Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 10:00

Latviyaga "3000 yevrolik" ishga yuborilgan o‘zbeklar 45 kunda 100 yevrodan oldi


O‘zbekistondan Latviyaga jo‘natilgan bir guruh ishchilar ularni ishga yollagan qurilish shirkatini imzolangan kelishuv shartlarini bajarmayotganlikda aybladi.

O‘zbek muhojirlari 45 kun ichida va’da qilingan 2-3 ming yevro o‘rniga atigi 100 yevrodan haq olganini aytdi.

Latviyaga ishchilarni O‘zbekistonda yollagan shirkat rahbariyati muhojirlar og‘ir ahvolga tushib qolganidan xabar topgani va muammolarni hal etish uchun maxsus vakil yuborganini bildirdi.

Latviyadan Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh o‘zbekistonlik muhojirlar ularni uy-joy qurilishi va ta’mirida ishlatayotgan mahalliy qurilish shirkatini maosh bermayotganlikda aybladi.

Latviyaning Valmiera shahrida ishlayotgan muhojirlardan biri vaziyatni bunday tasvirladi:

- Biz 9 avgust kuni 15 kishi “Marakanda xususiy bandlik agentligi” tomonidan Latviyaga ishga yuborildik. Bizni jo‘natgan firmaga 40 million so‘m pul berishga kelishganmiz. Kelganimizdan beri 7 sentabrda 50 yevro bir, kecha janjal qilganimizdan keyin yana 50 yevrodan berib ketdi. Bizga esa “kuniga 60-70 yevrodan kartalaring tayyor bulgungacha ishlab turasizlar”, deyilgan.

Latviyadagi ishchilar "ratsioni"
Latviyadagi ishchilar "ratsioni"

Yigitlarning aytishicha, ularning hatto yeb-ichishga puli qolmagan. Ulardan biri bunday dedi :

- Umuman pulimiz bo‘lmay qolgan vaqt bo‘ldi! Moskvadan ukamdan 200 dollar pul chaqirtirdim. Bolalar yeyishdan ekonom qilib, deyarli quruq nonda o‘tiribdi! Bizga quldek munosabatda bo‘lyapti. Endi “ishlarni tugatib bersalaring oyliklaringni olasizlar”, deyapti. Men shaxsan o‘zim allaqachon 60 million so‘m sarfladim kelguncha.

O‘zbekistonliklarning yana aytishicha, ularni ishga yollagan “LUX MEOS” qurilish firmasi barcha og‘ir ishlarni texnika ishlatmasdan, qo‘lda bajarishga majburlamoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, “LUX MEOS” shirkati qozog‘istonlik tadbirkor Jonibek va uning latviyalik yordamchisi Anders tomonidan boshqariladi.

Ishchilardan birining so‘zlaricha, o‘zbekistonlik muhojirlar shikoyat qilishni boshlashi ortidan “LUX MEOS” rahbariyati ularning o‘zlarini “shartnoma shartlarini buzganlikda” aybdor qilishga urinmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondan Latviyaga ishchilarni yuborish bilan “Recruit consulting work xususiy bandlik agentligi”, “Arm Inter group xususiy bandlik agentligi” va “Marakanda xususiy bandlik agentlik”lari shug‘ullangan. Bu uch shirkat Latviyaga, “LUX MEOS” shirkatiga 120 ishchi jo‘natgan.

23 sentabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan “Marakanda” agentligi rahbari Xurshid Rajabov o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ahvolidan xabardor ekani va vaziyatni o‘rganish uchun Rigaga yuqorida tilga olingan uchta agentlik nomidan maxsus vakil yuborilganini aytdi:

- Ish beruvchi kompaniya bilan o‘zaro hal qilmoqchi bo‘ldik – ancha muzokara olib bordik. Bir hafta oldin vaziyatni o‘rganishga vakilimizni yubordik. Har bir ishchi bilan suhbatlashib, protokol tuzildi. Bolalar haqiqatan ham 45 kun yurgan bo‘lsa, maksimum ishlagani 25-30 kun bo‘lyapti – oyliklari berilmagan! Lekin har biri bilan shartnoma imzolangan.

Xurshid Rajabov o‘zbek ishchilari qo‘l qo‘ygan mehnat shartnomasini ish beruvchidan talab qilib olmagani vaziyatni biroz murakkablashtirmoqda, dedi.

Uch agentlik tomonidan yuborilgan vakil vaziyatni o‘rganmoqda
Uch agentlik tomonidan yuborilgan vakil vaziyatni o‘rganmoqda

“Marakanda” agentligi direktori tekshiruv natijasida o‘zbek ishchilari texnikasiz va qurilish asbob-uskunalarisiz ishlatilayotganini ham tasdiqladi:

- Ishchilar kerakli texnikasiz ishlatilgan. Ish beruvchi oylik bermaganini "ishlayotganiga bir oy to‘lmagani" bilan izohlayapti. Ikkinchidan, ish beruvchi “o‘zbekistonliklar ishlashdan bosh tortyapti!”, deyapti. Bu masalani ham o‘rganayapmiz. Kerak bo‘lsa Latviya Immigratsiya xizmatiga chiqamiz va masalani ijobiy hal etamiz.

Latviyaning “LUX MEOS” qurilish firmasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Ozodlik qilgan murojaatlariga javob bermadi.

O‘zbekistonlik yollanma ishchilar Toshkentdan vakil kelib ketganidan keyin qurilish shirkati har bir ishchiga 50 yevrodan oziq-ovqatga pul bergani va ob’ekt ta’mirdan chiqqanidan keyin ularga maoshlari to‘liq berilishi va’da qilinganini ma’lum qildi.

Bundan oldinroq, Toshkent shahar prokuraturasi O‘zbekistondagi “Human” bandlik agentligi” direktori, 29 yashar Shohnur F. ustidan Jinoyat Kodeksining “Firibgarlik" moddasi (168-modda) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi.

Agentlik Germaniyaga deb yollagan 200 va Chexiyaga deb yollagan 500 ishchi jo‘natilmasdan qolgani, ular agentlikka bank orqali to‘lagan pullarini qaytarib ololmayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG