Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 20:48

International Job Organisation orqali xorijga ishga keta olmaganlar pullarini qaytarib berishni talab qilmoqda


Bosh ofisi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan International Job Organisation xususiy bandlik agentligining chet davlatlarda ishga joylab qo‘yish haqidagi va’dalariga ishonib, shu tashkilotga millionlab so‘m to‘lab qo‘ygan o‘nlab o‘zbekistonlik pullarini qaytarib berishni talab qilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, International Job Organisation bandlik agentligi ularni xorijga ishga yuborish va’dasi bilan bozor narxidan to‘rt baravar qimmat narxda kurslar tashkil etib, har biridan bir necha million so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.​

International Job Organisation agentligi rahbari Sherzod Abdurahmonov "shikoyatchilar imtihondan o‘tolmaganlar" ekanini aytdi.

4 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Abdurahmonov yil boshidan buyon chet elga ishga ketish istagida bo‘lgan 3 mingdan ziyod odamga oyiga 400 ming so‘mlik haq evaziga to‘rt oylik til o‘rganish, aksil-terror kurslari tashkil etilgani, imtihondan o‘tgan 323 odam chet elga ketish arafasida turganini qo‘shimcha qildi.

Abdurahmonov imtihondan o‘tolmaganlar ikki yil ichida qayta imtihon topshirib, agentlik orqali chet elga ishga ketish imkoniga egaligini ham aytdi.

Lekin, arzchilarga ko‘ra, "shu paytgacha International Job Organisation agentligi orqali biror odam chet elga ishga ketmagani ma’lum".

Farg‘onalik Adham Shokirov (ismi suhbatdoshning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) International Job Organisation bandlik agentligi tashkil etgan kurslar boshqa til o‘rganish markazlarnikidan to‘rt baravar qimmat bo‘lganini aytdi:

- Haftasiga bir yarim soatdan uch marta bo‘ladigan to‘rt oylik kurs uchun 1 million 600 ming so‘m to‘laganmiz. Koreys tilini o‘rganganmiz. Shundan yaxshiroq o‘qitiladigan kurslar oyiga 90 ming, boring 100 ming so‘m bo‘ladi. Bularniki oyiga 400 ming so‘mdan bo‘lyapti. Bundan tashqari 10 ming so‘m turadigan medosmotrga deb 245 ming so‘mdan olishdi. Men yashaydigan Farg‘onada minglab odam agentlikka shu pulni to‘lagan, hozir chet elga ketolmay yuribdi, agentlik hammamizni laqillatibdi.

O‘zbekistonning Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi o‘nlab arizachilarning Ozodlikka aytishicha, ular O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining litsenziyasiga ega bo‘lgani uchun International Job Organisation bandlik agentligi va’dalariga ishonishgan.

Ammo, Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonliklar va’da qilingan muddat ichida agentlik xorijdan hech kimga ish topib bermagan.

Mana hozir 9 oy o‘tdi hali bu agentlik chet elga pashsha ham uchirgani yo‘q

- Biz bu agentlikka xorijda ishga joylashtirib qo‘ya oladi, deb ishongandik. To‘rt oylik o‘qish tugaganidan keyin 45 kun ichida viza olasizlar deyishgandi. Mana hozir o‘shandan beri 9 oy o‘tdi, hali bu agentlik chet elga pashsha ham uchirgani yo‘q, - deydi farg‘onalik Adham Shokirov.

International Job Organisation agentligi rahbari Sherzod Abdurahmonov Ozodlik bilan suhbatda yil boshidan buyon O‘zbekiston bo‘yicha chet elga ishga ketish istagida bo‘lgan 3 mingdan ziyod odam ularga murojaat qilgani va agentlik tashkil etgan til o‘rganish, aksil-terror kurslarida o‘qiganini aytdi.

Lekin, uning aytishicha, agentlik hech kimga chet davlatga ishga yuborish haqida kafolat bermagan.

