Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 09:51

O‘zbekiston elchixonasi o‘zbeklarning Finlyandiyadan deportatsiyasi rasman tasdiqlanmaganini bildirdi


Finlyandiya Migratsiya xizmati – Migri oxirgi yarim yilda mamlakatdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 219 kishiga yetgani, yana 258 o‘zbekistonlikka ishga ruxsatnoma berilmaganini ochiqladi. Bu xabarni tarqatayotgan Finlyandiyaning Yle nashriga ko‘ra, soxta diplomlar bilan mamlakatga kirib kelishga urinayotgan o‘zbeklar soni kamaymayotir.

Biroq, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi, mahalliy matbuotda keltirilayotgan raqamlar rasmiy tarzda e’lon qilinmagani bois, ularga shubha bilan qarashga chaqirdi.

Finlyandiyaning Yle nashrida “O‘zbeklar soxta diplomlar bilan Finlyandiyaga kirib kelishga urinishlarni davom ettirmoqda” maqolasi chop etildi.

Maqolada yozilishicha, mamlakat Migratsiya xizmati – Migri oxirgi yarim yilda Finlyandiyadan 219 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Undan tashqari, Migri 258 nafar o‘zbekka ishga ruxsatnoma berishni rad etdi. Joriy 2019 yilda ishga ruxsatnoma 42 o‘zbekistonlikka berildi”, deb Migratsiya idorasidagi manbasiga tayanib xabar qildi Yle.

O‘zbekistonlik ishchilarga ishga ruxsat berilmayotganiga aksar hollarda ularning finn migratsiya hukumatiga taqdim etgan qurilish texnikumini bitirgani borasidagi qalbaki diplomlar sabab bo‘layotgani aytildi.

Finlyandiya jurnalistlari soxta diplomlar bilan Finlyandiyaga ishga kelayotgan o‘zbeklar soni kamaymayotganini iddao qildi.

Ular qalbaki diplomlar bilan O‘zbekistondan kelish hollari asosan 2017-2018 yillari davomida avj olganini yozdi.

Biroq Finlyandiya Migratsiya idorasi rasmiy saytida ham bu masalada hozircha biror rasmiy izoh berilmaganini ko‘rish mumkin.

Bundan oldinroq Ozodlik Finlyandiya Migratsiya xizmati 2019 yilning bahor va yoz oylarida 139 nafar o‘zbekistonlikni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani borasida xabar bergandi.

Shov-shuvni keltirib chiqargan qalbaki diplomlardan biri
Shov-shuvni keltirib chiqargan qalbaki diplomlardan biri

Deportatsiya qilinayotganlarning deyarli hammasi 1993 yilda faoliyati to‘xtatilgan “Tuyamo‘yingidrostroy” trestining O‘quv kombinatida quruvchilikning turli yo‘nalishlarida tahsil olgani to‘g‘risida diplom taqdim etgan.

Biroq, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi xodimlariga ko‘ra, keltirilayotgan raqamlarga shubha bilan qarash kerak, zero bu ma’lumotlar rasmiy tarzda e’lon qilinmagan.

- Pressadagi ma’lumot bu. Afsuski Finlyandiya tarafi aniq sonlar bo‘yicha bizga rasmiy ma’lumot bergani yo‘q. Iltimos qilganmiz, kutib turibmiz. Tushunmovchiliklar ko‘p bo‘lyapti shuning ortidan – har xil raqamlar chiqyapti, O‘zbekistonda ham axborot vositalari tekshirmasdan chiqarvorishibdi. Xullas, Finlyandiya hukumati bu masalada aniq raqamlarni keltirgani yo‘q, dedi finn nashrlarida e’lon qilinayotgan 249 kishining deportatsiyasi to‘g‘risidagi raqamlar rasman tasdiqlanmaganini bildirgan O‘zbekiston elchixonasi vakili.

Shu yilning 13 iyuldagi xabarida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huququqiy departamenti soxta hujjatlarga ega O‘zbekiston grajdanlarining deportatsiya qilinayotgani va ular ishi nazoratga olingani aytilgan edi.

Xorazmlik M. Bir necha yildan beri Esmaadagi turar-joy qurilishida ishlab keladi va shu yilning boshida Finlandiyadan chiqarib yuborilishi haqida ogohlantirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan bu yigit deportatsiyaga qarshi Helsinki sudiga shikoyat yozgani va hozircha ularga hech kim “chiqib ket” deb aytmayotganini bildirdi.

- Hozircha bizlarga hech kim hech narsa demayapti, chiqib ket deb. Ishlayapmiz. Ishimizni sudga oshirib qo‘yganmiz, bo‘ldi. Javobi qachon kelishini bilmadim – bir oymi, bir yilmi. Tinchlik bo‘lib qoldi. O‘sha 8 soatlik ish vaqtimiz, 2 kun dam olamiz. Finlar qanday ishlasa, biz ham shunday ishlaymiz. Oyliklarimiz yaxshi, harholda Rossiyadan ancha yaxshi oylik olamiz. Bu yerdan birdan shuncha odamni chiqarib yuborsa, qurilish firmalarida ish to‘xtab, ularga katta jarimalar solinadi, dedi ismini oshkor qilmagan quruvchi yigitlardan biri.

Finlyandiya Mehnat va iqtisodiy taraqqiyot vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 40 kasb bo‘yicha malakali mutaxassis yetishmasligi sezilmoqda, vaholanki, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 24 soha bo‘yicha berilgan.

Eng katta ehtiyoj og‘ir jismoniy mehnat talab qilinadigan qurilish sohasida ekani aytildi.

Ozodlik gaplashgan Finlyandiyadagi o‘zbeklarga ko‘ra, qurilish shirkatlariga asosan O‘zbekistonning Xorazm viloyatidan ishchilar kelmoqda.

Finlyandiya Migratsiya xizmatining o‘zbek quruvchilarini deportatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori mahalliy qurilish kompaniyalari jiddiy noroziligini keltirib chiqardi: malakatdagi 7ta yirik qurilish kompaniyasi Finlyandiya migratsiya hukumatining o‘zbek muhojirlarini badarg‘a qilish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi chiqdi.

Ular Uusimaa va boshqa mintaqalardagi yangi qurilayotgan uy-joylar va ob’ektlar o‘zbek suvoqchilari va bo‘yoqchilarisiz bitmasdan qolishidan xavotir ekanini ma’lum qildi.

Finlyandiya Statistika boshqarmasi ma’lumoticha, mamlakatning bir nechta sanoat markazlari qurilish ishlariga 800 ga yaqin o‘zbek vatandoshi jalb qilingan.

Ammo finn kasaba uyushmalari davlatda arzonga xorij ishchilarini ishlatilishiga qarshi chiqib, Finlyandiyada 3000 yaqin bo‘yoqchi ishchiz yurganini ma’lum qildi.

Ular asosan yangi sanoat zonalarida qurilish olib borilayotgan Espo, Esmiki va Vantaa shaharlari va poytaxt Helsinkidagi qurilishlarda bo‘yoqchilik va suvoqchilik bilan shug‘ullanib keladi.

XS
SM
MD
LG