Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:45

Prokuratura tuyaqushfurush "Straus House" faoliyatini tekshirishni boshladi


"Karoo Livestock Exports" C.C shirkati mutaxassisiga ko‘ra, ular O‘zbekistonga haftasiga 6 mingta jo‘ja yetkazib berish quvvatiga ega.
"Karoo Livestock Exports" C.C shirkati mutaxassisiga ko‘ra, ular O‘zbekistonga haftasiga 6 mingta jo‘ja yetkazib berish quvvatiga ega.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar, Yunusobod tuman bo‘limi "Straus House" tuyaqushchilik shirkati faoliyatini yaqinda tekshirishni boshladi.

Tekshiruvga bosh ofisi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Straus House” MChJ bilan tuyaqush olish bo‘yicha shartnoma imzolab, to‘lovni to‘lab, bugunga qadar tuyaqushlarni olmagan, pulini ham qaytarib ololmayotgan o‘nlab fuqarolarning shikoyatlari sabab bo‘lgan.

"Straus House" shirkati vakili prokuratura tomonidan tekshiruv bo‘layotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Shu yil boshida "Straus House" Janubiy Afrikadan keltiriladigan tuyaqush jo‘jalari donasini o‘rtacha 2 mln so‘mdan sotib olishni aholiga reklama e’lonlari orqali taklif qildi.

1 yoshga to‘lgan tuyaqushning bittasini aholidan o‘rtacha 9-10 mln so‘mdan qayta sotib olishni ham va’da qildi.

O‘zlarini tuyaqush biznesida sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan fuqarolarning Ozodlikka aytishicha, ular shu reklamaga uchib tuyaqush jo‘jalarini harid qilish uchun shu yilning yanvarida “Straus House” bilan shartnoma tuzganlar.

To‘lovlarni esa may oyida to‘liq amalga oshirganlar, lekin jo‘jalardan shu paytgacha darak bo‘lmagan.

Ismi ochiqlanmasligini istagan andijonlik fermer Ozodlik bilan suhbatda "Straus House" dan 100 bosh tuyaqush jo‘jasini sotib olaman deb qarzga botganini aytdi:

100 ta jo‘jaga "Agrobank"dan 200 million so‘mlik kredit olib, "Straus House" ga to‘lavorganman. 8 foizlik kreditni uch yilga olgan edim. Hozir yo‘q tuyaqush jo‘jasi uchun kredit foizlarini to‘lab kelmoqdaman

- 100 ta jo‘jaga "Agrobank"dan 200 million so‘mlik kredit olib, "Straus House" ga to‘lavorganman. 8 foizlik kreditni uch yilga olgan edim. Hozir yo‘q tuyaqush jo‘jasi uchun kredit foizlarini to‘lab kelmoqdaman. Mayli foiz to‘lash evaziga ko‘rgan zararga roziman, pulni qaytarib bersa bo‘ldi edi, jo‘jasi ham kerak emas, buyog‘iga sovuq tushib qoldi.

"Straus House" tuyaqush jo‘jalarini O‘zbekistonga Janubiy Afrika Respublikasidan keltirmoqchi edi.

Shirkat xodimi Ozodlik bilan suhbatda mijozlarga to‘yaqush jo‘jalari yetkazib berish kechikishini Janubiy Afrikada ob-havoning sovuq kelishi bilan izohladi.

- Bizga Afrika yetkazib berolmagan, biz ham mijozlarga vaqtida berolmadik. Afrikaga pul chiqarganmiz. Uch oycha "fors-major" bo‘ldi. U yoqda havo sovuq bo‘lib, jo‘ja chiqmay qo‘ygan. Hozir sekin-sekin yo‘lga tushyapti. Hozir navbati bilan beryapmiz jo‘jalarni, - dedi shirkat vakili.

O‘zbekistonga tuyaqush jo‘jalari yetkazib berish bo‘yicha "Straus House" bilan shartnoma imzolagan Janubiy Afrika Respublikasidagi "Karoo Livestock Exports" C.C shirkati mutaxassisi Jerri Ferriera ob-havo sharoiti tufayli jo‘ja yetkazib berishda kechikish bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi:

Bahor oylari oxiri, yozning ikki oyi bizda sovuq keldi, jo‘ja chiqmadi. Shuning uchun bizning aybimiz bilan kechikish bo‘ldi. Lekin hozir jo‘jalarimiz juda ko‘p. So‘nggi 14 kun ichida "Straus House"ga 600ta jo‘ja jo‘natdik. Shu hafta oxirida yana 288 ta tuyaqush jo‘jasi O‘zbekistonga ketyapti

- Bahor oylari oxiri, yozning ikki oyi bizda sovuq keldi, jo‘ja chiqmadi. Shuning uchun bizning aybimiz bilan kechikish bo‘ldi. Lekin hozir jo‘jalarimiz juda ko‘p. So‘nggi 14 kun ichida "Straus House"ga 600ta jo‘ja jo‘natdik. Shu hafta oxirida yana 288 ta tuyaqush jo‘jasi O‘zbekistonga ketyapti.

"Karoo Livestock Exports" C.C shirkati mutaxassisiga ko‘ra, ular O‘zbekistonga haftasiga 6 mingta jo‘ja yetkazib berish quvvatiga ega.

Shirkat may oyidan buyon O‘zbekistonga 4 mingdan ziyod tuyaqush jo‘jasini har birini 100-120 AQSh dollaridan eksport qilgan.

Unday bo‘lsa jo‘jalar qani? Nega shartnoma asosida pulini to‘laganlar "Straus House" dan jo‘jalarni eksportyor narxidan ikki baravar qimmat narxda ham ololmayapti?

Bu savolga shirkat vakili shunday javob berdi:

- Aytganimdek jo‘jalarni endi olishni boshladik. Lekin, biz ularni uchoqdan tushurib, darrov mijozlarga berolmaymiz. Bu yerning iqlimiga moslash uchun ularni maxsus joyda o‘ttiz kungacha saqlash kerak. Keyin o‘rganib ketganidan so‘ng beriladi va sekin-sekin beryapmiz. Agar moliyaviy piramida qilishyapti, deb ustimizdan bo‘xtonlarni yog‘dirishmasa ish tezroq ko‘char edi. Hozir bir tomonda tekshir-tekshir bo‘lib yotibdi, boshqa tomonda jo‘jalar qani deb yoqamizdan olishyapti, biznesimizga bolta urish bo‘lyapti-da. Sabr qilishsa olishadi, - dedi "Straus House" vakili.

XS
SM
MD
LG