Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 01:26

Suriyadagi o‘zbekistonlik ayollar Asad armiyasiga asir tushishdan qo‘rqmoqda


Suriyadagi Roj lagerida qolayotgan IShIDchi o‘zbekistonlik ayollarning bolalari, 2019 yil, iyun.

Suriya shimoli-sharqidagi “Al-Xol” va "Roj" lagerlarida saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayollar prezident Asad armiyasiga asir tushishdan qo‘rqmoqda.

Ozodlikka bog‘langan bir necha ayolning aytishicha, Turkiyaning bu mintaqadagi harbiy amaliyoti boshlangach, kurdlar nazorat qilayotgan lagerlarda komendantlik soati joriy qilingan.

Bu ayollar lagerni nazorat qilayotgan kurd askarlarining Suriya armiyasi bilan kelishuvi haqidagi xabarlar ortidan, o‘zlarining Asad armiyasiga sotib yuborilishidan vahimaga tushib qolganini aytmoqda.

Lagerlarda komendantlik soati

“Al-Xol” lagerida qolayotgan o‘zbekistonlik ayolning Ozodlikka bildirishicha, Turkiya armiyasining kurd qurolli tuzilmalariga qarshi amaliyoti boshlanganidan buyon lagerda komendantlik soati joriy qilingan.

Ismini sir saqlashni so‘ragan ayolga ko‘ra, 13 oktabr oqshomida Kurd qurolli guruhlarining Suriya armiyasi bilan kelishuvga erishgani haqidagi xabar lagerda yoyilgan:

"Hammamiz qo‘rqib qoldik. Hozir kurdlar Davlada bo‘lganlarni (Islom davlati terror guruhiga a’zo bo‘lganlar - tahr.) Asadga sotarmish, degan gap yuribdi".

Shuningdek, "Roj" lageridagi bir necha o‘zbekistonlik ayol ham ayni vahima urchiganini aytmoqda:

"Hozir Turkiya bombardimonlarining ovozi eshitilayapti bizga. Turklar tezroq kelsayu lagerni qo‘lga olsa, deb kutyapmiz. Ungacha kurdlar bizni Asad armiyasiga berib yuborsa - bolalarimiz bilan birga ularning qo‘lida o‘lib ketamiz", - dedi "Roj" lagerida saqlanayotgan va ismini sir tutgan yana bir ayol.

Bu ayollarning aytishicha, “Al-Xol” lageridagi o‘zbekistonlik ayollar soni 50 atrofida, bolalar soni 100 dan ortiq; "Roj" lagerida esa ayollar soni 30 dan ortiq, bolalar soni 100 ga yaqin. (Hozircha bu ayollar bergan raqamlarni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot Ozodlikda yo‘q)

"Roj" lageridagi ayollarning aytishicha, O‘zbekiston hukumati Suriyadagi ayollar va bolalarni qaytarish rejasini e’lon qilgach, bu lagerdagi o‘zbekistonliklar soni ortgan. Ularga ko‘ra, ​avvaliga o‘zini Turkiya, Qirg‘iziston vatandoshi, deb ro‘yxatga oldirgan ayollar keyinchalik o‘zbekistonlik ekanini ochiqlagan.

Bu ayollar "Islom davlati" (ID) terror guruhiga a’zo bo‘lgan jangarilarining xotinlaridir. Ularning asosiy qismi ID bilan xalqaro koalitsiya kuchlarining Suriyadagi so‘ng janglari paytida asir olingan yoki o‘z ixtiyori bilan Kurd qurolli guruhlariga taslim bo‘lgan.

Shu yilning 3 mayida bu lagerlarni nazorat qilayotgan "Suriya demokratik kuchlari" (SDK) guruhi vakili Salah Kemin lagerga o‘zi kelib taslim bo‘lgan yoki janglarda qatnashmaganiga ishonilgan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlariga rasmiy maktublar jo‘natilganini aytgandi.

Kurdlarning Suriya armiyasi bilan kelishuvi

14 oktabr kuni SDK qurolli guruhi Rossiya vositachiligida prezident Bashar Asaddan harbiy yordam olishga majbur qolganini bildirdi.

SDK vakili Aldar Xalilga ko‘ra, hozirgi muzokaralarda Suriya armiyasi qo‘shinlarini chegaraga joylashtirish masalasi ko‘rilgan va bundan asosiy maqsad Turkiya armiyasining Suriya shimoli-sharqiga hujumini to‘xtatishdir.

