Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2019, Тошкент вақти: 13:50

Turkiyaning Suriyadagi amaliyoti: Ikkinchi kunda shiddatli to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgani xabar qilindi


Suriya hududidagi Turkiya kuchlari zarbalari tekkan joylardan tutun ko‘kka o‘rlamoqda. 2019, 9 oktabr.

Turkiyaning quruqlikdagi qo‘shinlari Suriya shimolida kurdlar boshqaruvidagi hududlarda 9 oktabrda boshlagan harbiy yurishini davom ettirmoqda. Turkiya armiyasi amaliyot boshlanganidan beri 181 ob’ekt havodan va gaubitsa to‘plari bilan nishonga olinganini ma’lum qildi.

Kurdlar yetakchiligidagi Suriya demokratik kuchlari (SDK) esa chegaradagi qishloqlarda shiddatli to‘qnashuvlar sodir bo‘layotganini bildirdi.

SDKga ko‘ra, Ras Al-Ayn hamda Tal Abyad shaharlarida turk qo‘shinlari to‘xtatib qolingan.

Suriyadagi kurdlar yetakchiligidagi rasmiylar Turkiyani Qamishlida “Islom davlati” jangarilari ushlab turilayotgan qamoqxonani atayin nishonga olishda aybladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g‘on amaliyotning maqsadi Suriya shimolida kurd jangarilaridan ozod “xavfsizlik zonasini” yaratish ekanligini aytmoqda. Shuningdek, Turkiya ushbu zonaga suriyalik qochqinlarni ham joylashtirmoqchi.

Amaliyot AQSh prezidenti Donald Tramp Anqara rejasiga qarshi emasligini aytib, hududdan AQSh qo‘shinlarini olib chiqishni buyurishi ortidan boshlandi. Trampning ushbu qarori AQShda ham, xorijda ham keskin tanqid qilinmoqda.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh Turkiyaga ushbu amaliyotni amalga oshirishga zamin yaratib bergani haqidagi iddaolarni “yolg‘on” deb atadi va Vashington Turkiya rejasini qo‘llaganini rad etdi.

Kotib Turkiya “tushunsa bo‘ladigan xavfsizlik xavotirlariga” ega ekanligini, mamlakat janubida “terrorchilar xavfi” borligini qo‘shimcha qildi.

15 a’zoga ega BMT Xavfsizlik kengashi 10 oktabr kuni uchrashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi.

22 davlatni birlashtiruvchi Arab ligasi ham 12 oktabr kuni Qohirada navbatdan tashqari yig‘in o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

9 oktabr kuni AQSh senatorlari demokratlar va respublikachilar Turkiyaning yuqori lavozimli siyosatchilari, jumladan, prezident Erdog‘onga qarshi sanksiya joriy qilish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilishdi.

Qonun yuqori lavozimli siyosatchilarning mulklarini muzlatib qo‘yishi va ularning sayohat qilishiga cheklov qo‘yishi kutilmoqda. Shuningdek, AFP agentligi qonun Anqaraga qurol-aslaha sotishni man qilishini xabar qildi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans a’zosi Turkiyaning “xavfsizlik xavotirlarini tushunsa bo‘ladi” dedi, ammo Anqara “mintaqani beqarorlashtiruvchi” choralarni ko‘rmasligi kerakligini ta’kidladi.

BMT Xavfsizlik kengashi prezidenti, Janubiy Afrika elchisi Metyus Matdjila Turkiyani fuqarolarni himoya qilishga chaqirdi.

Yevropa Komissiyasining iste’foga chiqish arafasidagi yetakchisi Jan-Klod Yunker ham Anqarani vazminlikka chaqirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, prezident Erdog‘on bilan telefon orqali suhbatlashib, Suriyaga amaliyotni boshlashdan avval “yaxshilab o‘ylab olishga” undadi.

Kreml e’lon qilgan bayonotda “Putin Turkiyadagi hamkorlarni Suriya bo‘hronini hal qilishga qaratilgan umumiy harakatlarga ziyon yetkazmaslik uchun vaziyat haqida yaxshilab o‘ylab olishga chaqiradi” deyiladi.

Turkiya 9 oktabr kuni o‘z harbiy yurishini boshlashidan oldin kurd qo‘shinlari boshqaruvidagi hududlarga havodan hamda artilleriya qurollari bilan hujum qildi. Turkiya hujumlaridan hozirga qadar kamida 15 nafar odam halok bo‘lgani xabar qilindi.

Turkiya terrorchilar deb hisoblovchi kurd jangchilariga hujum qilishini bir necha oydan beri aytib kelayotgan edi.

XS
SM
MD
LG