Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2019, Тошкент вақти: 13:44

AQSh: Oq dengizidagi portlashga suvga qulagan rus yadroviy raketasi sabab bo‘lgan


AQSh Davlat departamenti rasmiysining bildirishicha, avgustda Oq dengizda sodir bo‘lgan sirli portlash - Rossiyaning yadro dvigateliga ega qanotli raketani suv ostidan olib chiqish amaliyoti paytida sodir bo‘lgan, degan xulosaga kelingan.

8 avgust kungi portlash ortidan tahlilchilar unga nima sabab bo‘lganini aniqlash uchun bosh qotira boshlagan edi.

Rossiya federal va mahalliy rasmiylari esa portlash haqida bir-biriga zid bayonotlar berdi.

Xabarlarga ko‘ra, 10 oktabr kuni BMT qo‘mitasida so‘zlagan AQSh davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Tomas Dinanno:

- Qo‘shma Shtatlar portlash - rus yadroviy qanotli raketasini dengiz tubidan olib chiqish davomida sodir bo‘lgan yadroviy reaksiya natijasida yuzaga kelganini xulosa qildi, - degan.

Avvalroq Ozodlik Nyonoksa sinov poligonida sodir bo‘lgan portlash haqida hisobot tayyorlagan va ayni xulosaga kelgan edi.

- Raketa Oq dengiz tubida, yirik aholi punktiga yaqin joyda o‘tgan yilning boshida muvaffaqiyatsiz yakunlangan sinovdan beri yotgan bo‘lgan, - degan Dinanno.

AQShning 8 avgust kuni sodir bo‘lgan hodisa haqida o‘z razvedkasi xulosalarini nima sababdan bugunga kelib oshkor qilayotgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Nyonoksa shaharchasidan 30 km. sharqda joylashgan Severodvinsk shahrida portlash haqida ilk xabarlar paydo bo‘lishi bilanoq dorixonalardagi barcha yod tomchilari talash bo‘lib ketdi. Ma’lumki, yod qalqonsimon bezni radiatsiyadan himoyalash uchun ilk vosita o‘laroq qabul qilinadi.

Severodvinsk yirik portga ega bo‘lib, shaharda kemasozlik sanoati rivojlangan. Shaharda Rossiya harbiy-dengiz floti uchun yadroviy suvosti kemalari quriladi.

Portlash sodir bo‘lgan kun Rossiya Mudofaa vazirligi halokat sodir bo‘lganini tasdiqladi va ikki odam halok bo‘lganini bildirdi.

Ikki kun o‘tib, “Rosatom” raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazayotgan besh nafar xodimi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Portlash ortidan Rosgidromet 8 avgustda Severodvinskdagi gamma-nurlanish me’yordagidan 4 – 16 barobar baland ekanini ma’lum qildi. Ammo TASS “Rosatom” agentligiga asoslanib, radiatsiya darajasi odamlar hayoti uchun xavfsiz ekani to‘g‘risida yozdi.

Ayrim kuzatuvchilar portlash prezident Vladimir Putin o‘tgan yili maqtangan yangicha yadroviy raketa loyihasi bilan bog‘liq ekanini taxmin qildi.

Xabarlarga ko‘ra, “Burevestnik” nomi berilgan raketa sinovlari bir necha marta muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Putin portlash yangi qurol sinovi davomida sodir bo‘lganini aytdi, ammo boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi. Putin rahbarligidagi Rossiya o‘zining yadroviy qurollar arsenali hamda harbiy tizimlarini takomillashtirib kelmoqda.

Portlashdan keyingi haftalarda Nyonoksa shaharchasi turg‘unlari hodisa haqida ma’lumot bermagan rasmiylarni tanqid qildi. Shaharcha sohillarida portlagan qurol bo‘laklariga o‘xshash chiqindilar paydo bo‘lgani mahalliy aholi g‘azabini yanada kuchaytirdi.

O‘tgan oyda Ozodlik muxbirining mahalliy aholi shikoyatlari haqidagi savoliga “Rosatom” rasmiysi:

- “Rosatom” maxfiy mudofaa kontraktlari hamda harbiy sinovlarni sharhlashga qodir emas, - deyish bilan cheklandi.

Dinanno AQShning sinov haqidagi xulosalarini BMT qoshidagi Birinchi qo‘mitaning Nyu-Yorkdagi yig‘inida ma’lum qildi.

Ushbu qo‘mita BMTning olti qo‘mitasidan biri bo‘lib, qurolsizlantirish hamda qurollar ko‘lamini nazorat qilish masalalari uchun mas’uldir.

XS
SM
MD
LG