Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 17:28

Amazonka daryosi havzasidagi o‘rmonlardagi yong‘in ko‘lami kengaymoqda


Amazonka daryosi havzasidagi o‘rmonlarda davom etayotgan yong‘inlar (qizil rangda)

Braziliya rasmiylari Amazonka daryosi havzasidagi o‘rmonlardagi yong‘in ko‘lami o‘sishda davom etayotganini bildirdi. Rasmiylarning o‘rmon va o‘tzorlarni ekin yeriga aylantirish uchun olov yoqishga qo‘ygan cheklovi yong‘inlarning o‘sish sur’atiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmayotgani aytilmoqda.

Milliy kosmik tadqiqotlar instituti sun’iy yo‘ldoshlardan olib e’lon qilgan ma’lumotlar olov yoqishga qo‘yilgan cheklov kuchga kirganidan keyingi 48 soat ichida 3 859 ta yangi yong‘in boshlanganini ko‘rsatdi.

Joriy yilning yanvaridan avgusti oxirigacha Braziliyada qayd etilgan 88 816 yong‘inning 51,9 foizi tropik o‘rmonlarda sodir bo‘ldi. Mutaxassislar bu raqamlarni “misli ko‘rilmagan” ko‘rsatkichlar deb atadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlarning asosiy sababchisi fermerlarning daraxtlari kesib ketilgan o‘rmonlarga atayin o‘t qo‘yayotganidir.

Hozir Braziliyaning Amazonka havzasida yog‘ingarchiliksiz mavsum. Ammo mutaxassislar bu yilgi quruq mavsumda ham yog‘ingarchilik kuzatilganini, shunga qaramasdan, yong‘inlar soni o‘ta ko‘pligini aytishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Amazonkada o‘z-o‘zidan yong‘in chiqmaydi.

Tahlilchilar rasmiylarning o‘rmonlarga o‘t qo‘yishni man etish bo‘yicha qarori o‘ta kech chiqarilganini aytishmoqda.

Braziliyaning o‘ng qanot prezidenti Jair Bolsonaru hokimiyat tepasiga kelganidan keyin, mamlakatda noqonuniy xatti-harakatlarni nazorat qiluvchi agentliklar faoliyati sustlashdi, natijada o‘rmonlarni yo‘q qilib, ekin yeriga aylantirish ko‘paydi.

“Tropiklar Trampi” laqabi berilgan Bolsonaru iqlim o‘zgarayotganini shubha ostiga olib keladi. Prezident, shuningdek, daraxtlarga o‘t qo‘yib qo‘lga kiritilgan yerlar fermerlar uchun muhimligi aytib keladi.

Keyingi kunlarda yong‘in chiqqan hududlarga minglab askar, o‘t o‘chiruvchi hamda samolyot safarbar qilindi. Braziliya Mudofaa vazirligi yong‘inlar nazoratga olingani to‘g‘risida bayonot berdi.

Ekin yerini qo‘lga kiritish uchun o‘rmonlarga o‘t qo‘yish tropik o‘rmonlarga solinayotgan eng jiddiy tahdidlardan biridir. Bunday muammo Boliviya, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador, Fransuz Gvianasi, Gayana, Peru, Surinam va Venesuela kabi mamlakatlarda mavjud.

Braziliya, Peru, Ekvador va Boliviyada fermerlar ko‘p holatlarda quruq mavsumda daraxtlar kesilgan hududlarni tozalash uchun ularga o‘t qo‘yadi. Ammo bu ko‘p holatlarda yong‘in tarqalib ketishiga, kesilmagan daraxtlar yonib kul bo‘lishiga olib keladi.

Boliviya hukumati yaqinda fermerlarga 5 gektar o‘rniga 20 gektar hududga o‘q qo‘yishga ruxsat berdi. May oyidan beri mamlakatda 1,5 million gektar o‘rmon va o‘tzor yonib ketdi.

O‘rmonlarga noqonuniy tarzda koka yetishtirish, kimyoviy moddalardan foydalaniladigan noqonuniy kon ishlari ham katta tahdid solmoqda.

XS
SM
MD
LG