Shuningdek, 14 oktabr kuni AQSh mudofaa vazirligi Suriya shimolidan o‘zining barcha harbiylarini evakuatsiya qila boshlaganini bildirdi.

Bu xabarlar ortidan Suriya hududidagi lagerlarda saqlanayotganlar - ID safida Suriya armiyasiga qarshi jang qilgan o‘zbekistonlik jangarilarning ayollari tahlikaga tushib qolgan.

"O‘zbekistonga qaytamiz, deb rosa umid qilayotgandik. Iyundan beri ikkinchi partiyani O‘zbekistonga olib ketishadi, deb kutayotgan edik", dedi "Al-Xol" lagerida saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayol.

O‘zbekistonliklarni qaytarish

O‘zbekiston hukumati shu yilning 30 mayida o‘zbekistonlik 156 ayol va bolani "Mehr" insonparvarlik operatsiyasi doirasida Toshkentga qaytargan edi.

10 oktabr kuni IDga aloqadorlikda gumon qilinib yoki ayblanib, Iroqda qamoqqa tashlangan o‘zbekistonlik ayollarning 64 bolasi maxsus reys bilan Toshkentga qaytarildi.

Shu yilning iyulida, Toshkent rasmiylari, Suriyada qolayotgan 177 nafar vatandoshini qaytarish uchun ikkinchi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan, sentabr oxirida o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashida esa xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan:

"Suriyadan 170 kishi qaytib kelishini kutmoqdamiz. Shu ma’noda, bizga xalqaro tashkilotlar va Yaqin Sharqdagi jarayonlarda bevosita ishtirok etayotgan davlatlar yordami kerak. Bu, birinchi navbatda, Xavfsizlik kengashining bu yerda yig‘ilgan doimiy a’zolari tomonidan ko‘rsatiladigan yordamga aloqador. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz", degan edi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 28 sentabrda.

Suriya shimolidagi vaziyat

Shu yilning 8 oktabridan boshlab, Turkiya Suriya shimolida harbiy amaliyot boshladi.

Bu hududdagi xavfsizlikni AQSh harbiylari nazorat qilayotgan edi. 14 oktabrdan AQSh o‘z harbiylarini bu hududdan olib chiqishni boshladi. Ayni paytda, AQSh Turkiya hukumatining bu mintaqada quruqlikdagi harbiy amaliyotiga rozilik berarkan, tinch aholiga zarar yetkazmaslik shartini qo‘ydi.

Garchi, terrorchi guruhlarni o‘z chegarasidan nari quvishini aytgan bo‘lsa-da, so‘nggi 6 kun ichida, Turkiya qo‘shinlarining Suriyaning shimoliy chegaralaridan ichkariga ilgarilashni rejalayotganidan xavotirlar tilga olinmoqda.

Xususan, AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Turkiya rejalanganidan kattaroq hududga bostirib kirishni ko‘zlayotganini aytdi.

Ma’lumki, Anqara SDK Turkiyada kurdlar mustaqilligi uchun kurashib kelgan “Kurdiston ishchi partiyasi”ning bir tarmog‘i ekanini iddao qilib keladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning Suriyadagi amaliyoti tufayli 130 ming odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

SDK guruhi bergan ma’lumotga ko‘ra, ularning nazoratidagi qamoqxonalarda ID ekstremistik guruhiga aloqador ko‘rilgan jami 12 ming erkak bor. Bularning kamida 4 mingi chet el fuqarolaridir. Qamoqxonalarning bir qismi esa Turkiya bilan chegara yaqinida.

Shuningdek, harbiy amaliyotlar hududida qolib ketishi taxmin qilinayotgan 3 lager - "Roj", "Ayn-Issa" va "Al-Xol" lagerlarida qamoqqa tashlangan jangarilarning oilalari saqlanmoqda.

2019 yilning mayida SDK bergan ma’lumotga ko‘ra, "Roj" lagerida 1700, "Ayn-Issa"da 12 900, "Al-Xol" lagerida esa 68 ming odam (94 foizi ayollar va bolalar) saqlanayotgan edi. Lagerdagi chet ellik shaxslar soni esa 11 ming atrofida ekani aytilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG