Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 13:27

Xorazmdan Toshkentga yurish boshlaganlar IIB tomonidan ushlandi (VIDEO)


23 sentabr kuni Xorazmdan Toshkentga piyoda yurish boshlagan xorazmlik jurnalist Mahmud Rajab va uning yaqinlari IIB xodimlari tomonidan avtobusga bosib, olib ketildi.

Jurnalist va uning yaqinlari Toshkentga borib, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan shaxsan uchrashish maqsadida 22 sentabr kuni yurish boshladi va 50 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tdi.

Mahmud Rajab Turkiyadan shoir Muhammad Solih kitoblarini O‘zbekistonga olib kelgani uchun kontrabandada ayblanib, 5 oydan beri tergovga qatnamoqda.

Хоразмдан Тошкентга юриш бошлаганлар ИИБ томонидан ушланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:38 0:00

Rasmiy munosabat

23 sentabr kuni kechqurin Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi o‘z sayti orqali gurlanliklar yurishiga rasmiy munosabat e’lon qildi.

Undan ma’lum bo‘lishicha, Mahmud Rajab va uning yaqinlari ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan va hududiy ichki ishlar bo‘limida saqlanmoqda.

IIB gurlanliklar yurishini Mahmud Rajabning "o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tugatilishiga erishish maqsadi" sifatida baholagan.

“Ular bilan Urganch shahar hokimi uchrashib, namoyishlarni o‘tkazish uchun tegishli tartibda ruxsat olish kerakligini va bu namoyishlar boshqa shaxslarning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir etmasligi lozimligini tushuntirgan bo‘lsada, ular davlat organlarini obro‘sizlantirishga, fuqarolarning ularga ishonchini yo‘qotishga qasddan harakat qilib, shovqin-suron ko‘tarib, ommaning e’tiborini o‘zlariga qaratishga urindilar va bu jarayonlarni to‘lig‘icha ijtimoiy tarmoqlarda jonli tarzda yoritib bordilar”, deyiladi Xorazm viloyat IIB rasmiy ma’lumotida.

Rasmiy bayonotda ushlanganlar taqdiri nima bo‘lishi haqida hech nima deyilmagan. Eslatib, o‘tamiz ushlanganlar soni yigirma nafarga yaqin bo‘lib, ular orasida ikkita yosh bola va 4 oylik bitta chaqaloq ham bor.

Gurlandan Urganchga yana ikki mashina odam keldi

Mahmud Rajabning qarindoshlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, avtobusga bosib olib ketilganlar Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi binosiga olib borilgan.

"Tushdan keyin Gurlandan yana 15 tacha odam keldi. Ular yurish ishtirokchilari ozod qilinishini talab qilib, IIB binosi oldiga keldi. Lekin na bizni uchrashtirishdi, na ular ahvoli haqida biror ma’lumot berishdi. Ular orasida ikkita yosh bola bor. Yana bitta 4 oylik chaqaloq ham bor. Ularning ahvoli nima bo‘layapti, bilmayapmiz", dedi gurlanlik yigit ismi ochiqlanmaslik sharti bilan.

Ozodlik Xorazm viloyat IIB rasmiylari bilan bog‘lanishga harakat qilayapti. Biroq hozircha biror natija bo‘lmadi.

Yurish ishtirokchilari avtobusga tiqildi...

Mahmud Rajabning qarindoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha, soat 12ga yaqin yurish ishtirokchilarining barchasini avtobusga tiqib, noma’lum tomonga olib ketishgan.

"Bugun ularga hujum qilgan o‘sha ayollar yana ularga tashlanib, telefonlarini olishmoqchi bo‘lishdi. Biroq olisha olmadi. Shu orada ular oldiga shaharda yo‘lovchi tashuvchi avtobuslardan birini olib kelib, yo‘lini to‘sishdi. Shu atrofda yurgan grajdanskiy kiyimdagi odamlar Mahmud akani va u yerdagi barcha odamni qo‘lidan sudrab, majburlab avtobusga chiqarishdi. Menimcha hammasining telefon raqamini olib qo‘yishgan. Hech kimning telefoni ishlamayapti", dedi voqea joyida bo‘lgan yigit. ​

Ozodlik voqea joyida olingan videoni ham qo‘lga kiritdi:

Юриш иштирокчилари ушланди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:33 0:00

Feysbuk layf to‘xtadi...

23 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11lardan o‘tganda bloger @Shabnam Olloshkurova ning Feysbuk sahifasidagi jonli chiqishlar to‘xtadi.

Yurish ishtirokchilari borasida hozircha boshqa ma’lumot yo‘q.

Ozodlik vaziyatni o‘rganishni davom etadi.

Urganch shahar hokimi ham yurish ishtirokchilarini qaytarishga urindi

Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev ham Mahmud Rajab bilan uchrashib uni qaytarishga harakat qildi.

Biroq yurish ishtirokchilari hokim Abdullayevni ularga bo‘lgan ayollar hujumini uyushtirishda ayblashdi.

Yurish ishtirokchilariga noma’lum ayollar hujum qildi

Urganch shahriga yetib kelgach yurish ishtirokchilariga noma’lum ayollar hujum qildi. Buni Feysbuk orqali jonli chiqish qilgan bloger @Shabnam Olloshkurova ma’lum qildi.

