Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 22:07

Uyiga qaytarilishi bilanoq o‘lgan haydovchi o‘tirgan hibsxona boshlig‘i qamoqqa olindi


Illyustrativ surat

O‘zbekiston tuman (Farg‘ona viloyati) IIB tergov hibsxonasi boshlig‘i va hibsxona noziri mahbus Abdurazzoq Qodirovning o‘limiga aloqadorlikda gumon qilinib, 25 sentabr kechqurun hibsga olindi.

Bu haqda O‘zbekiston tuman IIB xodimi hamda Farg‘ona viloyat prokuraturasi vakili Ozodlikka bildirdi.

Matbuotga gapirish xizmat vakolatiga kirmagani uchun ovozi efirga berilmasligini istagan Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston tuman IIBning ikki xodimi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) va 104-moddasida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan bu ikki zobitning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum.

Ozodlik Beshariq tumanida (Farg‘ona viloyati) “Damas” haydovchisi bo‘lgan 61 yashar Abdurazzoq Qodirov tergov hibsxonasida kaltaklangani ortidan uyida 19 sentabr kuni o‘lgani haqidagi maqolani 23 sentabr kuni e’lon qilgan edi.

Yaqinlarining iddao qilishicha, u o‘limidan bir soat oldin Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasidan olib kelingan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka aytishicha¸ ​Abdurazzoq Qodirov mayda bezorilikda ayblanib 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.​

Tergovga yaqin manbalarning Ozodlikka bildirishicha, bezorilikda ayblanib ma’muriy qamoqqa tashlangan Qodirov “qoramol o‘g‘irligi bo‘yicha jinoyatni o‘z zimmangga olasan, deya kaltaklangani ortidan o‘lgan".

Ozodlikka o‘qib berilgan sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhum tirikligida bo‘yni singan.

- Ikki nafar O‘zbekiston tuman IIB xodimi 18 sentabr, tungi soat 22 da akamizni olib kelib tashlab ketishdi. Ahvoli og‘ir edi. Milisalar ketganidan sal o‘tib joni uzildi¸ - degan edi ismi aytilishidan qo‘rqqan Qodirov yaqinlaridan biri.

Bezorilik uchun qamalgan edi

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka aytishicha¸ “Qodirov Abdurazzoq Nozimovich 2019 yilning 11 sentabr kuni Beshariq tuman hokimiyati binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sud qaroriga binoan MJTKning (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) 183-moddasiga (Mayda bezorilik) asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga” hukm qilingan.

Sud kotibiga ko‘ra¸ o‘sha kuni u O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasiga olib ketilgan.

O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasining xozir qamoqqa olingan boshlig‘i 23 sentabr Qodirov “Hibsxona jurnaliga 10 sutkaga qamaldi” deb yozilgani haqida Ozodlikka bildirgan edi.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ Qodirovning salomatligi yomonlashgani uchun muddatidan ikki kun oldin uyiga eltib qo‘yilgan.

Xozirda qamoqqa olingan IIB tergov hibsxonasi boshlig‘i 23 sentabr kuni Ozodlik savoliga javoban marhum Abdurazzoq Qodirov hibsdaligida unga nisbatan "jismoniy jazo qo‘llanilmaganligini" aytgan edi.

O‘z ismi aytilmasligini istagan O‘zbekiston tumani prokuratura xodimi 23 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda , Abdurazzoq Qodirov “Ikki nafar operlar tarafidan" kaltaklangani haqda aytgan edi.

- Qodirov hibsdaligi paytida bir necha marta hushidan ketgan. Uni kaltaklagan operlar "Tez yordam" chaqirishgan.

O‘zbekiston tuman tibbiyot birlashmasi xodimining Ozodlikka 23 sentabr kuni aytishicha, IIB xibsxonasida jazo o‘tayotgan Qodirov uchun 12 sentabrdan 18 sentabr oralig‘ida uch marta "Tez yordam" chaqirilgani daftarga qayd qilingan.

Qodirovning Ozodlik suhbatlashgan qarindoshi marhumning badani momataloq bo‘lib ketganini iddao qilgan edi.

Ozodlik Qodirov ishini dastlabki bosqichda malakalab sudga oshirgan IIB xodimi bilan ham gaplashgan edi.

Beshariq tuman IIB profilaktika inspektori O‘ktam Sapoxonovga ko‘ra¸ marhum yaqinlarining arizasiga binoan tuman prokuraturasi jasadni eksgumatsiya qilib sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazgan.

Sapoxonov o‘zidagi mavjud ekspertiza hujjatini Ozodlik muxbiriga o‘qib berdi. Hujjatda ta’kidlanishicha, marhumning boshi 4- va 5- raqamli bo‘yin umurtqalaridan travmatik ajralgan (bo‘yin uzilgan - tahr.) Orqa miya lat yeyishi¸ to‘sh suyagining 2- va 3- raqamli qovurg‘alar birikkan joyida yopiq sinish va gematomalar mavjud.

- To‘mtoq jism bilan urilganda sodir bo‘ladigan qontalashlar jasadda mavjudligi yozilgan, - degan edi O‘ktam Sapoxonov​

XS
SM
MD
LG