Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:35

Fermerlar: Hokimlik bizga “Navbahor” klubi stadioni uchun yana soliq soldi


Navbahor-Paxtakor o‘yinidan surat
Navbahor-Paxtakor o‘yinidan surat

Ozodlikka 26 avgust kuni yuborilgan ma’lumotda aytilishicha¸ Namangan viloyati Chortoq tuman hokimi tumanda yangi stadion qurilishi uchun fermerlarga 500 ming so‘mdan norasmiy soliq solgan.

26 avgust tungi soat 10 ga qadar pulni o‘tkazish buyurilgan fermerlar¸ aks holda "davlat siyosatiga qarshi chiqqan"lik uchun yeri tortib olinishidan ogohlantirilgan.

Ozodlik gaplashgan fermerlardan biri¸ bu iddaoni dalillash uchun to‘lov kvitansiyasini ilova qildi.

Ular ta’kidicha¸ "Navbahor" stadioni ta’miri uchun mablag‘ yig‘ish butun viloyat bo‘yicha bormoqda va bu buyruq aslida viloyat hokimi tomonidan berilgan.

Chortoq tuman hokimi yordamchisi Ozodlikka nafaqat fermerlarga noqonuniy soliq solingani¸ 26 avgust kechqurun bu masalada majlis bo‘lishini inkor qildi.

Namangan viloyat hokimligidan esa¸ bu xabarga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Og‘zaki buyruq

Ozodlikka murojaat qilgan chortoqlik fermerlar¸ hokimlikning tumandagi qurilishlarga fermerlardan majburiy mablag‘ undirishining oxiri ko‘rinmayotganini iddao qilar ekan, bunday dedi:

Chortoq tumanidagi fermerlardan “Navbahor” stadioniga pul o‘tkazishga majburlanayapti. Bu og‘zaki buyruq asosida bo‘layapti. O‘zi yaqinda metallolomga deb 500 ming olishuvdi”.

Bu fermer o‘z iddaosini tasdiqlash uchun 500 ming so‘m o‘tkazilganini tasdiqlovchi bank hujjatini ilova qildi.

Unda “Navbahor” futbol klubining "Turonbank"dagi hisobiga 500 ming so‘m o‘tkazilgani aks etgan.

Tungi “razborka”

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 26 avgust – fermerlarga “Navbahor” klubi hisobiga 500 ming so‘mdan o‘tkazish uchun berilgan muhlat tugaydigan kun va tungi 10 da o‘tkaziladigan majlisda pul o‘tkazmagan fermerlar birma-bir so‘roq-javob qilinadi:

"To‘rtta sektor rahbari ( hokim¸ prokuror¸ IIB boshlig‘i va soliq inspeksiyasi boshlig‘i -tahr.) o‘z hududidagi fermerlarga SMS yubortirdi. Unda “Hurmatli fermerlar¸ bugundan qolmay Navbahorga mablag‘ o‘tkazinglar. O‘tkazmaganlar¸ kech soat 22 00da hokimiyatga razborga deyilgan".

Ozodlik suhbatdoshlari¸ Namangan futbol klubi stadioni uchun majburiy yig‘imning birinchi marta bo‘lmayotganini ham e’tirof etdi:

Tumandagi hamma fermerlar to‘layapti. 4-5 yildan beri to‘laymiz¸ evaziga bir oyda bir tushib futbol o‘ynab kelishga ruxsat beriladi¸ deydi. Dala ishidan bo‘shamaydigan fermerning futbol o‘ynashga vaqti bormi? Bermagunimizcha¸ hokimiyatga chaqirib¸ siyosatga qarshimisan¸ deb razbor qiladi¸ kechasi bilan tik turg‘izib och qo‘yadi. Keyin yana ertalab bor pulni top¸ o‘tkaz¸ deb chiqarvoradi. Shunga ko‘pchilik¸ baribir foydasi yo‘q¸ deb indamay to‘lab qo‘yaqoladigan bo‘lgan”.

Inkor

Ozodlik Chortoq tuman hokimi yordamchisidan¸ fermerlar shikoyatiga munosabat so‘raganda¸ rasmiy avvaliga bu xabarni mutlaq inkor qildi:

Hokimlikning stadion bilan ishi yo‘q. Fuqarolar o‘z istagi bilan mahalliy klubga pul o‘tkazsa¸ bu ularning ishi. Fermerlarga biz hech qanaqa SMS jo‘natmadik¸ bugun kechqurun hech qanday majlis yo‘q¸ bilishimcha”.

Ozodlik ixtiyorida to‘lov haqidagi hujjatlar va yuborilgan SMS nusxasi borligini eshitgan hokim yordamchisi¸ “shaxsan o‘zining bunday buyruq va majlisdan bexabarligi”ni aytish bilan¸ suhbatni qisqa qildi.

Majburiy yig‘imlarga qurilgan stadion

2013 yili Namangan viloyati “Navbahor” futbol klubi uchun zamonaviy talablar darajasidagi stadion qurilishi boshlangan va shundan beri Ozodlikka viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan o‘qituvchilardan tortib “Damas” haydovchilarigacha “stadion solig‘i” solinganiga oid muttasil noroziliklar yuborilmoqda.

O‘zbekistonda futbolni moliyalashtirish davlat idoralarining “sponsorlik yordami” ustiga qurilgani bois¸ mamlakat bo‘ylab futbol o‘lponi solinish holatlari muttasil tus olgan.

Xususan¸ o‘tgan oy surxondaryolik tadbirkorlar “Surxon” futbol klubi uchun 50 million so‘mdan pul o‘tkazishga majburlanayotgani haqida Ozodlikka xabar yo‘llagan edi.

Joriy yil yanvarida Andijon viloyati hokimi ​viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.

Viloyatdagi jami 167 ta korxona va tashkilotga “futbol solig‘i” solingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Ozodlikka yuborilgan videoda Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov futbol klubining faoliyati 100 foiz "homiylik yig‘imi" asosida moliyalashtirilayotganini e’tirof etgani ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG