Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 19:28

Nohaq hibs etilganini aytayotgan buxorolik tadbirkor ochlik e’lon qildi (VIDEO)


Rahim Xo‘jayev Buxoro shifoxonasida

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga olingan 60 yashar tadbirkor Rahim Xo‘jayev ochlik e’lon qildi.

Ozodlikka yuborilgan videotasvirda sud zalidan olib chiqilayotgan Xo‘jayev o‘ziga qarshi maxsus buyurtma asosida jinoyat ishi ochilganini aytib qichqiradi.

Viloyat prokuraturasi Rahim Xo‘jayevni katta miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda ayblamoqda.

Ozodlikka sudlanuvchi yaqinlari tomonidan taqdim etilgan videotasvirda sud zalidan ichki ishlar xodimlari qurshovida olib chiqilayotgan Rahim Xo‘jayev:

- Men ochlik e’lon qilaman. O‘zimni o‘ldiraman. Aytinglar, meni Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev qamatayapti! - deb qichqiradi.

Бухоролик тадбиркор Раҳим Хўжаев очлик эълон қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

Rahim Xo‘jayevning singlisi Halima Xo‘jayevaning Ozodlikka aytishicha¸ akasi 2003 yilda Buxorodagi bankrot bo‘lgan Ismoil Fozilov nomidagi trikotaj fabrikasi aksiyalarini davlatdan 1,2 milliard so‘mga sotib olgan.

- Bu shirkat xususiy mulk bo‘layapti. Akam tarqab ketgan fabrika qarzlarini, soliqlarini to‘liq to‘lab bergan, u bu fabrikada zardo‘zlik ishlarini kengaytirmoqchi bo‘lgan. U investor izlab, 2019 yilda Toshkentda 48 million dollarli sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan odamni topganida, viloyat hokimi imoratni boshqa kishiga berib yuborayapti, deydi Halima Xo‘jayeva.

Halima keltirayotgan hujjatlardan 19 ming kv.m. maydonda joylashgan 4 qavatli bino va unga tutash bo‘lgan yer uchastkasiga Xo‘jayevlar oilasiga doimiy foydalanish huquqi berilganini ko‘rish mumkin.


Buxorolik ayol hokimlik akasiga “binoni ishlatmaganing, investitsiya kiritmaganing uchun” vaji bilan xususiy bo‘lgan fabrika yerlarini tortib olganini iddao qildi.

Rahim Xo‘jayev hozirda Buxoro Zardo‘zlik fabrikasiga ham rahbarlik qilib kelgani aytildi.

Rahim Xo‘jayev Buxoro viloyat prokuraturasi talabi bilan 13 sentabr kuni hibsga olindi. Xo‘jayevning yaqinlarining iddao qilishicha, hibsga olinishi paytida 60 yoshli tadbirkor kaltaklanib, viloyat prokuraturasiga olib ketilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rahim Xo‘jayevning internet tarmoqlarida tarqalgan videomurojaati yuzasidan rasmiy ma’lumot tarqatdi.

R.Xodjayev fuqaro M.B.ga uy joy qurish uchun “I.Fozilov” MChJ hududidan yer uchastkasi ajratib berish evaziga undan firibgarlik yo‘li bilan 17.500 AQSh dollari olib, uchastka ajratmasdan hamda pul mablag‘larini qaytarib bermasdan kelayotganligi holati yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning iyul oyida “I.Fozilov” MChJ ta’sischisi R.Xodjayev va jamiyat rahbari M.Gulyamovalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi rasmiy xabarnomada.

Prokuratura Rahim Xo‘jayevni faqatgina sanoat ishlab chiqarish korxonalari qurish mumkin bo‘lgan davlat yerlarida uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga muhtoj bo‘lgan bir necha fuqarolarga “2015-2016 yillar davomida hujjatlarni qalbakilashtirgan holda firibgarlik yo‘li bilan 88.000 AQSh dollariga sotganlik” ayblovini e’lon qildi.

Biroq, Rahim Xo‘jayev hibsga olinishidan oldinroq Internet tarmoqlarida prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga qilgan bir qancha videolarida bu ayblovlarni qat’iyan rad etganini ko‘rish mumkin.

U xususiy yerlarga aylantirilgan fabrika hududi hokimiyat va tegishli boshqa idoralar ruxsati bilan trikotaj fabrikasi aksiyadorlariga uchastka sifatida berilganini aytib, bu amallar hammasi hokimiyat nazorati ostida bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatlar borligini bildirgan.

2 guruh nogironi va Afg‘on urushi qatnashchisi ekani aytilgan Rahim Xo‘jayev prokuraturaning “qochib yurgani” to‘g‘risidagi iddaolarini ham rad etib, u 13 sentabr kuni shifoxonaning kardiologiya bo‘limidan olib ketilganini ochiqladi.

Buxorolik tadbirkorning himoyachilaridan biri Rahim Xo‘jayev haqiqatan o‘ziga nisbatan boshlangan bosim va nohaqliklarga qarshi ochlik e’lon qilganini Ozodlikka tasdiqladi.

U sud hakami Rahim Xo‘jayevdan 175 million zararni qoplab berishni so‘rayotganini ma’lum qilib, prokuratura tadbirkorga nisbatan qator moddalar asosida jinoyat ishi ochganini gapirdi:

- Rahim Xo‘jayevga nisbatan 168 modda 3 qismi (Firibgarlik), 209 modda 2 qismi (Mansab soxtakorligi), 228 modda 2 va 3 qismlari (Hujjatlarni qalbakilashtirish) asosida prokuratura ayblovi qo‘yilgan. Undan tashqari, unga 139 (Tuhmat) va 140 (Haqorat) moddalari asosida ijro hokimiyat vakillariga nisbatan haqorat va bo‘hton bilan chiqish ayblovi ham qo‘yildi. Hamda u 219 chi “Hokimiyat vakiliga nisbatan qarshilik ko‘rsatish” moddasi bo‘yicha ham ayblandi. U kishi “Ochlik e’lon qilganman, nohaqlik va adolatsizlik bo‘lgani uchun” dedi.

Advokat 20 sentabr kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish sanksiyasi masalasi Buxoro viloyat sudida qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi.

U jinoyat ishi tergovchi allaqachon yakunlangani va materiallar sudga o‘tkazilishi kutilmoqda, dedi.

XS
SM
MD
LG