Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Sirdaryoda 57 yashar erkak 15 yashar o‘quvchi qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Sirdaryo viloyat, Shirin shahrida 57 yashar S.R. o‘z qo‘shnisining uyiga devor oshib kirib, 15 yashar qiz J.X ni kaltaklab, zo‘rlagani haqidagi ariza shahar Ichki ishlar bo‘limida qaydga olingani 3 sentabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Qizning akasi Yodgor 17 avgustda yuz bergani aytilayotgan bu voqea to‘g‘risida eshitgan zahoti Rossiyadan qaytib kelgan. Uning Ozodlikka iddao qilishicha, "zo‘ravon qo‘shni ishni bosti-bosti qilishga urinmoqda".

Shirin shahar IIBdan olingan ma’lumotga ko‘ra, voqea yuzasidan tergovgacha dastlabki surishtiruv boshlangan.

Ombudsmen idorasining Sirdaryodagi mintaqaviy bo‘limi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ mazkur voqea huquqiy nazoratga olingan.

IIB vakili qiz voqea ortidan kasalxonaga yotqizilganini va voqea yuzasidan tergovgacha dastlabki surishtiruv boshlanganini 4 sentabr kuni Ozodlikka aytarkan, dedi:

- Surishtiruvni Shirin shahar ichki ishlar bo‘limi katta tergovchisi Doston Salomov olib bormoqda. 1962 yilda tug‘ilgan¸ muqaddam sudlanmagan va mahalla masjidi va MFYdan yaxshi xarakteristikasi bo‘lgan, hojilik maqomidagi gumonlanuvchiga nisbatan hali ehtiyot chorasi qo‘llanilmadi. 2004 yilda tug‘ilgan o‘quvchi qiz J.X. voqeadan so‘ng 5 kun kasalxonada vrachlar nazoratida bo‘lib, hozir 9 sinfda o‘qishni davom qildirmoqda.

Nima bo‘lgan edi?

Voqea guvohlari va qizning advokati gaplaridan ma’lum bo‘lishicha¸ 57 yashar S.R. qo‘shni qizning uyda yolg‘iz qolgan paytini aniq bilib, devordan oshib tushgan.

Singlisining aytganlariga tayanib, Yodgorning aytishicha, qiz oldin kaltaklanib, keyin yechintirilgan. S.R.ning o‘zi ham shimini yechib tashlagan. Voqea ustiga kelib qolgan onaning esa, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, do‘pposlab boshqa xonaga olib borib ustidan qulflab qo‘ygan. Baqir-chaqirni eshitib yetib kelgan qo‘shnilar zo‘ravonni qiz ustidan ajratib olishgan.

Ozodlik muxbiri voqea sodir bo‘lgan xonadon qo‘shnisi (erkak kishi) bilan ham gaplashdi. Qo‘shnining aytishicha, “hoji bobo qochishga uringan”:

- Qizning ota-onasi kar-soqov, hech narsani eshitmaydi, deb o‘ylagan bu hoji bobo. Biz ustiga kirib borganimizda qochmoqchi bo‘ldi. Soqol qo‘ygan kap-katta odam ishtonsiz qochib ketmoqchi bo‘ldi. Biz milisa chaqirdik. Hammamiz tushuntirish xati yozib berdik.

Jinsiy zo‘rlangani gumonlanayotgan qizning advokati Sherali Nabiyevning 4 sentabr kuni Ozodlikka bildirishicha¸ qizning o‘zi va onasi guvohlik berishiga qaramasdan, mazkur og‘ir jinoyatni oddiy bezorilik deb malakalashga urinish ketmoqda:

- Qizning uyiga devor oshib kirib, urib-kaltaklab, yechintirib zo‘rlagan. Buni qizning o‘zi tushuntirish xatida yozgan. Voqea ustiga kelgan onasining tushuntirish xatida S.R.ning ishtonsiz bo‘lib olgani va qizning behush yotgani yozilgan. Ikki marta hajga borganini pesh qilgan S.R. doktorlar va IIB xodimlarga bosim qilib, javobgarlikdan qutulib qolish niyatida. Shuni inobatga olib qizning akasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ham ariza berdi. Jinoyat mahalliy amaldorlar tarafidan bosti-bosti qilinishidan xavotirdamiz.

Mo‘mataloq bo‘lgan badan va qattiq stress

Ozodlik muxbiri qiz olib kelingan Tez tibbiy yordam stansiyasi vrachi bilan gaplashdi. Vrachning aytishicha¸ qiz kasalxonaga keltirilganida badanida gematomalar bor, o‘zi qattiq stressda bo‘lgan edi.

Ozodlikda qizning muolaja tarixi yozilgan 4042-4 raqamli hujjat nusxasi bor.

Bosti-bosti qilish istagi

Kasalxona vrachining Ozodlikka aytishicha¸ zo‘rlangani ortidan kasalxonaga olib kelingan bemor holatini daftarga qayd qilish chog‘ida qizni zo‘rlashda gumon qilingan otaning o‘g‘illari yetib kelib “daftarga qayd qilmanglar” deya bosim qilishgan.

- Hoji akaning ikki o‘g‘li namunali uy quradigan katta tadbirkor. Yaqinda bittasi medal ham oldi. O‘sha kuni kelib, dag‘dag‘a qilib, vrachlardan holatni rasmiylashtirmaslikni talab qilib turib olishdi¸ dedi Tez tibbiy yordam stansiyasi vrachi.

Zo‘rlangani iddao qilinayotgan qizning akasi Yodgorning Ozodlikka aytishicha¸ S.R. ning o‘g‘illari “arizani qaytarib ol” deya unga va oilasiga bosim qilmoqda.

15 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan S.R. bilan ham, uning o‘g‘illari bilan ham bog‘lanishning, voqeaning ular talqinidagi versiyasini eshitishning imkoni bo‘lmadi.

Ombudsmen ​vakili: Voqea nazoratga olindi

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmen idorasining Sirdaryodagi mintaqaviy bo‘limi xodimi Guli Umaraliyevaning Ozodlikka aytishicha¸ mazkur voqea huquqiy nazoratga olingan va gumon qilinayotgan shaxs, aybi isotlansa, qonun doirasida javobgarlikka tortiladi.

XS
SM
MD
LG