Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:38

Bog‘otni “qamal” qilib barchani terimga majburlagan hokim jarimaga tortildi


Illyustratsiya
Illyustratsiya

15 sentabrdan boshlab tumandagi barcha shaharcha va qishloqlar aholisi hamda korxonalarning barcha ishchi-xizmatchilari hokim buyrug‘i bilan paxta terimiga safarbar qilingani haqida 20 sentabr kuni Ozodlik yozgani ortidan hokim va yana ikki mulozim jarimaga tortildi.

Bu haqda O‘zbekiston mehnat vazirligining Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha¸ paxta terimiga majburlash holatini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligida yuborilgan ishchi guruh Bog‘ot tumaniga yetib borgan.

O‘rganish natijasida Bog‘ot tumanida haqiqatan mehnat qonunchiligi me’yorlari buzilganligi aniqlangan.

Mexnat vazirligi axborotida ta’kidlanishicha¸ Bog‘ot tuman hokimi O.Xolboyev, Bog‘ot tumani moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov hamda Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 2 230 000 so‘mdan 6 690 000 so‘mgacha, jami 15 610 000 so‘m miqdorda jarima tayinlangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu yil qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun narxlar oshirilib, birinchi terimda – 800 so‘m, ikkinchi terimda – 1200 so‘m to‘lanishi belgilanini eslatib o‘tgan.

Vazirlik fikricha, "Terimchilar uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilyapti".

Paxta terimida ko‘ngilli sifatida qatnashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun terim.uz sayti ishga tushirilgani ham eslatilgan.

Vazirlik eslatmasi: O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling!

Bog‘ot tuman hokimi Oybek Xolboyev
Bog‘ot tuman hokimi Oybek Xolboyev

Quyida Ozodlikning “Bog‘ot hokimi tumanda qamal holati e’lon qildi. Hamma paxtada!” sarlavhasi ostidagi maqolasi bilan yana bir bor tanishishingiz mumkin.

Tumandagi uchta yirik sanoat korxonasi va maktablardan tashqari barcha byudjet idoralariga terim otryadlari tashkil qilish buyurildi.

Bu haqda Bog‘ot tumanida tashkil qilingan terim otryadlaridan biri rahbari 36 yashar Feruzbek Matyoqubov Ozodlikka ma’lum qildi.

Matyoqubovning aytishicha¸ 19 sentabr kuni tuman hokimi Oybek Xolboyev tumandagi 300 ga yaqin fermer xo‘jaligi rahbarlari¸ 12 xududdagi terim otryadlari uchun mas’ullar¸ byudjet idoralari rahbarlarini yig‘ib majlis o‘tkazgan.

Ozodlik suhbatlashgan, ammo xavfsizligini ta’minlashni o‘ylab, ismi aytilishini istamagan fermer ikki soat davom etgan majlis audiosini Ozodlikka jo‘natdi.

Audiodan tuman hokiminiki, deb tushuniladigan ovoz egasi o‘ta qo‘pol tarzda byudjet tashkilotlari, xususan tuman moliya bo‘limi boshlig‘ini kam odamni paxta terimiga safarbar qilgani uchun sensirab haqorat qilgani eshitiladi:

- Yo‘qol bu yerdan, qorangni ko‘rmay! Senga o‘xshagan ming moliya bor. Menga paxta teradigan moliya kerak. Seni ishing hal bo‘ldi. Endi uchirib yuboraman seni. Uchasan endi!

Audioni Ozodlikka jo‘natgan fermerning aytishicha, bu gaplarni va shunga o‘xshash barcha tahdidlarni aynan tuman hokimi Oybek Xolboyev​ aytgan.

Majlis mobaynida tuman hokimi paxta dalasiga 150 o‘rniga 65 terimchi chiqargan “Vatanparvar” tashkiloti rahbariga ham tahdidli dag‘dag‘a qilgani audioyozuvda aks etgan:

- Seni oldin maqtagandim. Sen nima qulmisan? Qulni maqtasang ustinga xojatga chiqadi deyishadi. Nega tashkil qilgan paxta otryadingda odam kam? Yo‘qol bu yerdan!

Majlisda qatnashgan fermerning Ozodlikka aytishicha¸ tuman hokimi o‘zidan kattalarni ham sensirab gapirgan.

