebook sahifasida paydo bo‘lgani va o‘sha kuniyoq olib tashlanganini aytdi.

- To‘lqin akaning sahifasida paydo bo‘lganida men baxtli tasodif tufayli hujjatlarni ko‘chirib oldim. Keyin o‘chirib tashlashdi. O‘zi Rustam Karimni Polsha hukumati deport qilmasligi kerak edi, chunki u uchun qamalish xavfi bor edi. U hukumatni qattiq tanqid qilardi. U O‘zbekistonda ham tek yurmadi: ro‘mol masalasida mojaro boshlanganida ular diniy idoraga borishgan, Abdulaziz Mansur bilan uchrashishgan, hech qanday janjal bo‘lmagan, domla kitobini sovg‘a qilgan. Lekin keyin negadir ular militsiya chaqirtirib, bularni bezorilikda ayblab, 15 sutkaga qamashdi, dedi Dilobar Erkinzoda.

Faolning mahbuslar yaqinlariga tayanib aytishicha, birinchi oy davomida Rustam Karimning qaerda ekani va nimada ayblanayotgani to‘g‘risida xabar berilmagan. U davlat tomonidan berilgan advokatga ishonmasligi bois, uning xizmatlaridan voz kechgani va o‘zini-o‘zi himoya qilayotganini aytdi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 244- moddasi 1-qismida (“Diniy ekstremizm, ayirmachilik va fundamentalizm g‘oyalari aks etgan har qanday shakldagi ma’lumot va materiallarni tarqatganlik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda ayblanmoqda.

Jinoyat kodeksining 244-1- moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun besh yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Apreldagi voqea

Musulmonlar idorasi bezorilikda ayblagan Facebook faollari - Rustam Karimov (Karimov Rustambek Abdurashidovich) va To‘lqin Astanov (Astanov Tulkun Tashmuradovich)lar 15 sutkaga hibsga olingani to‘g‘risida Bosh prokuratura ma’lum qilgani to‘g‘risida Ozodlik 10 aprelda xabar bergan.

Buning ortidan tilga olingan shaxslarga oid materiallar huquqiy baho berish maqsadida DXXning Tergov Boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilgan, R. Karimov va T. Astanovga tegishli mobil telefonlar xotiralarida O‘zbekistonda faoliyati ta’qiqlangan ekstremistik tashkilotlarga tegishli va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hamda aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar mavjudligi aniqlangan va ular DXX hibsxonasiga qamalgan edi.

XS
SM
MD
LG