Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 22:07

2000 yil muqaddam ko‘milgan xumni o‘t o‘chiruvchilar suv otib vayron qildi (VIDEO+FOTO)


O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti va Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti Qurquldak qo‘rg‘oni bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olganini Ozodlikka bildirdi.

Kamida ikki ming yillik tarixga ega Burgulik madaniyatiga oid Qurquldak qo‘rg‘oni chetida ko‘rinib qolgan xumlar o‘t o‘chiruvchilar brandspoytidan otilgan suv bosimi ostida parchalanib ketgani Ozodlikka kelgan video va fotolarda aks etgan.

Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tumanidagi bu qadimgi, bir necha tepaliklardan iborat qo‘rg‘onning bir qismi tuman hokimiyati vakillari buyrug‘i bilan buzilgani iddao qilindi

“Xumdan oltin chiqmadi, suyak chiqdi!”

6 sentabrda Feysbuk foydalanuvchisi Liliya Nikolenko o‘z sahifasida Yangiyo‘l tumanida o‘t o‘chiruvchilar brandspoyt yordamida qadimiy qo‘rg‘onni suv bosimi ostida yuvayotgani aks etgan foto va videomateriallarni e’lon qildi.

“Yangiyo‘lcha arxeologiya yohud 2000 yillik qo‘rg‘onda brandspoyt yordamida qazish ishlari boshlandi. Shu tariqa yaqinda qo‘rg‘on yonbag‘ridan ko‘ringan qadimgi xum sindirib tashlandi” deb yozdi Liliya Nikolenko.

Ossuariylar ko‘rinib qolgan tepalik (Liliya Nikolenko fotosi)
Ossuariylar ko‘rinib qolgan tepalik (Liliya Nikolenko fotosi)

Liliyaning xabar qilishicha, 3 sentabrga o‘tar kechasi Qurquldak kompleksining shu nomdagi kanalga tutash “O‘zbek qo‘rg‘oni” deb ataladigan qismining cheti ko‘chib tushgan. Natijada ko‘chib tushgan tuproq ostidan qorni bir qulochlik butun xum ko‘rinib qolgan.

Liliya Nikolenkoning yozishicha, ko‘rinib qolgan xum ancha balandlikda joylashgani uchun uni kavlab olish imkoni bo‘lmagan. Mahalliy aholi vakillari uni o‘zlari ololmagach, hokimlikdan alpinistlarni chaqirishni so‘ragan, ammo hokimlik bu ishni o‘t o‘chiruvchilarga topshirgan.

Ozodlikka kelgan videoda to‘planib turgan odamlar ko‘z o‘ngida ulkan suv bosimi ostida tepalik chetida cheti ko‘rinib turgan xum atrofidagi tuproqni yuvishayotganini ko‘rish mumkin.

Ўзбекча археология: чўткача ўрнига брандспойт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Katta xum nihoyat qulaydi va parchalanib ketadi. U qulagach, yana bir kichikroq xum ko‘rinadi. Uni ham o‘t o‘chiruvchilar otgan suv qulatadi va u ham parchalanib ketadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hodisa joyiga chaqirtirilgan o‘t o‘chiruvchi mashina minorasi 35 metrgacha ko‘tarila oladi. Xum esa qariyb 80 metr balandlikda bo‘lgan.

“Shu bois ular brandspoyt yordamida xum atrofini yuvib tashlashga qaror qildi – katta xum ortidagi kichikroq xum ko‘pchilikni qiziqtirayotgandi. Hamma yig‘ilganlar ham shu xumdan qandaydir qimmatbaho buyumlar topiladi, deb ishonishgandi” deb yozdi yana bir feysbukxon Natalya.

Katta xumdan ham, kichigidan ham odam suyaklari chiqqan.

Vayron qilingan xumlarning kattasi qopqoq bilan yopilgani ham aytildi. Ma’lum bo‘lishicha, 1952-53 yillari “O‘zbek qo‘rg‘oni”da ishlayotgan ekskavator haydovchisi ichiga odam suyaklari solingan katta idish topgan. Bu qo‘rg‘onga kelgan arxeologlar tepalik Islomgacha davrda qadimiy qabriston bo‘lganini tasdiqlagan va unda qazish va boshqa qurilish ishlarini olib borish taqiqlagan.

“Yangiyo‘l prokuraturasi tekshiruv olib boradi!”