Hozir 500tacha odam imtixondan o‘tgan, shulardan 323 nafari bilan uch taraflama shartnoma imzolaganmiz, taklifnomalar olingan, viza olishlari bilan Yaponiya, Polsha, Germaniya, Chexiya kabi davlatlarga jo‘nashadi

- Chet elga yuboramiz, lekin imtihondan o‘tishsa deb aytilgan. Chet elga ketish uchun imtihondan o‘tish kerak-da. O‘zbekistonni chet davlatlarda uyaltirib qo‘ymasliklari uchun ularga shu mamlakat tillarini o‘qitdik, terror guruhlarga qo‘shilib qolmasliklari uchun anti-terror kurslarini tashkil qildik, boradigan mamlakat qonun-qoidalarini, madaniyatini o‘rgatdik. Oyiga 400 ming so‘m olindi. Buning uchun biz malakali o‘qituvchilarni yollaganmiz. Hozir 500tacha odam imtixondan o‘tgan, shulardan 323 nafari bilan uch taraflama shartnoma, chet eldagi ish beruvchi, biz va ishchi o‘rtasida shartnomani imzolaganmiz, taklifnomalar olingan, viza olishlari bilan Yaponiya, Polsha, Germaniya, Chexiya kabi davlatlarga jo‘nashadi, - dedi International Job Organisation rahbari Sherzod Abdurahmonov.

Agentlik rahbariga ko‘ra, International Job Organisation tashkiloti kurslarida o‘qib imtihondan o‘tmaganlar ham ikki yil ichida imtihonni qayta topshirib, chet elga ishga ketish uchun uch taraflama shartnomani imzolashi mumkin:

- Hammasiga kursda o‘qiganliklari haqida sertifikat berilgan. Ularga aytilgan ikki yil ichida qayta topshirishlari haqida.

Shu paytgacha agentlik yordamida chet elga ishga ketgan odam bo‘ldimi, degan savolga tashkilot rahbari shunday javob qildi.

- Faoliyatimizni boshlaganimizga endi to‘qqiz oy bo‘ldi. Ularning ishga ketishidan birinchi navbatda biz manfaatdormiz. Chunki ular ishga joylashsa oyligi miqdorining 10 foizdan 20 foizgacha miqdorini ish beruvchi bizga beradi. Bundan tashqari mamlakat iqtisodi uchun foydali. Oilasiga pul jo‘natib, mamlakatimiz iqtisodi rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz-da. Qolaversa yiliga 3 million 800 ming so‘m evaziga tibbiy sug‘urtasini ham qilib beramiz. Bunaqa pulga hech kim sug‘urtani zimmasiga olmaydi. Bizga kurslardan foyda yo‘q, biz uzoqni ko‘zlab ish qilyapmiz, chet elga ishga joylashishsa shuni o‘zi foyda bo‘ladi bizga, - dedi Abdurahmonov, lekin savolga aniq javob bermadi.

Ozodlik mazkur masala yuzasidan izoh olish maqsadida International Job Organisation tashkilotiga litsenziya bergan O‘zbekiston Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi bilan bog‘landi.

Vazirlik matbuot xizmati vakili bu borada tez orada rasmiy izoh berilishini aytdi.

International Job Organisation tashkiloti O‘zbekistonda norozilikka sabab bo‘layotgan yagona hususiy bandlik agentligi emas.

Bundan oldin Germaniya, Chexiya, Turkiya kabi mamlakatlarga ishga yuborish va’dasi bilan fuqarolardan 35 million so‘mdan pul olgan Human xususiy bandlik agentligi janjal markazida qolgan edi.

Shu oy boshida Human agentligi litsenziyasi tugatildi.

International Job Organisation agentligi rahbari Sherzod Abdurahmonov boshqa bandlik idoralari muammolarga duch kelgani sabab ularga ham ishonchsizlik kuchayganini aytdi:

- Odamlardan o‘ttiz millionlab so‘mlarni olib yillardan beri chet elga yuboraolmay yurgan tashkilotlar deb bizga ham ishonchsizlik bo‘lyapti, lekin biz albatta mijozlarimiz ishonchini qozonamiz.

Avgust oyida O‘zbekistonda ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan Toshkent, Samarqand, Navoiy va Farg‘ona viloyatidagi 8 ta xususiy agentlik faoliyati taftish etilgani xabari chiqqandi.

Bu agentliklar ishga joylashtirish uchun odamlardan 100 foiz to‘lovni undirib, va’dasini bajarmaganlikda, grajdanlar xususiy agentlikdan pulini qaytarishni talab qilsa, mablag‘ qaytarilmayapti yoki xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da mablag‘ning bir qismi ushlab qolinayotganlikda ayblangan edi.

XS
SM
MD
LG