Линклар

Шошилинч хабар
16 сентябр 2019, Тошкент вақти: 13:25

OzodBlog: O‘zbek go‘shtxo‘rmi yoki... go‘sxo‘rmi?


11 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti boshqa barcha quvonchu tashvishni yig‘ishtirib qo‘yib, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitovning “go‘shtini yeyish” bilan ovora.

Janob Hayitov “bugun biz juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti” dediyu baloga qoldi.

Bu gapdan keyin kechadan beri tarmoqda achchig‘u tirsiq, kinoyayu istehzo...

Balki tarmoqxonlarning iddaoyu firoq qilishga haqlari yo‘qdir? Balki chindan ham o‘zbek ko‘p yeb qo‘yayotgandir go‘shtni?

Bu savolni Guglga berdik.

Gugl biroz eskiroq ma’lumotlarni chiqarib berdi:

2014 yili maxala.org e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston go‘sht iste’mol qilish bo‘yicha jahondagi 177 mamlakat orasida 120- o‘rinni egallagan. O‘shanda aholi jon boshiga yiliga 25,8 kg go‘sht to‘g‘ri kelgan.

Nur.kz saytiga ko‘ra, 2012 yilda ham har bir o‘zbekistonlik bir yilda 25,8 kg go‘sht yegan.

Yana maxala.org saytining 2014 yilgi ma’lumotlariga qaytamiz:

O‘sha yili Qozog‘istonda aholi jon boshiga 67,2 kg go‘sht to‘g‘ri kelgan;

Qirg‘izistonda – 35,2 kg;

Tojikistonda – 12,6 kg.

Takror yozaman: bu ma’lumotlar eskiroq, bir marta gugllatiboq topganim ma’lumotlardir. Lekin keyingi 3-4 yil ichida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotida inqilobiy o‘zgarish sodir bo‘lmaganidan kelib chiqsak, keltirganimiz ma’lumotlardagi tendensiya saqlanib qolgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xayitov yuqorida keltirganimiz so‘zlari davomida mana bu gapni ham aytgan:

“Buni (ortiqcha go‘sht yeyishni – S.U.) “Amerika kasalligi” deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q”.

Nur.kz sayti The Economist jurnali ma’lumotlariga tayanib, AQShda aholi jon boshiga bir yilda 125 kg go‘sht to‘g‘ri kelishini yozgan edi.

Demak, bundan 3-4 yil muqaddam bir aqshlik bir o‘zbekistonlikdan bir yilda 100 kg ko‘p go‘sht yegan.

Keltirganim ma’lumotlar eskiroqligi uchun yana bir bor uzr.

P.S.: Har ehtimolga qarshi eslatib o‘tay: Izohli lug‘atning uqtirishicha, "go‘sxo‘r" tentak, anqov, birovga yem bo‘luvchi laqma, go‘l odam deganidir.

XS
SM
MD
LG