Tuman qurshab olindi

Audioyozuvda tuman hokimi Oybek Xolboyev majlisda qatnashayotgan tuman IIB vakillariga paxta terim davrida tumandan hech kim chiqib ketmasligini ta’minlashni talab qiladi:

- Tumandan chiqib ketadigan oltita yo‘l bor. Shu yo‘llardan damaslarda odamlar chiqib ketib turibdi degan xabar keldi. Terim vaqtida hech kim hech yerga chiqmasin! Hamma paxtaga safarbar qilinsin! Oltita yo‘lga ham ertalabdan odam qo‘ying. Milisa bo‘lsangiz siz ham ishlang!

Ikki soatdan oshiq audioyozuvdan ayon bo‘lishicha¸ oy oxiriga qadar Bog‘ot tumanida mutlaq paxta safarbarligi joriy qilinadi:

- Faqat elatda birov o‘lsa qisqa muddatga fotihaga borib kelish uchun ruxsat beraman. To‘y sabab bo‘la olmaydi. Paxtani terib¸ normani topshirgan odam soat yettidan keyin to‘y yoki boshqa joyga bora oladi.

Idoralar yopiq, hamma paxtada

Bog‘ot tumanida tashkil qilingan terim otryadi rahbari Feruzbek Matyoqubovning aytishicha¸ shu kunlarda butun tuman bo‘ylab maktablardan tashqari barcha byudjet xodimlari paxtaga chiqarilgani bois hamma tashkilotlarning eshigiga qulf osilgan:

- Nima qilib bo‘lsang ham terim otryadida odam sonini ta’minlaysan degan voenniy buyruq bo‘ldi. Gurlandan mardikor olib kelib, pul to‘lab, paxta terdirib qo‘yibmiz. Kecha majlisda aytildi. Tumanda 11 ming terimchi bor ekan. Shuning yarmi chetdan yollangan mardikor.

Milisaning o‘rniga uy bekasi paxta termoqda

Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan tuman moliya tashkiloti xodimi safarbarlik ko‘lamini tasvirladi

- Mahallalarga reja qo‘yildi , yordam puli, bola puli oladiganlar mahallaning hisobidan chiqishi shart. O‘zimning o‘rnimga odam tutib qo‘yibman. Bizning kampir, masalan, kuniga 50 ming so‘mga milisalarni o‘rniga chiqib boshladi, bir ikki qo‘shnilar bilan, paxta puliniyam oladi o‘zini eplab. O‘n kun uchun oldindan pul beradilar. Mahalla raislari uyma-uy odamlarni paxtaga quvib yotibdi.

Suhbatdosh, shuningdek, hokim o‘tkazgan majlis yarim tungacha davom etayotgani¸ uyiga yarim tunda kelib, yana ertalab soat 5-6 da terim otryadlarini dalaga chiqargani bois ¸ ham jismonan¸ ham ruhan toliqqanidan shikoyat qiladi:

- Har kuni boshimiz majlisbozlikdan chiqmaydi. Yoqmasa ketinglar¸ yo‘qol deydi, chidab yuribmiz.

Viloyat hokimligi Bog‘otdagi safarbarlikdan bexabarmi?

Ozodlik Bog‘ot tumanidagi kechki majlisdagi dag‘dag‘a va tuman miqyosidagi paxta safarbarligi borasida izoh so‘rab viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limiga murojaat qildi. O‘zini tanishtirmagan mulozim “tuman hokimiga byudjet hodimlariga paxta terdir degan buyruq berilmagan” deya gapni kalta qildi. Shuningdek, mulozim majlisbozlikni kamaytirish haqida tuman hokimlariga tavsiya berilganini ham ta’kidladi:

- O‘tgan yilning 25 avgustida Bosh vazir Abdulla Nig‘matovich kechki majlislar qilmang, deb topshiriq bergan. Marhamat orgotdelga murojaat qilib bu topshiriq ijrosini tekshirishingiz mumkin.

Viloyat hokimligi tashkiliy bo‘limi bilan bog‘lana olmadik.

Bog‘ot tuman hokimligida 20 sentabr kechqurun paxta terimi masalasida yana bir majlis borligini majlisga chaqirilgan mahalliy fermer xabar qildi.

XS
SM
MD
LG