Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:16

Sobiq chechen komandiri Berlinda otib o‘ldirildi. Moskva bilan Grozniy gumon qilinmoqda


Zelimxan Xangoshvili
Zelimxan Xangoshvili

Ikkinchi chechen urushida ruslarga qarshi urushgan rota komandiri 2016 yili Germaniyaga boshpana izlab kelganida o‘tmishi bilan aloqani uzishni niyat qilgan, oilasi bilan Berlinga ko‘chib kelgandan so‘ng har safar mahalliy masjidga juma namoziga chiqar edi. U 23 avgustda ibodatdan so‘ng uyiga qaytayotganida bir kishi velosipedda yoniga kelib, ikki marta boshiga qarata o‘q uzgach, o‘sha yerning o‘zidayoq jon berdi.

Xangoshvili Kreml yoki Rossiya maxsus xizmatlariga qarshi kurashda qatnashgan chechen qochqinlaridan sirli ravishda o‘ldirilgan navbatdagi kishi bo‘ldi.

Nemis politsiyasi qotillikda gumon qilingan kishini qo‘lga oldi, tergovchilar qotillik siyosiy bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Xangoshvilining tanishlari qotillik ataylab uyushtirilganini va bu marhumning 2000-yillarda Chechenistonda dala komandiri bo‘lgani bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Ayrimlar Germaniya hukumatini unga boshpana bermagani uchun tanqid ham qilmoqda.

Tanishi Sayxan Mirzayev «Nastoyashchee vremya» telekanaliga Xangoshvili Checheniston urushida o‘rta bo‘g‘in komandiri bo‘lgani va bu ta’qib uchun yetarli ekanini aytdi.

Boshqa tanishlari Xangoshvili doimiy xavotir ostida yashayotganini, Rossiya maxsus xizmatlari o‘zini tinmay qidirayotganini gapirib yurganini eslaydi

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Xangoshvilining o‘limida Rossiya hukumatining qo‘li borligi haqidagi iddaolarni rad etdi.

Xangoshvilining tarixi Gruziyaning chechenlar jamoasi yashaydigan Pankisi darasiga borib taqaladi. Rossiyalik ko‘plab chechenlar ham o‘sha yillarda daraga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan edi.

Rossiya qo‘shinlari 1999 yili Chechenistonga bostirib kirgach, Xangoshvili urushayotan chechenlar qatoriga borib qo‘shilgan edi. U o‘nlab jangchilardan iborat rotaga komandir bo‘lgan.

Xangoshvili mashhur chechen dala komandirlari Shamil Basayev va Aslan Masxadov bilan yonma-yon jang qilgan.

Tanishlariga ko‘ra, U 2005 yili Rossiyadan Gruziyaga qochib o‘tgan. U taxminan 7000 kishi yashaydigan Pankisi darasidagi qochqinlar orasida hurmat qozongan edi.

Akasi Zurabning aytishicha, 2008 yili Zelimxanni o‘g‘irlab ketishga urinish bo‘lgan. 2015 yili Tbilisi markazida ro‘y bergan suiqasddan qo‘li va yelkasidan 4 marta o‘q yeganiga qaramay omon qolgan.

Shundan so‘ng u qarindoshlari bilan birga Gruziya hukumatiga o‘zini himoya qilishni so‘rab murojaat qiladi, ammo rad javob oladi. Prokurorlar uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan kishini topib jazolash uchun deyarli hech ish qilmaydi. Oqibatda Ukraina va Polsha orqali Germaniyaga qochishga majbur bo‘ladi.

Zurabga ko‘ra, qotillar «uni Gruziyada o‘ldirmoqchi bo‘lgan kishilardir. Jangarilar boshqa bo‘lishi mumkin, lekin tashkilotchilar – o‘sha-o‘sha: Rossiya Federal xavfsizlik xizmati».

Germaniya axborot vositalari Xangoshvilini Rossiya maxsus xizmatlari o‘qiga nishon bo‘lganini aytib, uning o‘limini 2018 yilda ikki tomonlama josus Sergey Skripalning Angliyada zaharlangani bilan solishtirdi.

2006 yili prezident Vladimir Putin Rossiyadan tashqarida yashayotgan va mamlakatga terrorchilik xavfi tug‘diradi, deb hisoblanayotgan kishilarni o‘ldirish haqidagi farmonga imzo chekkan edi.

2008 yili chechenlarning Rossiyadan ajralib chiqish uchun kurashayotgan harakati vebsaytida Rossiya maxsus xizmatlari tuzgan «ro‘yxat» e’lon qilingan edi.

Tanishlariga ko‘ra, Pankisi darasida Xangoshvilining hurmati katta, unga Gruziya hokimiyat idoralarining ham munosabati yaxshi bo‘lgan. 2008 yili u rejalashtirilgan topshiriqni bajarishi kerak bo‘lgan bo‘linmaga boshchilik qilgan. Lekin rossiyaliklar 5 kunda Gruziya qo‘shinlarini tor-mor qilgach, Janubiy Osetiyani Moskva mustaqil deb tan oldi. Xangoshvili boshliq bo‘linma janglarda qatnashishiga hojat qolmadi. Ammo uning gruzinlar tarafida bo‘lganini Rossiya tarafi kechira olmadi.

Bevosita qotillik tergoviga qaytsak, 24 avgustda tergovchilar Rossiya vatandoshi Vadim S. degan kimsani qo‘lgan oldi, politsiya g‘avvoslari o‘sha kimsa suvga tashlab yuborgani gumon qilinayotgan Glock 26 to‘pponchasi bilan velosipedni daryodan topdi.

Boshqa chechenlar Xangoshvilining o‘limi 2012 yili Gruziyada ro‘y bergan va kuch ishlatilgan noxush hodisa bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi masalani ko‘tardi. O‘shanda Gruziya xavfsizlik kuchlari bilan chechen jangarilari o‘rtasida otishma ro‘y bergan edi.

Ayni qarama-qarshilik vaqtida jangarilar bir necha kishini garovga oladi, Xangoshvili esa ularni ozod qilish uchun Gruziya xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qiladi. O‘sha qaqshatqich otishmada 10 ga yaqin kishi halok bo‘ladi.

O‘sha otishma va unda Xangoshvilining vositachilik qilgani janglarda halok bo‘lgan kishilarning qarindoshlari yoki tarafdorlari noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lishi gumon qilinmoqda. Berlindagi qotillik shunga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Lekin buni uning Pankisi darasidagi obro‘si yuqori bo‘lgani sabab rad etayotganlar ham yo‘q emas.

Xangoshvili chet elda sirli ravishda o‘ldirilgan birinchi chechen qochqini emas, uning o‘limida Rossiya agentlari qo‘li borligi gumon qilinayotgani sabab shu.

2004 yilda Zelimxan Yandarbiyev Qatarda, 2009 yili Sulim Yamadayev Dubayda, 2009 yili Umar Isroilov Venada o‘ldirilgan edi. Uchala qotillikda ham Rossiya maxsus kuchlari yoki Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ayblangan edi.

XS
SM
MD
LG