Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:59

Qo‘qonda ro‘molli o‘quvchilar va ularning oilasi ro‘yxatlari tuzildi


Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018 yilda tasdiqlangan maktab formasi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018 yilda tasdiqlangan maktab formasi

Qo‘qon shahridagi o‘rta maktablar mahalla qo‘mitalari bilan hamkorlikda ro‘molli o‘quvchilar va ularning ota-onalari ro‘yxatini tuzdi.

Ro‘yxatga tushgan oilalarga oid ma’lumotlar yig‘ilib, shahar hokimligiga berilgan va bunday oilalar bilan ishlovchi maxsus ishchi guruh tuzilgan.

Oddiy qo‘qonliklardan olingan bu ma’lumotni Qo‘qon shahar hokimligi mulozimi ham, Xalq ta’limi vazirligi mulozimi ham inkor etmadi.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchi qizlarning bosh kiyimda darsga kirishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqiqlangan.​

Nusxasi Ozodlikka kelgan ro‘yxatda Qo‘qon shahridagi 26ta maktab, ularda o‘qiydigan ro‘molli qizlar va ularning ota-onalari ism-familiyalari, uy manzillari, ota-onalarining ish joyi qayd etilgan.

"Qo‘qon shahridan murojaat qilayapman, bizning maktablarda ro‘mol o‘rab keladigan qizlarni yashirin ro‘yxatga olish boshlandi" deb yozdi ismini sir saqlashni istagan qo‘qonlik o‘qituvchi.

Ozodlikka nusxasi kelgan ro‘yxatlarda ro‘molli o‘quvchilar 3 toifaga ajratilgan:

darsga ro‘molini yechib kirgan qizlar;

ro‘molini yechishni istamay maktabdan qaytib ketgan qizlar;

ro‘molini yechmasdan darsga kirgan qizlar.

Shahardagi 4- maktab o‘quvchilaridan birining onasi oila ro‘yxatga tushganidan bexabar bo‘lib chiqdi.

"Ha, qizimiz ro‘molga kirib oldi. Yaqinda dadamiz Hajga borib kelganidan keyin qizimiz ro‘mol o‘rab oldi. Lekin, biz aslida zamonaviy oilamiz opa, bunaqa ro‘yxatdan xabarimiz yo‘q. Men o‘qituvchisi bilan gaplashaman hozir" dedi hayratini yashirmagan ona. (Onaning ismi ma’lum sabablarga ko‘ra, oshkor qilinmayotir - tahr.)

Ozodlik muxbiri ro‘yxatlarda raqami qayd etilgan bir necha maktab bilan bog‘landi. Maktab mas’ullari ro‘yxat shahar hokimiyati buyrug‘i bilan tuzilib, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirish uchun mahalla fuqarolar yig‘iniga taqdim etilganini bildirdi.

Qo‘qon shahridagi qator mahalla fuqarolar yig‘ini raislari esa ro‘yxat hokimlikka taqdim qilingani va ayni paytda nomi qog‘ozga tushgan oilalar bilan ishlash uchun maxsus ishchi guruhlar tuzilayotganini bildirdi.

"Hokimiyatga berdik ro‘yxatlarni. Hozir ota-onalari bilan tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Otin oyi va mahallada gapi o‘tadigan obro‘li kishilardan ishchi guruhlar tuzdik. 4-sentabrdan beri ishlayapmiz" dedi shahar markazidagi mahalla fuqarolar yig‘inining ismini oshkor qilmayotganimiz raisasi.

Shaharning asosan ko‘pqavatli uylar joylashgan dahasidagi yana bir mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham ro‘yxatdan xabardorligi, ammo uning mahallasi hududidagi maktabda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar yo‘qligini aytdi.

"Bizni maktabda bir dona ham ro‘molli o‘quvchi qiz yo‘q. Maktabimiz juda zamonaviy. Lekin, boshqa mahallalar ro‘yxatlarni topshirishdi", dedi nomini oshkor qilmayotganimiz mahalla raisi.

Mahalla raislari hokimiyat bu ro‘yxatlarni nima qilishi - ya’ni, ro‘yxatlar hokimiyatlarda qoladimi yoki Toshkentga ketadimi - bu savolga aniq javob bera olmadi.

Ammo, ularga ro‘yxatdagi oilalar bilan alohida tushuntirish ishlarini boshlash vazifasi yuklatilganini aytishdi.

"Endi shu oilalarga tushuntirayapmiz - Internetdan yoki kinolardan ko‘rib olib, boshqa davlatlarga, yot tushunchalarga taqlid qilib yurmanglar, deb yaxshilik bilan tushuntirayapmiz. Qora yoki to‘q ranglardagi ro‘mollarni o‘ramanglar, shu Qo‘qonimizda qadimdan bo‘lgan urf bo‘lgan harir, ochiq rangdagi ro‘mollarni o‘ranglar, deyapmiz. Maktabda bosh kiyim mumkinmas, yechib kirishyapti", dedi shahar markazidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisasi.

Qo‘qon shahar hokimligi vakili ro‘molli qizlar ro‘yxatlari haqidagi ma’lumotni inkor qilmadi. Ammo, shahar hokimining ayni ishlarga mas’ul o‘rinbosari, deya telefon raqami taqdim qilingan rasmiydan bu masalada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Xalq ta’limi vazirligi qabulxonasi ham Ozodlikka ayni tarzda javob qaytardi - ma’lumot inkor qilinmadi, ammo savollarga javob ham berilmadi.

Ayni paytda, O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning bosh kiyimda darsga kirishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqiqlangan.

2018 yilning 15 avgustida qabul qilingan 666-sonli "Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorning 7-bandida shunday deyiladi:

"7. O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno".

XS
SM
MD
LG