Yangiyo‘l tuman hokimi qabulxonasi telefonini ko‘targan mulozim Qurquldak qo‘rg‘onida sodir bo‘lgan voqeadan bexabar ekanini bildirish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti rahbari Farhod Maqsudov Qurquldakdagi voqeani Ozodlikdan eshitgach, bu haqda tegishli idoralarga xabar berishini bildirdi. Maqsudovning aytishicha, u rahbarlik qiladigan institut tarixiy ob’ektlar himoyasi bilan shug‘ullanmaydi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Toshkent viloyat bo‘limi rahbari Farhod Mirxo‘jayev Ozodlikka Qurquldak soyi bo‘yidagi qadimgi qo‘rg‘onda xumlarning sindirilishi to‘g‘risida ularga xabar kelib tushgani va tekshiruv boshlangani bildirib, dedi:

- Xabarimiz bor. Bu bo‘yicha vaziyat o‘rganilib, materiallar erta-indin prokuraturaga topshiriladi. Prokuratura uni ko‘rib chiqib, chorasini ko‘radi. Bu voqea yaqinda bo‘ldi va unga kim aybdor ekani to‘g‘risida biror narsa deya olmayman – tekshiruv tugagani yo‘q.

Madaniy meros departamenti viloyat bo‘limi boshlig‘i so‘zlaricha, joriy yilda madaniy va tarixiy obidalarni vayron qilganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilgan:

- 30 martda Vazirlar Mahkamasining 265-Qarori chiqqan. O‘zbekiston Senati ham madaniy meros ob’ektlarini buzishga aloqador shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirdi: Ma’muriy kodeks bo‘yicha 5-10 minimal oylik miqdorida jarima solingan bo‘lsa, endilikda u 50-100 barobarga ko‘tarildi. Ikkinchi marotaba takrorlansa bunday shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochiladi va 300 dan 500 barobarga jarima yoki 2-3 yillik qamoq jazosi tayinlanadi.

Qurquldak tepasidan topilgan xum sinig‘i
Qurquldak tepasidan topilgan xum sinig‘i

"Qurquldak qo‘rg‘onlari – dehqonchilik madaniyatiga xos tarixiy ob’ekt"

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Salar qanalining irmog‘i bo‘lgan Qurquldak soyi bo‘yida joylashgan Qurquldak qo‘rg‘onlari milodiy 3-6 asrlarga oid To‘rtko‘ltepa-1 shahar xarobalarining bir qismi sanaladi.

Qovunchitepa deb ham ataladigan bu yodgorliklar majmuasi Yangiyo‘l shahridan uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan.

Bu joylarda 1934 yili arxeolog Georgiy Grigoryev, keyinchalik 1977 yilda tarixchi olim Yuriy Buryakov ilmiy qazish ishlarini olib borgan.

Olimlarga ko‘ra, bu yerga taalluqli madaniyat “Qovunchi II” tipiga xos bo‘lib, Burgulik (Burkanlik) dehqonchilik moddiy madaniyati bir qismi sanaladi.

Taniqli o‘zbek arxeologi, akademik Ahmadali Asqarov Ozodlik bilan muloqotda Qurquldakda topilgan idishlar qadimgi suyakdonlar – ossuariylar bo‘lishiga ishonchi komil ekanini aytib, ular buzilganidan taassuf bildirdi:

- U juda qimmatbaho yodgorlik, ilk O‘rta asrlarga oid tepalik. O‘sha xumlarning ichiga odamlar ko‘milgan. Bu Toshkent vohasiga xos bo‘lgan ko‘mish usullaridan biri bo‘lgan. Tarixga varvarlarcha munosabat bo‘lyapti! Bu voqea odamlarning saviyasi pastligi, tubanligi, televidenie va matbuot yomon ishlayotgani alomatidir. Biz ko‘tarayapmiz, gapirayapmiz prezidentga – joylardagi hokimiyat organlari juda yomon munosabatda bo‘lishayapti.

Hozirda Namangan viloyatida arxeologik qazish ishlarini olib borayotgan tarixchi olim bunday tarixiy obidalar va arxeologik ob’ektlar davlatning yanada qattiqroq nazorati ostiga olinishi zarurligini ta’kidladi.

Arxeolog olimning fikricha, O‘zbekistonda tarixiy obidalarni asrashga qaratilgan qonunlarning “tishi yo‘q”:

- Odamlar saviyasining pastligi, mahalliy hokimiyatlar e’tiborsizligi, bizdagi tarixiy obidalarni asrash haqidagi qonunlarning juda bo‘shligi va Madaniyat vazirligining loqaydligi tufayli shunday ishlar yuz berayapti. Qonunlar bor – tishi yo‘q qonunlarni! Vandalizm bo‘layotganiga biror joyda qarshilik yo‘q. Masalan, ba’zi joylarda fermerlar qo‘rg‘onlarni buzib, ekin maydonlariga ularning tuprog‘ini ekin maydoniga solish bilan ovora. Mustaqillik davrida Sovet davriga nisbatan 2-3 barobar ko‘proq yodgorliklar vayron bo‘ldi, deya xulosa qildi akademik Ahmadali Asqarov.

XS
SM
MD
LG