Yurish ishtirokchilari safi kengaydi

Tunni Yangibozor tumanidagi kafelardan birida o‘tkazgan yurish ishtirokchilari Urganch shahriga yetib kelgach, ularga yana uch nafar kishi qo‘shildi. Yana bir kishi Bog‘otda, ikki kishi Hazoraspda qo‘shilishini ma’lum qildi.

Xorazm IIB boshlig‘i ham Mahmud Rajabni to‘xtatishga urindi

22 sentabr kuni kechqurun o‘zini Xorazm viloyat ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i deb tanishtirgan kishi yurish ishtirokchilari bilan uchrashdi.

- Men Po‘lat Razzaqovich Bobojonovning vakiliman. Men sizni xavfsizligingizni ta’minlab vazirimiz bilan uchrashtirib beraman, deya va’da qildi o‘zini Xorazm viloyat IIBga bir oy avval boshliq qilib tayinlanganini aytgan kishi.

- Po‘lat Bobojonov shu viloyatning vakili. Shu viloyatda hokim bo‘lgan. Hozir viloyatdan mana shunday ahvolda borish yaxshimi?, dedi o‘zini IIB boshlig‘i deb tanishtirgan kishi.

Feysbuk orqali jonli berilgan videodagi tasvirlar qorong‘ulikda olingani sabab o‘zini IIB boshlig‘i deb tanishtirgan kishining yuzi aniq ko‘rinmaydi.

Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy saytida boshqarma boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuxamedov ekani ko‘rsatilgan.

Mahmud Rajab IIB boshlig‘ining iltimoslarini inobatga olmadi va yurishni davom ettirdi.

Gurlan tuman hokimi Mahmud Rajabni qaytarishga urindi

Gurlan tuman hokimi Alisher Solayev Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan yurish ishtirokchilari oldiga borib, ularni to‘xtatishga harakat qildi.

Biroq Mahmud Rajab va uning yaqinlari hokim so‘zlariga quloq solmadi.

Mahmud Rajab Feysbuk orqali jonli namoyish qilinayotgan video davomida hokim Solayevni fermerlarni urib, haqoratlaganlikda aybladi.

Gurlandan Toshkentga yurish

Mahmud Rajab o‘zining yaqinlari, uni qo‘llovchi shaxslar bilan birgalikda 22 sentabr kuni tushdan keyin Gurlan tumanidan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqdi. Yurish ishtirokchilari orasida yoshi katta ayollar, yosh bolalar, hatto chaqalog‘i bilan chiqqan bir ayol ham bor. Yurish ishtirokchilari soni jami yigirmadan ziyod.

Mahmud Rajab Xorazm viloyatidagi Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari faoliyatiga norozilik sifatida ushbu yurishni boshlaganini bildirdi.

U so‘nggi 5 oy ichida to‘xtovsiz tergovga chaqirtirilganiga norozilik bildirayapti.

- Pichoq suyakka borib yetdi. Xorazm viloyati Ichki ishlar xodimlarining zulmidan, zolimligidan, nohaqligidan jonimizdan judayam to‘yib ketdik. Toshkentga yozgan xatlarimiz, arizalarimizga javob bo‘lmagani uchun o‘zimiz noiloj piyoda yo‘lga chiqishga qaror qildik. Maqsadimiz Toshkentga borib, Po‘lat Bobojonov bilan yuzma-yuz uchrashish. Men nohaq tuhmatga uchraganman. O‘zimning haqligimni Xorazmda isbotlash imkoni bo‘lmadi. Shuning uchun Toshkentga yo‘l oldik, dedi Mahmud Rajab yurishni boshlashdan avval Feysbuk orqali.

Ushbu yurish bloger @Shabnam Olloshkurova ning Feysbuk sahifasi orqali jonli ravishda yoritilmoqda.

Mahmud Rajabga ochilgan ish

Mahmud Rajab 21 sentabr kuni Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uni olib ketishga kelishgani, ammo mahalladoshlari qarshilik ko‘rsatishi tufayli qaytib ketishgani haqida Ozodlikka gapirgandi.

Uning Feysbuk orqali ma’lum qilishicha, so‘nggi 3 kun ichida ichki ishlar xodimlari uyiga bostirib kelib, uni olib ketishga harakat qilishgan.

2019 yilning 30 aprel kuni “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan M. Radjapovga (Mahmud Rajab) nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Bu modda bo‘yicha aybli deb topilsa, jurnalist besh yildan o‘n yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Mahmud Rajab o‘ziga qo‘yilgan bu ayblovni shu yilning mart oyida Turkiyadan muxolifat yetakchisi va shoir Muhammad Solihning kitoblarini O‘zbekistonga olib kelgani bilan bog‘laydi.

Mahmud Rajab Tbilisidan Istanbul orqali shoir Muhammad Solih asarlarini olib kelayotganida Toshkent aeroportida taqiqlangan adabiyotlar sifatida kitoblar olib qo‘yilgan edi.

Mahmud Rajab, Muhammad Solihni vatanga qaytarishni so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan o‘zbek jurnalistidir.

Bir yil ilgari, 2018 yilning 29 mayida shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs Muhammad Solih rasmi bilan tushgan suratini tarmoqqa qo‘ygani uchun prokuraturaga chaqirilgan edi.

XS
SM
MD
LG