Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:31

Buxoroda banklarning 551 xodimi uyma-uy yurib soliq yig‘moqda


Bank xodimlarining o‘z ishini qo‘yib¸ uyma-uy soliq yig‘ayotgani banklarda uzun navbatlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Bank xodimlarining o‘z ishini qo‘yib¸ uyma-uy soliq yig‘ayotgani banklarda uzun navbatlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Buxoro viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan viloyatdagi aksar bank xodimlari shu kunlarda uyma-uy yurib¸ soliq yig‘moqda.

Bu haqda shaxsi sir qolishini so‘rab Ozodlikka xabar qilgan bank xodimlari fikricha¸ joriy hokimiyat ularni o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlarga majburlash orqali bank tizimining “pachavasini chiqarmoqda"

Ozodlik bog‘langan ayrim bank rasmiylari bu xabarni mutlaq rad etishga uringan bo‘lsa¸ ayrimlari ayni kunlarda MFY¸ bank va MIB xodimlaridan tuzilgan sayyor guruhning uyma-uy yurib¸ soliq yig‘ayotganini tasdiqladi.

“Bank mijoz emas¸ hokimiyat va soliqchilar uchun xizmatchi bo‘lib qoldi”...

16 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan Buxorodagi Xalq banki¸ Milliy bank va Qishloqqurilishbank xodimlari¸ 5 sentabrdan buyon o‘z asosiy ishlari qolib¸ uyma-uy soliq yig‘ishga majburlanayotganini bildirdi:

Biz bank xodimlari ertalab 9:00 dan 17:00 ga qadar soliq pulini terib yuribmiz. O‘z ishimizni qilolmayapmiz¸ mijozlarga hech qanday xizmat ko‘rsata olmayapmiz. Har kuni 2 marta svodka berishga majburlashayapti. Bank tizimining pachavasini chiqarib tashlashdi”.

Buxorolik bankirlar bilan suhbatlardan ayon bo‘lishicha¸ bank xodimlari viloyat¸ so‘ngra esa¸ tuman hokimlari bergan og‘zaki buyruq asosida uylarga kirib¸ mol-mulk va yer solig‘i yig‘moqda.

«Xar kuni kamida 25-30 ming yonimizdan xarajat qilamiz -yul kira va ovqatlanishga​¸10-15 kilometrga boramiz. Soliq tushumlari uchun hech qanday rag‘batlantirish yoki ustama haq to‘lashmayapti. Aksincha¸ agar tushumni qilmasak¸ ishdan olamiz deya qo‘rqitishyapti. Kuniga har bir bankir 1 million so‘mdan kam bo‘lmagan soliq tushumi tushirib berishi kerak. Aks holda¸ hokimiyatdan haqorat eshitayapmiz»¸ deydi Xalq banki xodimlaridan biri.

Ozodlikka bog‘langan buxorolik bank xodimlari¸ suhbat paytida ham o‘zlarining uyma-uy yurganlari¸ hokimlik va soliq idorasiga «tekin hammollik»ning 5 oktabrdan avval tugamasligini aytishganini bildirdilar.

Ozodlikka taqdim etilgan bu hujjatga Buxoro viloyati hududidagi 551 MFYga 551 nafar bank xodimi soliq yig‘ish uchun biriktirilgani ko‘rinadi. Ozodlik bank xodimlari va ular mobil telefon raqamlarini e’lon qilmayotir.
Ozodlikka taqdim etilgan bu hujjatga Buxoro viloyati hududidagi 551 MFYga 551 nafar bank xodimi soliq yig‘ish uchun biriktirilgani ko‘rinadi. Ozodlik bank xodimlari va ular mobil telefon raqamlarini e’lon qilmayotir.

Ayni paytda¸ ular «Buxoro viloyatidagi MFYlarga biriktirilgan bank xodimlari to‘g‘risida» deb nomlangan ichki hujjat nusxasini Ozodlikka taqdim etdilar. Bu hujjatdan viloyatdagi 551 ta MFY uchun bir nafardan bank xodimi biriktirilgani va ularning har biriga «mol-mulk va yer solig‘i» undirishning rejasi topshirilgani ko‘riladi.

Hujjatda¸ Buxoro viloyati bo‘yicha 551 nafar bank xodimiga jami 316 910 nafar fuqarodan 40 milliard so‘m yer va molk-mulk solig‘i yig‘ish topshirilgan.

Raddiya urinishlari

Ozodlik buxorolik bank xodimlarining qaysi asosda soliq yig‘ishga majburlanayotganiga izoh olish maqsadida Xalq banki matbuot xizmati bilan bog‘landi.

«Bu masalada Xalq bankida muammo yo‘q. Hamma xodimlarimiz o‘z ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Bugun ham gaplashdim - hammasi ish joyidamiz deyishayapti, bu masalada muammo yo‘q. Chunki Xalq banki o‘z xodimlarini himoya qiladi»¸ deb javob berdi Ozodlik savoliga bank matbuot xizmati rasmiysi

Milliy bank matbuot xizmati rahbari yig‘ilishda bo‘lgani bois¸ bevosita javob olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo bankning Buxoro viloyati tumanlaridan biri Kadrlar bo‘limi rahbari¸ xodimlarning uyma-uy yurib¸ soliq yig‘ayotganini tasdiqladi.

«Shunaqa topshiriq berilgan. Endi biz bank¸ kassir sifatida o‘zining kvitansiyasi orqali teradida! Soliqchi olmaydiku xonadonlardan pulni! Shuning uchun bank xodimi uylarga kirib¸ kvitansiyasini joyida yozib berib¸ pulniyam o‘zi olayaptida! Bu topshiriqni bajarayapmiz¸ kimdan kelganini aytolmayman»¸ dedi Milliy bank hududiy bo‘limlaridan biri Kadrlar bo‘limi rahbari 16 sentabr kuni.

Milliy bank bo‘limlaridan biri rahbari esa¸ avvaliga xodimlarining soliq yig‘aëtgani xabarini rad qilishga urindi¸ ammo xabarlar tafsilotini eshitganidan so‘ng¸ qandaydir «sayyor guruhlar»ni tilga oldi.

«Sayyor kassalar bo‘lishi mumkin. Lekin xabarim yo‘q. Unaqa gap yo‘q. Jaloba yo‘q. Noto‘g‘ri ma’lumot. Telefonda har xil gap bo‘lishi mumkin. Bu bank¸ bank siri degan narsa bor. Xat bilan¸ yozma murojaat qilsangiz javob beramiz"¸ dedi Milliy bankning tuman rahbarlaridan biri.

Sayyor kassa haqidagi izohga javob bergan buxorolik bankirlardan biri:

Hozir uyma-uy yurganlarning sayyor kassirlarga aloqamiz yo‘q. Biz oliy ma’lumotli xodimlarmiz¸ kamida yetakchi mutaxassis. Bo‘lim boshliqlari ham pul terishga chiqayapti. Soliq tushumi uchun yordamchi kassirlarmiz»¸ dedi jumladan.

Ozodlik bu jarayonga izoh so‘rab¸ O‘zbekiston Markaziy banki rasmiysiga murojaat qildi.

«Bunga tijorat banklarining bank kengashlari javobgar. Ikkinchidan¸ banklar manfaatlarini himoya kiladigan nohukumat tashkiloti - Banklar assotsiatsiyasi bor. Mehnat tartibini buzganlik uchun Mehnat vazirligi. Qonunchilik buzilayotgani - bank ishiga aralashmaslik to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlar talablari buzilayotgani uchun esa¸ Adliya va prokuratura tizimi mas’ul. Markaziy bankda bankirlar manfaatini himoya qiladigan vakolat yo‘q»¸ dedi Ozodlik boshlangan Markaziy bank mas’ullaridan biri.

Shavkat Mirziyoyev 11 sentabr kuni davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalasida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aksar viloyatlardagi soliq tushumlarini yig‘ish vaziyati tanqid qilingan edi.

XS
SM
MD
LG