Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:04

AQShda o‘zbekistonlik IShIDga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganlikda aybdor topildi, hukm o‘qildi


AQShda qo‘lga olingan o‘zbeklar sudga olib kelingan paytda chizilgan surat, Nyu-York, 2015 yil, 25 fevral.
AQShda qo‘lga olingan o‘zbeklar sudga olib kelingan paytda chizilgan surat, Nyu-York, 2015 yil, 25 fevral.

24 sentabrda Nyu-Yorkda sud hakamlar hay’ati O‘zbekiston fuqarosi, hibsga olingunicha Nyu-Yorkning Bruklinida istiqomat qilgan Dilhayot Qosimov ustidan o‘z hukmini e’lon qildi.

Okrug sudyasi Uilyam Kunts raisligida bir hafta davom etgan sud jarayoni yakunida Dilhayot Qosimov IShID tarafdorlarini moliyaganlikda aybdor deb topildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Dilhayot Qosimov 30 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Dilhayot Qosimovga nisbatan ayblov 2015 yilning 6 aprelida Bruklin federal sudida e’lon qilingan edi.

Qosimov jinoiy til biriktirish va terrorchi guruhga moliyaviy yordam ko‘rsatishga harakat qilganlikda ayblangan.

Prokurorlarning aytishicha, Qosimov o‘zbekistonlik Abror Habibov bilan birgalikda qozog‘istonlik Axror Saidaxmetovning Suriyaga borib “Islomiy davlat” guruhiga qo‘shilishi uchun 1600 dollar yiqqan.

Avvalroq AQSh sudi o‘zbekistonlik 24 yashar Abdurasul Jo‘raboyev, 30 yashar Abror Habibov va qozog‘istonlik 19 yashar Ahror Saidaxmetovni “Islomiy davlat” guruhiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga harakat qilganlik va Turkiya orqali Suriyaga o‘tib “Islomiy davlat” jihodiy guruhiga qo‘shilmoqchi bo‘lganlikda ayblagan edi.

Saidaxmetov 2015 yilning 25 fevralida Nyu Yorkdagi xalqaro aeroportda Turkiyaga uchmoqchi bo‘lganida yonida naqd pul bilan hibsga olingandi.

Sud hujjatlarida aytilishicha, Dilhayot Kosimov Saidaxmetovga pul berganini tan olgan va uning Suriyaga bormoqchi ekanini avvaldan bilganini aytgan.

2017 yilning dekabrida Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida yashab kelgan 22 yashar Ahror Saidaxmetov “Islom davlati” ekstremistik guruhiga moliyaviy yordam berishga uringanlikda aybdor deb topildi va 15 yillik qamoqqa hukm etildi.

Nyu-York prokuraturasining bildirishicha¸ qamoq jazosi o‘tab bo‘linganidan so‘ng Saidaxmetov AQSh hududidan chiqarib yuboriladi.

2017 yilning oktabrida Saidaxmetov bilan hibsga olingan o‘zbekistonlik Abdurasul Jo‘raboyev 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

XS
SM
MD
LG