Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:42

Tojikistonda sobiq sudya 12 yoshli qizga nisbatan fahsh harakat qilganlikda ayblanmoqda


Dushanbe shahar, Firdavsiy tuman sudi binosi.
Dushanbe shahar, Firdavsiy tuman sudi binosi.

Tojikiston poytaxtining Firdavsiy tuman sudi 12 yashar qizga nisbatan fahsh amallar qilganlikda ayblanayotgan sobiq sudyaning ishini ko‘rib chiqmoqda. Sudlanuvchining qarindoshlari unga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat'iyan rad qilmoqda.

Ayblanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar Ozodlik radiosi tojik xizmati (Radioi Ozodi) ixtiyorida bor. Biroq radio uning ismini oshkor qilmadi.

Sobiq sudya hozir pensiyada, uning yoshi 60 dan oshgan. U mamlakat Jinoyat kodeksining 142- moddasi, 2- qismi (Fahsh harakatlar) bo‘yicha ayblanmoqda, bu moddaga ko‘ra, 2 yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Firdavsiy tuman sudining xodimi 24 sentabr kuni ma’lum qilishicha, voyaga yetmagan qizning otasi o‘z qo‘shnisi ustidan sudga ariza bergan.

Ayni paytda sudlanuvchining Dushanbeda yashovchi qarindoshlari ayblovlarni “mutlaqo asossiz” va “tuhmat” deyishmoqda.

Sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan qizning otasi voqeaning ayrim tafsilotlarini oshkor qildi. Uning aytishicha, sobiq sudya bilan 13 yildan beri Dushanbedagi ko‘p qavatli uylardan birida qo‘shni yashashadi. Tahdid va qo‘rqitish yo‘li bilan sobiq sudya shu yilning iyun oyida qiziga nisbatan fahsh amallarini sodir qilgan va jinsiy ehtiyojini qondirgan.

Sudlanuvchining advokati Muhabbat Jo‘rayevaning Radioi Ozodi bilan telefon orqali muloqotida o‘z himoyasi ostidagi shaxsning ishi bo‘yicha izoh berishni rad qildi.

Qiz otasining aytishicha, yuz bergan hodisadan xabar topishi bilanoq ichki ishlar idoralariga murojaat qilgan. «Qizim so‘ngi vaqtlarda ruhiy tushkunlikda bo‘ldi. Bir kuni u hovlida dugonalari oldida yig‘lab qo‘shni erkak nimalar qilayotgani haqida gapirib bergan. Bu gapni uchinchi qavatdagi qo‘shni ayol eshitib qolgan, qizimni o‘z oldiga chaqirib olib, nimalar bo‘lganini aytib berishni so‘ragan. Ayol qizimga bor gapni onasiga aytishni maslahat bergan, ammo qizim qo‘rqqan. Baribir bu gaplar bizgacha yetib keldi», - deydi K.M.

Qizning otasining aytishicha, avvaliga sobiq sudyaga nisbatan TR JKning 139- moddasi (“Jinsiy xarakterda zo‘ravonlik harakati”) bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Keyinroq esa 142- moddaga (“Fahsh harakatlar”) almashtirildi.

«Biz nima uchun almashtirilganini so‘radik. Bizga jinsiy zo‘ravonlik bo‘lmaganini, sudlanuvchi o‘zining jinsiy maylini qondirganini aytishdi», - deydi qizning otasi.

Tibbiy tahlillar ham voyaga yetmagan qiz zo‘rlanmaganini, uning bokira ekanini isbotladi. Xabardor ikki manbaning aytishicha, sudlanuvchi qizning tanasidan o‘zining jinsiy maylini qondirishda foydalangan, bu faktlar prokuratura tergovida tasdiqlandi va olingan dalil asosida sobiq sudyaga nisbatan ayblov qo‘yildi.

Xabardor manbaning so‘zlariga qaraganda, sobiq sudya sud idoralarida 30 yillik ish tajribasiga ega, U Tog‘li Badaxshon Muxtor viloyati, Xatlon viloyati va respublikaga bo‘ysinuvchi tumanlar sudlarida ishlagan. 5 yil muqaddam pensiyaga chiqqan. Sud jarayoni o‘tgan haftada boshlandi va hozircha ikkita majlisi bo‘lib o‘tdi. Qizning otasi sud majlisida advokat ishtiroksiz qatnashdi, 24 sentabr kuni himoyachi oldi.

XS
SM
MD
LG