Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:29

Kreml uchun jiddiy sinovga aylangan hududiy va mahalliy saylovlar bo‘lmoqda (VIDEO)


Moskva Dumasiga saylov oldidan namoyishlar, 5 sentabr, 2019 yil
Moskva Dumasiga saylov oldidan namoyishlar, 5 sentabr, 2019 yil

Mahalliy va hududiy saylovlar Rossiyaning 83 hududida bo‘lib o‘tmoqda. Rossiyaliklar viloyat gubernatorlariga ham ovoz bermoqda.​

Kuzatuvchilar bu orada prezident Vladimir Putin va uni qo‘llovchi hukmron partiya reytingi pastlab borayotganini aytishmoqda.

8 sentabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Moskva shahar kengashi saylovlarini faollar va siyosiy sharhlovchilar yaqindan kuzatmoqda.

45 o‘rinli Moskva dumasi shahar byudjeti uchun mas’ul bo‘lib, unda eng ko‘p o‘rinni Kremlparast “Yedinaya Rossiya” partiyasi egallagan.

Bugungi saylovda barcha 45 o‘rin uchun kurash ketmoqda.​ 8 sentabr kuni Moskvada 3 ming 602 ta saylov uchastkasi ochildi.

Bu yil mamlakatda ilk bor elektron tartibda ovoz berish tajribasi qo‘llanmoqda. Ammo, saylov kuni tongdan yangi sistema ishlamay qolgani kuzatildi. Markaziy Saylov komissiyasiga ko‘ra, qisqa muddat ichida texnik nosozlik tiklangan va berilgan ovozlar yo‘qotilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa saylovlarda qator qonunbuzarliklar kuzatilayotgani haqidagi foto-videoxabarlar berilmoqda.

Ba’zi ovoz berish uchastkalarida mustaqil ravishda saylovni kuzatayotgan muxolifat tarafdorlari byulletenlarni to‘plab, urnaga tashlashga uringan shaxslarni to‘xtatganini xabar qilmoqda.

Rasmiylar Moskva meriyasiga bo‘layotgan ushbu saylovda mustaqil nomzodlar qatnashishiga izn bermadi, natijada Rossiya bo‘ylab bir necha hafta davomida norozilik namoyishlari tinmadi.

Saylov oldidan Putin o‘tgan yilgi vaziyat takrorlanmasligi uchun bir necha gubernatorni almashtirdi. O‘tgan yilgi saylovlarda Kreml qo‘llab kelgan bir necha nomzod mag‘lub bo‘lgandi.

Moskvada hukmron “Yedinaya Rossiya” partiyasining ko‘plab a’zosi o‘zlarini partiyadan uzoqlashtirish uchun “mustaqil” nomzod o‘laroq qatnashmoqda.

Hukmron partiya pensiya yoshining oshrilishi va qo‘shilgan qiymat soliqlari ortidan ko‘plab qo‘llovchisini yo‘qotdi.

“Edinaya Rossiya” partiyasi, shuningdek, uzoq masofalarga o‘z mashinasida yuk tashuvchilarga soliq solish dasturini qo‘llab, chiqindilar muammosini hal qilish bo‘yicha turli takliflarga qarshi uyushtirilgan namoyishlarni ham bostirdi.

Davlatga qarashli so‘rov agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, prezidentning obro‘yi ham pastlamoqda: uning reytingi so‘nggi 13 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushib qolgan.

Moskvada saylov boshlanar ekan, mustaqil nomzodlar ushbu saylov yordamida muxolifat hanuz siyosiy kuchga ega ekanini ko‘rsatishni ko‘zlagan edilar. Ammo iyul oyida rasmiylar mustaqil nomzodlar to‘plagan imzolar soxta ekanini aytib, ularni ro‘yxatga olmadi.

Rad etilgan nomzodlarning aksari rasmiylarni turli yo‘llar bilan, jumladan, qo‘rqitish orqali ularni saylovdan chetlatishda aybladi.

5 sentabr kuni xavfsizlik kuchlari muxolifatchi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi ofisi, uning telestudiyasi hamda Moskvadagi qarorgohini tintuv qildi.

Kremlning ashaddiy tanqidchisi bo‘lmish Navalniy 30 iyulda rossiyaliklarni ruxsat berilmagan aksiyalarda ishtirok etishga chorlagani uchun 30 kunga qamalgan edi.

Mustaqil nomzodlarning saylovdan chetlatilgani norozilik aksiyalari to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

10 avgust kungi namoyishga Moskvada 50 mingga yaqin odam chiqdi.

Bu namoyishlar 2011 yildan beri Rossiyada o‘tkazilgan eng yirik aksilhukumat aksiyasi, deb e’tirof etilmoqda.

Rossiya politsiyasi 27 iyul hamda 3 avgust kunlari o‘tkazilgan namoyishlarda ishtirok etgan 2 ming 300 dan oshiq odamni qo‘lga oldi. Ularning ko‘pchiligiga qarshi politsiya oshiqcha kuch ishlatgani keskin qoralandi.

Putin namoyishlarga ko‘z yumib kelayotgan edi. Ammo 21 avgust kuni ularni “saylovoldi tanglikning bir bo‘lagi” deya ta’rifladi.

- Rossiya inson huquqlari va o‘z fuqarolari huquqlarini hurmat qiladi, - dedi prezident va qonunni buzgan oddiy fuqarolar va politsiyachilar javobgarlikka tortilishini qo‘shimcha qildi.

Saylovdan ikki kun oldin Markaziy saylov komissiyasi yetakchisi Ella Pamfilovaga Tazer bilan qurollangan noma’lum shaxs hujum qilgani xabar qilindi. Pamfilova hujumda zarar ko‘rmadi.

XS
SM
MD
LG