Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2019, Тошкент вақти: 23:17

Chustdagi to‘yda ellikdan ortiq odam zaharlanish belgilari bilan doktorlarga murojaat qildi


Chust tumanidagi (Namangan viloyati) to‘yda ishtirok etgan ellikdan ziyod mehmon ovqatdan zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga 22 sentabrda yotqizildi.

25 sentabrda 10 dan ziyod bemor kasalxonada qolmoqda.

Tumanning Qirg‘izistonga chegaradosh "Yuqori" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lgan to‘yda zaharlangani aytilayotganlar orasida to‘y egasi va uning o‘g‘li ham bor.

Chust tumani Tibbiyot birlashmasi vrachi barcha bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgani, ahvoli qoniqarli bo‘lganlarga uylariga ketishga ruxsat berilganini Ozodlikka aytdi.

Chust tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Nasiba Bozorova Ozodlik bilan suhbatda vaziyat nazoratga olingani, bemorlarda zaharlanish emas, ich ketish qayd etilganini ma’lum qildi.

Chust tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisi esa, 25 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda to‘yda tortilgan oziq-ovqatlar va bemorlardan olingan biologik namunalar tekshirish uchun Toshkentdagi laboratoriyaga yuborilgani, natijalari hozircha ma’lum emasligini bildirdi.

22 sentabr kuni Chust tumanining "Yuqori" mahallasida bo‘lgan "qiz bazmi"da ikki yuzdan ortiq mehmon qatnashgan.

Bazmda qatnashgan ayollardan biri Ozodlikka to‘yning ertasiga holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich ketishi kabi belgilar bilan shifoxonaga murojaat qilganini aytdi:

- Stafilokokk infeksiyasi deyishyapti. Men bilan birga ellikdan ziyod odam shifoxonaga borgan. Ularda ham shu holat. To‘yda tortilgan xolodetsdan deb gumon qilayotgan edim. Lekin xolodets yemaganlar ham zaharlangan. Kimdir osh yedik deydi, boshqalar sho‘rva ichdik, deydi. To‘yda g‘unajin so‘yilgan, kamiga tayini yo‘q, qaerdan kelgani noma’lum go‘sht ham qo‘shilgan ekan. Shu go‘shtdan zaharlanish bo‘lgan degan gumonlar ham bor.

Ozodlik to‘y bo‘lgan xonadon egasining o‘zi bilan suhbatlashdi. (Uning iltimosiga ko‘ra ismini ochiqlanmayapti.)

Uning aytishicha, to‘ydan keyin o‘zi va o‘g‘li ham holsizlanib shifokorga murojaat qilgan:

To‘y qilib, xalqni yedirib-ichiraman deysiz, odamlar bunaqa bo‘lib qolganidan keyin hijolat bo‘lar ekansiz, xuddi ataylab qilganga o‘xshab. Lekin meni o‘zimda ham, o‘g‘limda ham ko‘ngil aynish bo‘ldi

- To‘y qilib, xalqni yedirib-ichiraman deysiz, odamlar bunaqa bo‘lib qolganidan keyin hijolat bo‘lar ekansiz, xuddi ataylab qilganga o‘xshab. Lekin meni o‘zimda ham, o‘g‘limda ham ko‘ngil aynish bo‘ldi. To‘yda kalla go‘shti yeganman, molning kalla go‘shtini, kechasi bilan bezgak tutib, ertasi shifokorga bordik. To‘rtta sistemani qo‘ydirdim, hozir yaxshiman.

To‘y egasining aytishicha, "qizlar bazmi" o‘z hovlisida o‘tkazilgan, taomlarni mahalla oshpazi qozon-o‘choqda tayyorlagan. Mahalla ahli unga yordam qilgan:

- Bizning qishloqchilikda to‘yda ovqat shunday tayyorlanadi-da, mahallamizning oshpazi tayyorlaydi. O‘zimizning g‘unajinni so‘ydirganmiz. Nimaga bunaqa bo‘lganiga hayronmiz. Shuncha paytgacha bunaqa zaharlanish bo‘lmagan. Kecha RaySES (tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazi)dan kelib hamma narsadan namunalarni olib ketishdi. Ko‘ramiz, qanaqa natija chiqar ekan.

Chust tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisi esa, 25 sentabr kuni Ozodlikka to‘yda tortiq qilingan oziq-ovqatlar va bemorlardan olingan biologik namunalar tekshirish uchun Toshkentdagi laboratoriyaga yuborilgani, natijalari hozircha ma’lum emasligini bildirdi:

- To‘yda ishtirok etganlarning hammasining ro‘yxati tuzilib tekshirildi. To‘y bo‘lgan xonadondagi hamma mahsulotlardan namunalar olindi. Hamma namunalarni Toshkentga jo‘natganmiz. Natijasi chiqishi bilan ma’lum qilamiz.

Chust tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Nasiba Bozorova Ozodlikka vaziyat nazoratga olingani, bemorlarda zaharlanish emas, ich ketish qayd etilganini ma’lum qildi:

- Ortiqcha vahimaga sabab yo‘q. Ko‘pchiligida ich ketish bo‘lgan, bir kunda tuzatib, uylariga javob berdik. Sal og‘ir ahvoldagilari yuqumli kasalliklar shifoxonasida. Hozir nimadan bunaqa bo‘lganini o‘rganyapmiz, bugun tuman hokimligida ham bu masala ko‘tarildi.

O‘zbekistonda to‘ylarda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan yilning oktabr oyida Qashqadaryoning Qarshi shahridagi to‘yda 74 odam, o‘sha yilning mart oyida esa Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi to‘yda 55 kishi zaharlangani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Qarshidagi xolatda to‘y qilingan xonadonda ikki yuzdan ortiq kishiga ovqat qilish uchun umuman sharoit bo‘lmagani, oshpaz esa tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagani aniqlangan edi.

Sanitariya-epidemiya talablarini buzganligi uchun to‘y egasiga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solingandi.

XS
SM
MD
LG