Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:17

OzodDayjest: Siyosiy partiyalar jo‘rovozlik va labbaygo‘ylikda ayblandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Mustaqil ekspert Igor Soy Karimov davrida labbaygo‘ylik qilgan partiyalar Mirziyoyev davrida ham bu odatlarini davom ettirayotganini iddao qildi. Advokat Sergey Mayorov DXX va Bosh prokuratura shikoyatlarni javobsiz qoldirayotganidan yozg‘irdi. Qashqadaryolik yigit ma’shuqasining oilasi unga ro‘yxushlik bermagani bois qotillikka qo‘l urdi.

_____________________________________________________________

Mustaqil ekspert parlament saylovi rasmiyatchilik uchun o‘tkazilishini bashorat qildi


Iqtisodiy tahlilchi va mustaqil ekspert Igor Soy O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar faoliyatini keskin tanqid qildi (www.repost.uz, 24 sentabr). Qayd etilishicha, birinchi prezident I.Karimov siyosatini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan beshta partiya amaldagi prezidentga ham jo‘rovozlikda davom etmoqda.

“Partiyalar siyosiy qarorlar qabul qilishda deyarli qatnashmaydi, jamiyatda ro‘y berayotgan siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatmaydi, aholining talab va ehtiyojlarini his etmaydi. V.I.Lenin ta’biri bilan aytganda, “xalqdan juda-juda uzoqlashib ketgan”, deb yozadi tahlilchi.

Ta’kidlanishicha, partiyalar iqtisodiyotni isloh etish bo‘yicha jo‘yali taklif bera olmaydi. Ular garchi xalq manfaatini ko‘zlab faoliyat yuritayotganini iddao qilsalar-da, hatto kommunal xizmatlar narxi oshishiga ham qarshi chiqishga qodir emas. Davlat yuritayotgan pul-kredit siyosati, inflyatsiya, oltin zaxiralari kabi moliyaviy masalalarga aralashishga ham ularning jur’ati yetmaydi.

“Rasmiyatchilik va to‘rachilik, soxtakorlikka asoslangan “qizg‘in faoliyat”, istalgan davlat rahbariyatiga labbaygo‘ylik, tanqid hamda taklifu tavsiyalarning yo‘qligi, tashabbus va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qochish – mamlakatimizdagi partiyalar faoliyatining asosiy belgilaridir”, deb yozadi ekspert Igor Soy.

Tahlilchi yaqinlashib kelayotgan saylovlar rasmiyatchilik uchun o‘tkazilishini bashorat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 22 dekabrida O‘zbekistonda parlament hamda mahalliy kengashlarga saylov bo‘lib o‘tadi. 20 sentabr kuni saylovoldi kampaniyasi rasman boshlangan.

Taniqli advokat Mayorov BMT maxsus ma’ruzachisiga O‘zbekiston sudlov tizimidan arz qildi


O‘zbekistonlik taniqli advokat Sergey Mayorov BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayanga murojaatnoma yo‘lladi (www.advokatnews.uz, 23 sentabr).

O‘n banddan iborat murojaatnomada S.Mayorov O‘zbekiston sud-huquq tizimidagi o‘tkir muammolar haqida ma’lum qilgan. Xususan, u DXX va Bosh prokuraturani shikoyat-arizalarni javobsiz qoldirayotganlikda ayblaydi. U jinoiy va ma’muriy ishlarni sudda ko‘rish jarayonida tomonlar tengligi mavjud emasligini alohida qayd etgan.

“Tergov organlarida yangi trend paydo bo‘ldi – jinoyat ishlari to‘liq maxfiylashtirilmoqda. Maxfiylashtirishning bunday noqonuniy ko‘rinishi tergovchilarga xoh dastlabki tergov bosqichida bo‘lsin, xoh materiallar bilan tanishuv bosqichida, advokatlarga jinoyat ishi hujjatlaridan nusxa bermaslik uchun asos bo‘lyapti”, deydi S.Mayorov.

Qayd etilishicha, advokatlar sudyalarga jinoyat jarayonidagi qo‘pol qonunbuzarliklar, tergovchilar tomonidan dalillarning soxtalashtirilishi hollari haqida xabar qilsa-da, murojaatlar e’tiborsiz qoldirilmoqda.

“O‘z lavozimini saqlab qolish uchun sudyalar e’lon qilingan ayblovni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlaydi va ayblovchi prokuror pozitsiyasiga xayrixohlik bildiradi. Mustaqillik yo‘qligi tuman sudlaridan tortib Oliy sudgacha – butun sud vertikalida ko‘zga tashlanmoqda”, deb hisoblaydi taniqli advokat.

Eslatib o‘tamiz, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O‘zbekistonga mahalliy sud-huquq tizimini o‘rganish, advokatlar va sudyalarning mustaqilligini baholash maqsadida tashrif buyurgan.

Oshiq yigit rad etilgan sevgi sabab qotillikka qo‘l urdi


Qashqadaryolik yigit ma’shuqasining oilasi unga ro‘yxushlik bermagani sabab qotillikka qo‘l urdi (“Huquq”, 26 sentabr). Ismi oshkor etilmagan yigit Sirdaryo viloyatida ishlab yurib, shu yerlik qizni yaxshi ko‘rib qoladi. Qiz ham unga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo qizning onasi farzandini olis viloyatga uzatishga ko‘nmaydi. Shunlan keyin u ma’shuqasining onasini pichoqlaydi, qizning o‘zini esa qo‘rqitish yo‘li bilan olib qochib ketadi. Qayd etilishicha, qizni o‘g‘irlab ketgan yigit ertasi kuniyoq hibsga olingan. Pichoqlangan ayol esa shifoxonada vafot etgan. Sirdaryo tuman prokurori o‘rinbosari Zufarjon Ilyosovga ko‘ra, sudning joriy yil 14 avgustidagi hukmi bilan qotillikda ayblangan shaxs 8 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG