Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:35

Bir kunda uch qizidan ayrilgan ota: "Aybdorlar qolib, aybsiz vrachlarni qamashdi"


Muxlisa, Munisa va Mohira Qosimovalar

2017 yilda bir kunda uch farzandi nobud bo‘lgan toshkentlik Ziyovuddin Mo‘minov qizlari o‘limi yuzasidan oldin chiqarilgan xulosa-tashhislar xato bo‘lib chiqqanini aytmoqda.

Ziyovuddin Mo‘minov qizlarining o‘limi uchun "Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi Jonlantirish bo‘limi mudiri Husan Giyasov va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Toshkent shahar filiali boshlig‘i Alisher Iskandarovlar javobgarlikka tortilmay qolayotganidan" shikoyat qildi.

2018 yilning oktabrida Olmazor tumanidagi 21- oilaviy poliklinika bosh shifokori Gulchehra Odilova va vrach-pediatr Nodir To‘laganovlar uch opa-singilning o‘limida aybdor deb topilgan va jinoiy javobgarlikka tortilgandi.

Toshkentlik ota qizlarining poliklinika vrachlari tayinlagan doridan emas, ovqatdan zaharlanganini aytmoqda, ya’ni otaning iddaosicha, jazolangan poliklinika vrachlarining qizlari o‘limiga aloqasi yo‘q.

“Bir kunda uch farzandimdan ayrildim”

2017 yilning 8 noyabrida Toshkentning Olmazor tumanida yashovchi 35 yashar Ziyovuddin Mo‘minovning 7 yashar Munisa, 6 yashar Muhlisa va 4 yashar Mohira ismli qizlari o‘zlarini yomon his eta boshlagan.

Ziyovuddinning Ozodlikka aytishicha, qizlar kechasi bilan qusib chiqqan va ertalab mahalliy poliklinikada yozib berilgan dori-darmon ularning ahvolini yaxshilamagan:

- Kechga yaqin ayolim 5-6 larda telefon qilib, bolalar qusayotganini aytdi. Kelib bolalarni pediatriya bolnitsasiga olib bordim. O‘sha paytda eng kichkina qizimning ahvoli og‘irlashib qoluvdi. Reanimatsiyada hamma narsa qilishdi, lekin qizimni asrab qolisha olmadi. Men qabulxonaga yugurib kelsam, ikki qizimni “Tez yordam” mashinasiga chiqarib qo‘yishibdi. Nodir degan vrach ularni infeksiya kasalxonasiga yuborayotganini aytdi.

Ziyovuddin Mo‘minovning aytishicha, u kichkina qizini shahar o‘likxonasiga olib borib, Toshkent shahar Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar kasalxonasiga qolgan qizlari ortidan yetib boradi.

Munisa, Muxlisa va Mohira 7,6 va 4 yoshda bo‘lgan
Munisa, Muxlisa va Mohira 7,6 va 4 yoshda bo‘lgan

Biroq u yerda unga yana bir mash’um xabarni yetkazishdi:

- Do‘xtirlar xonasidan ikki vrach chiqib, “Katta qizingiz olamdan o‘tdi”, dedi. Oyog‘im qaltirab, mazam qochib qoldi. Soat 1 larda, tunda olamdan o‘tibdi. O‘rtancha qizimning oldiga kirsam, “Ada, uyga olib keting!”, dedi. Men ertaga olib ketishimni aytdim. Qo‘lida bitta kapelnitsa, apparatga ulanmagan ekan. Do‘xtirga “Nima kerak bo‘lsa qilaman bitta qizimni asrab qolgin!” deb yolvordim.

Klinikaning Jonlantirish bo‘limi mudiri Husan Giyasov qizlar ovqatdanmas, doridan zaharlanganini ota-onasiga bildirgan. U 16- shahar shifoxonasidan toksikolog chaqirtirgani, ammo u kelmaganini aytgan.

Ziyovudinning aytishicha, toksikolog vrach tungi soat 3:30 larda kelgan, ammo uchinchi qiz ham nobud bo‘lgan:

- Ukam bu qizim ham o‘lib qolganini aytdi. Bir kechada uchta farzandimdan ayrildim! Ertalabgacha yozuv-chizuv bo‘ldi, ertalab yana ikkita bolamni o‘likxonaga olib bordim. Munisa, Muxlisa va Mohira 7,6 va 4 yoshda bo‘lgan. Javobgarlikka kasalxona emas, poliklinika vrachlari tortildi!

Poliklinika shifokorlari aybdor deb topilgan

Olib borilgan tekshiruvlar natijasida tergovchilar Olmazor poliklinikasi shifokorlari va pediatrlarini aybdor topgan va jinoiy jazoga tortgan.

Toshkent shahar prokuraturasi ochgan jinoyat ishi bo‘yicha 2018 yilning oktabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi JK 116- moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4- qismi; bandi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1 va 3- qismi bilan Olmazor tumanidagi 21- oilaviy poliklinika Bosh shifokori Gulchehra Odilovani 5 yilu 1 oy va vrach-pediatr Nodir To‘laganovni JK 116- moddasi 4- qismi bilan muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Biroq marhum qizlar otasining iddao qilishicha, poliklinika vrachlari aybsiz qamalgan, ayb Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi vrachlaridadir. Ziyovuddin Mo‘minov bunday da’vo bilan Toshkent shahar va Uchtepa tuman prokuraturasiga arz qilgan.

Prokuratura: Epidemiologiya... klinikasi vrachlari harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q!

Toshkent shahar prokuraturasining shikoyatchiga 2019 yil, 20 avgustdagi xatida bildirishicha, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi Jonlantirish bo‘limi mudiri Husan Giyasov harakatlari ustidan 2018 yilning 21 iyunida tekshiruv o‘tkazilgan, lekin uning harakatlarida jinoyat alomati topmagan.

Toshkent shahar prokuraturasi javobi
Toshkent shahar prokuraturasi javobi

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Toshkent shahar filiali boshlig‘i Alisher Iskandarov uchala marhum qizdan olingan biologik materiallar ekspertizasi xulosasini imzolagan. Xulosada qizlar Enam preparatidan zaharlanib o‘lgani aytilgan.

Oldinroq, Toshkent prokuraturasi rasmiysi Bobur Dehqonov uch opa-singil o‘limi yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi qizlar arterial qon bosimini pasaytirib yuboruvchi dori iste’mol qilgani oqibatida organizmning intoksikatsiyasi va yurak-qon tomir yetishmovchiligi yuzaga kelganidan vafot etganlarini bildirgan edi.

Sud materiallarida Uchtepa vrachi Husan Giyasov o‘z ko‘rsatmalarida Qosimova Muxlisaga Sebazol dorisini 0,5 mg miqdorida qilganligini bayon qilsada, o‘tkazilgan ekspertizada qizlarda psixotrop modda aniqlanmaganini ko‘rish mumkin.

Sudyaning prokuraturaga yuborgan javob xati
Sudyaning prokuraturaga yuborgan javob xati

“Ishni dastlabki instansiyada ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi Muso Yusupov Uchtepa vrachlarining aniqlangan xatolariga baho berishni so‘rab tuman prokuraturasiga maxsus bildirishnoma yuborgan. Bu Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasida Qosimova Munisa va Muxlisalarga reanimatsion yordam to‘liq hajmda ko‘rsatilmaganligini anglatadi”, deb yozadi sudya Muso Yusupov Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari S.A.Berdialiyev nomiga yuborgan xatida.

Mustaqil kimyoviy ekspertiza Muhlisa, Munisa va Mohira qatiq va go‘shtda topilgan “ichak tayoqchasi”dan nobud bo‘lganini aniqlagan.

Men qizlarim o‘limiga aloqadorlar jazolanishini istayman!

Ziyovuddin Mo‘minov "Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi Jonlantirish bo‘limi mudiri X.Giyasovning otasi oldin Toshkent shahar sud-tibbiy ekspertiza markazida rahbar bo‘lgan va bu idora uning “orqasini yopishga” uringan", deya iddao qildi.

Mo‘minovlar huquqlarini sudlarda himoya qilib kelayotgan advokat Yoqutxon Xudoyorova ular deyarli barcha idoralarga arz qilganini aytdi:

- Asosiy xato qilgan vrachga nisbatan hech qanday jazo ko‘rilmagan - u guvoh sifatida o‘tgan. Biz ana shu ustidan shikoyat qilib yuribmiz, lekin chora ko‘rilmayapti! Bolalarning o‘limiga deyarli aloqasi bo‘lmagan vrachlar javobgarlikka tortildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Ziyovuddin Mo‘minovning fikricha, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga keltirilgan ikki qizi hayotini saqlab qolishga vaqt yetarli bo‘lgan:

- Farzandlarim hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lgan ekan! Men Uchtepa kasalxonasi do‘xtirlari loqaydligi uchun,sud-tibbiy ekspertiza boshlig‘i A.I. yolg‘on ko‘rsatma berib, qizlarimni oxirgi qon tahlillarini yo‘q qilvorgani uchun javobgarlikka tortilishini xohlayman.

Ziyovuddin prokuratura tergovchilari unga ham bosim o‘tkazishga va “bolalar Enam dorisini ko‘p iste’mol qilgani uchun nobud bo‘ldi”, deb ko‘rsatmalarini o‘zgartirishga majburlanganini aytdi.

Toshkentlik Ziyovuddin Mo‘minov 3 farzandi o‘limida ayblayotgan shifokorlarni javobgarlikka tortish uchun kurashishni davom etishini bildirdi.

Ozodlik muxbiri Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar klinikasi Jonlantirish bo‘limi mudiri Husan Giyasov​ va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Toshkent shahar filiali boshlig‘i Alisher Iskandarov bilan telefon orqali bir necha kun bog‘lanishga urindi, lekin bog‘lana olmadi. Ozodlik Husan Giyasovning ham, Alisher Iskandarovning ham Ziyovuddin Mo‘minovning iddaolariga munosabatini eshitishga va jamoatchilikka eshittirishga tayyor.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG