Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2019, Тошкент вақти: 20:05

AQSh rasmiylari sirli o‘pka kasali fonida aholini elektron sigaret chekmaslikka chaqirdi


AQShning sog‘liqni saqlash rasmiylari keyingi haftalarda sirli o‘pka kasali tarqalganini aytib, amerikaliklarga elektron sigaretlar va shunga o‘xshash moslamalardan foydalanmaslikni tavsiya qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sirli kasallikka 25 shtat bo‘ylab kamida 215 kishi chalingan, kamida bir kishi halok bo‘lgan.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi sog‘liqni saqlash idoralari bilan ushbu kasallikni o‘rganmoqda.

Ko‘p holatlarda bemorlar kasal bo‘lishdan oldin nasha yoki nasha tarkibida uchraydigan tetragidrokannabinol moddasiga ega bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilganini aytgan. Shu sabab AQSh sog‘liqni saqlash rasmiylari aholini sotuvdagi mahsulotlarni mustaqil o‘zgartirmaslikka hamda uyda chekish mahsulotlarini tayyorlamaslikka chorladi.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari direktori Robert Redfild hamda Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi xodimi Ned Sharpless e’lon qilgan bildiruvda “E-sigaretalardan foydalanuvchilar bunday mahsulotlarni ko‘chada xarid qilmasligi, e-sigaret mahsulotlarini o‘zgartirmasligi yoki bunday mahsulotlarga ishlab chiqaruvchi tavsiya qilmagan moddalarni qo‘shmasligi kerak”, deyiladi.

Ko‘pchilik elektron sigaretlar an’anaviy sigaretlardan xavfsizroq, deb o‘ylaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga tamaki keltirib chiqargan rak va boshqa kasalliklar tufayli 8 million kishi halok bo‘ladi.

E-sigaretlar chekishni tashlashga ko‘maklashish vositasi sifatida tanilgan. Ammo sog‘liqni saqlash rasmiylari elektron sigaretlarning yon ta’sirlarini hanuz o‘rganmoqda.

O‘pkasi jiddiy zarar ko‘rgan bemorlarda kasallikka chalinish jarayoni har xil kechgan. Ko‘pchilik shifoxonaga yotqizilishidan oldin nafas olishi qiyinlashib, ko‘kragida og‘riq paydo bo‘lganini aytgan. Boshqalarda virus borligi aniqlangan. Ularda tana harorati ko‘tarilgan, qusish va ich ketish kuzatilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hozircha ushbu kasalliklarning umumiy sababga ega ekanligi yoki ular bir xir alomatlarga ega turli kasalliklar ekanligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Hozirda kasallikka chalinganlar foydalangan elektron sigaretlar markalari, bemorlar ularni qaerdan olgani o‘rganilmoqda. Rasmiylar shifokorlarni keyingi uch oy ichida ularga jiddiy o‘pka kasali bilan murojaat qilgan elektron sigaret kashandalari haqida xabar berishga chaqirdi.

Elektron sigaretlar nafaqat o‘pka kasalliklari, balki boshqa illatlarga ham aloqador bo‘lishi mumkin. AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi hozirda elektron sigaretlar va tutqanoqlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham ko‘rib chiqmoqda. Bu qarorga Juul shirkati mahsulotlaridan foydalangan shaxslar shikoyatlari sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG