Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:21

Jahongir Otajonovning litsenziyasi bugundan bekor qilindi


Atajanov Jahongir Saparbayevich nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 7422-son litsenziyaning amal qilishi 2019 yil 14 oktabr kunidan tugatiladi.

Bu haqda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi xabar qildi. Muassasa, shuningdek, "xonanda J.Atajanovga konsert-tomosha, to‘y-yubiley va boshqa tantanalarda litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatsa qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishini" eslatgan.

O‘z qarorini izohlar ekan, "O‘zbekkonsert" 14 oktabr kungi bayonotida bularni yozgan:

"So‘nggi vaqtlarda Jaxongir Atajanov mas’uliyatni biroz unutib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi. Joriy yilning may oyi ya’ni muborak Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jaxongir Atajanov tomonidan san’atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan nomunosib harakatlar kuzatilgandi. Bu shunchaki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadidami yoki boshqa maqsaddami, baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bunday ko‘rinish yoshlar orasida, jamoatchilik o‘rtasida san’at ahli to‘g‘risida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmagan edi.

2019 yil 9 oktabr kuni “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan “Munosabat” tok-shousining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 14 sentabr kuni “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosiga bag‘ishlangan sonida studiya monitorida to‘ylardan olingan ayrim lavhalar muhokama qilindi. Bu lavhada xonanda Jaxongir Atajonov bilan bog‘liq tasvirlar ham aks etib, ishtirokchilar bunga salbiy munosabatlarini bildirishdi. Ushbu ko‘rsatuvdan so‘ng joriy yilning 11 oktabr kuni “Qalampir.uz” saytida “Jamoatchilik xonanda Jaxongir Atajonovning litsenziyasini olib qo‘yishni talab qilyapti” mavzusida maqola e’lon qilindi. Mazkur maqola ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shunga qaramasdan, xonanda J.Atajanov jamoatchilik e’tirozidan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, “Ollaring mani litsenziyamni, maza qillaring, agar shu bilan madaniyatli bo‘lsalaring. Man xursand bo‘laman... xalq madaniyatli bo‘lib ketib qolsa shu bilan...” qabilida turli fikrlar bildirdi. Xonandaning ushbu chiqishi ijtimoiy tarmoq orqali yoshlar orasida va jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmadi. Xonanda o‘zining ma’naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan bu kabi nomunosib harakatlari orqali Muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, litsenziat J.Atajanov bilan tuzilgan litsenziya bitimida mavjud talablar va shartlar muntazam ravishda buzilganligini inobatga olib, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asoslanib, Atajanov Jaxongir Saparbayevich nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 7422-son litsenziyaning amal qilishi 2019 yil 14 oktabr kunidan tugatiladi. Shu o‘rinda xonanda J.Atajanovga konsert-tomosha, to‘y-yubiley va boshqa tantanalarda litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tamiz.

Shu bilan bir qatorda, barcha san’at ahlini ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga zid turli xil bema’ni so‘zlarni tarqatmaslik, jamoatchilik o‘rtasida san’atkorlarga nisbatan noo‘rin munosabat shakllantirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari borasida ogohlantiramiz" deyilgan "O‘zbekkonsert" bayonotida.

  • Jahongir Otajonovning litsenziyasi masalasi joriy yil yozida ham ko‘tarilgan, o‘shanda O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda xonanda Jahongir Otajonovning jazolangani borasidagi iddaolari asossizligini bildirgan edi.
XS
SM
MD
LG