Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:46

OzodDayjest: Senat raisi o‘smir qizlar orasida homiladorlik avj olayotganidan xavotir bildirdi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Amerikalik tadqiqotchi Markaziy Osiyo rasmiylarini radikallashuvga oid qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Senat raisi O‘zbekistonda jinsiy tarbiyaga yetarlicha e’tibor berilmayotganiga urg‘u berdi. Taniqli iqtisodchi tanqidiy fikri tufayli trolling hujumiga uchradi. Joriy hafta shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Siyosatshunos Markaziy Osiyoda radikallashuvning asosiy sababini aytdi


Markaziy Osiyo hukumatlari mintaqada radikallashuv haqidagi tasavvurlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak, deydi siyosatshunos Noa Taker mintaqada terrorizm holati tadqiq etilgan yangi tadqiqotida (www.togri.uz, 17 sentabr). Olim o‘z kuzatuvlariga tayanib, mintaqada dindorlarning radikallashuvi emas, aksincha radikallarning islomiylashuvi jarayoni kechmoqda, deb xulosa qiladi.

Mintaqadagi hukumatlar o‘z fuqarolarining ekstremistik guruhlarga a’zo bo‘layotganiga asosiy sabab sifatida xorijdan kirib kelayotgan yot diniy e’tiqodni ko‘rsatadi. Ammo Noa Taker 2016-2018 yillarda o‘tkazgan tadqiqotlarga tayanib, mintaqa xalqlarining Suriyadagi mojarolarga aralashib qolishi kamdan-kam hollarda chet ellik missionerlar faoliyatiga yoki “yot g‘oyalar”ga bog‘liq bo‘lganini qayd etgan. Bu borada ijtimoiy adolatsizlik holatlariga e’tibor qaratish lozimligini uqtirgan.

Tadqiqotchi N.Taker diniy targ‘ibot samarasini oshirish uchun davlat va ayniqsa huquq-tartibot organlari dindor qatlam orasida kengroq koalitsiyani tashkillashtirishga harakat qilishi kerakligini aytgan.

O‘smir qizlarning homilador bo‘lib qolish holati ko‘paymoqda


O‘zbekiston bo‘yicha joriy yilning 6 oyida voyaga yetmaganlar orasida 46 ta homiladorlik holati qayd etildi (“Darakchi”, 19 sentabr). O‘tgan yili bu raqam 32 tani tashkil qilgan. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bu borada xavotir bildirgan. “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda bolalarning jinsiy tarbiyasi haqida ham modda bor. Unda jinsiy tarbiya va ularni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish haqida aytilgan. Ammo amalda nima ko‘rilmoqda? Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hali hech narsa qilinmagan, ta’lim vazirliklarida ham bu borada o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Bu borada hech kim dunyoqarashini o‘zgartirmagan”, degan Senat raisi.

Taniqli iqtisodchi Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi


O‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov Feysbukdagi sahifasida Monopoliyaga qarshi kurash davlat qo‘mitasidan hafsalasi pir bo‘lganini yozdi. Iqtisodchiga ko‘ra, u qo‘mitaning yangi soliqlar joriy etish borasidagi taklifini tanqid qilgani ortidan unga ushbu idoraning matbuot xizmati rahbari trolling hujumi uyushtirgan.

Avvalroq Yu.Yusupov antimonopol qo‘mita tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Respublikada gematologik va boshqa og‘ir kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashni moliyalashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini keskin tanqid qilgan edi.

Loyihada saraton kasalligining oldini olish va davolash maqsadida maxsusjamg‘arma tashkil etish, uning faoliyatini moliyalashtirish uchun esa 15 ta yangi soliqni kiritish taklif etilgan. Iqtisodchi Yu.Yusupov ularni “dahshatli soliqlar” deb atagan. “Saraton kasalligining oldini olish va davolash davlatning, ayniqsa, sog‘liqni saqlash vazirligining bevosita majburiyatidir. Va ushbu funksiyani bajarish uchun biz allaqachon soliq to‘laganmiz. Agar mablag‘ kam ajratilgan bo‘lsa, unda davlat xarajatlarini optimallashtirish va qayta taqsimlash haqida o‘ylab ko‘rish kerak (u yerda juda ko‘p imkoniyatlar mavjud) va yangi soliqlarni kiritmaslik kerak”, degan Yu.Yusupov.

Antimonopol qo‘mita yangi soliqlarning iqtisodiyotga salbiy ta’siri ehtimolini rad etgan.

XS
SM
MD
LG