Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 08:32

Izboskanlik o‘qituvchilar: XTB va "Agrobank" 1,5 mlnlik kompyuterni ikki baravar qimmatga olishga majburladi


Izboskanlik o‘qituvchilar o‘zlariga Xitoyning Lenovo brendi yopishtirilgan bir xil rusumdagi noutbuklar sotilganini aytdi.

Andijon viloyat, Izboskan tumanida kamida 350 o‘qituvchi tuman Xalq ta’limi bo‘limi va “Agrobank” filiali rahbarlari tomonidan Lenovo noutbuklarini bozor narxidan qariyb ikki baravar qimmatga olishga majburlangan.

Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan ayrim o‘qituvchilar¸ pasportlari Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan yig‘ib olinib¸ o‘z nomlariga kompyuter olish uchun 3 million so‘mlik kredit rasmiylashtirilganini iddao qildi.

2 sentabr kuni O‘zbekistonda davlat muassasalari va banklar ishlamagani uchun¸ bu iddaoga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Izboskandan kelgan xabar

Asosiy vazifasi aholiga moliyaviy xizmat ko‘rsatish bo‘lgan “Agrobank”ning Izboskan filiali Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati bilan "til biriktirgan holda" o‘zlari olib kelgan noutbuklarni o‘qituvchilarga ikki baravar qimmatga “o‘tkazganlik”da ayblanmoqda.

Agrobank”ning Izboskan filiali xalq ta’limi xodimlariga 3 million so‘mdan kredit berib¸ Lenovo noutbuklari oldirishdi. O‘z nomiga bunday kredit ochilganidan xabari yo‘q o‘qituvchilar ham ko‘p. Bank kompyuter sotadigan do‘kon emasku! Kredit so‘rab borganlar qolib¸ bunaqa kreditni umuman istamagan o‘qituvchilarga 3 milliondan berib¸ noutbuk sotishgan. Bankdagilarning o‘zlari bizga may oyidan beri tumanda 370 o‘qituvchiga shunday kredit berilganini aytdi”¸ deb xabar yubordi izboskanlik o‘qituvchilardan biri.

Foizsiz deyilgan kreditga 36 foizlik stavka qo‘yildi

Bunday kredit olish Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan “qattiq tavsiya qilingan”ini aytgan ayrim o‘qituvchilarga ko‘ra¸ ularga bu kredit foizsiz¸ bir yilga berilishi aytilgan.

Ammo ular bozor narxi 1.5-1.7 million so‘m bo‘lgan Lenovo noutbuklarini sotish uchun bank bergan 3 million kreditning birinchi to‘lov qog‘ozi kelganda¸ uning ustamasi 36 foizligidan xabar topgan.

Kreditga sotilgan Lenovo noutbuklarini “Agrobank” va Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari birga tarqatdi. Bu na bankning¸ na XTBning ishiga kirmaydiku! Bular o‘qituvchini aldab yoki unga ma’muriy bosim ko‘rsatib¸ o‘rtada o‘zlari pul qilayapti. Kompyuter olmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi qurbi yetsa¸ uni o‘zi oladi. Mabodo¸ buning uchun kredit kerak bo‘lsa¸ bank bergan pulga o‘zi bozordan arzonini tanlab olardi. Yo‘q¸ bular bir xil summani berib¸ o‘zlari noutbuk olib kelib¸ o‘shani oldirayapti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan izboskanlik o‘qituvchilardan yana biri.

Bu suhbatdosh¸ ayni bankning kichik biznes boshlash uchun kredit so‘rab berganlarga oylardan beri kredit berishni paysalga solib kelayotganiga shaxsan guvohligini ham qo‘shib o‘tdi.

“Shartnoma ham¸ o‘qituvchining imzosi ham yo‘q”

Bir-biridan mustaqil holda Ozodlikka gapirgan izboskanlik o‘qituvchilardan yana biri¸ iyun oyida Xalq ta’limi bo‘limi pasportini olib¸ o‘zidan so‘roqsiz uning nomiga kredit rasmiylashtirganini iddao qildi.

Mening qo‘limda hech qanday shartnoma yo‘q. Mening nomimdan bunaqa shartnoma qilingan bo‘lsa ham¸ unga men qo‘l qo‘ymaganman. Chaqirib¸ noutbuk berayapti¸ orqasidan 300 ming so‘mga oylik to‘lov qog‘ozi kelayapti”¸ deydi izboskanlik o‘qituvchi.

2 sentabr O‘zbekistonda rasmiy bayram bo‘lgani bois¸ izboskanlik o‘qituvchilarning bu iddaolariga na “Agrobank”¸ na Xalq ta’limi bo‘limidan izoh olishning imkoni bo‘ldi.

Izboskan XTB ning Telegram manziliga yuborilgan so‘rov ham javobsiz qoldi.

Ozodlik Izboskan XTBning ham, “Agrobank” Izboskan tuman filialining ham javobini eshitishga hamda eshittirishga tayyor.

O‘qituvchiga atalgan 100 million dollarlik kredit

O‘zbekiston prezidenti 2018 yil 14 avgust kuni imzolagan “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan qarorda o‘qituvchilarga imtiyozli kreditlar ajratish ko‘zda tutilgan.

Qarorda xususan¸ o‘qituvchilarga arzon uy-joy sotib olish va “turli maqsadlar uchun iste’mol kreditlari, shuningdek avtomobil sotib olish uchun” imtiyozli kredit berish ko‘zda tutilgan.

Prezident qarorida yozilishicha¸ buning uchun maxsus jamg‘arma tashkil etilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 mln AQSh dollari ajratilgan¸ shuningdek xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari jalb etilgan.

XS
SM
MD
LG